1-MDH o‘yinlarida medallarimiz soni 59 taga yetdi

1-MDH o‘yinlarida medallarimiz soni 59 taga yetdi

Tatariston poytaxti Qozonda bo‘lib o‘tayotgan 1-MDH o‘yinlaridan bugungi kungacha basketbol(3x3), boks, belbog‘li kurash, kurash, sambo,erkin va yunon-rum kurashi bellashuvlari poyoniga yetganidan xabaringiz bor.
Bugun 8 sentyabr kuni tay-boks, badminton, miltiqdan va stentdan o‘q otish, sport raqsi yo‘nalishlarida medallar uchun bahslar bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekistonlik sportchilar asosiy yo‘nalishlarda medallarga da’vogarlik qilishmoqda. Shuningdek, bugun kun davomida futzal bo‘yicha “A” va “V” guruhlarida saralash musobaqalari bo‘lib o‘tadi. Aytish lozimki, qur’a natijasiga ko‘ra, “A” guruhida Rossiya, O‘zbekiston, Moldova jamoalari o‘rin egallashgan. “V” guruhidan esa Belarus, Ozarbayjon, Qirg‘iziston joy olgan.

Kecha Belarus jamoasi Ozarbayjon futzalchilarini 6:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, Rossiya –Moldova o‘yini 16:3 hisobida yakunlandi.

Bugun 8 sentyabr kuni Qirg‘iziston-Belarus va Rossiya- O‘zbekiston o‘yini bo‘lib o‘tadi. Ertaga 9 sentyabr kuni esa Ozarbayjon-Qirg‘iziston, O‘zbekiston-Moldova bahsi o‘tkaziladi.

Hozircha “A” va “V” guruhlarida bittadan o‘yinni o‘z foydalariga hal qilgan rossiyalik va belaruslik yosh futzalchilar peshqadamlik qilishmoqda. Futzal musobaqasining g‘olib va sovrindorlari nomi 11 sentyabrda aniqlanadi.

1-MDH o‘yinlarining bugun 8 sentyabrning birinchi yarmigacha bo‘lgan vaqtda medallar jamg‘arish bo‘yicha Rossiya 105 ta medallar shodasi bilan 1-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, 59 medalga ega bo‘lgan O‘zbekiston yosh sportchilari oltin medallar hisobida 2-o‘rinni egallab turibdi. Vakillarimizdan keyingi o‘rinlarni Ozarbayjon, Qozog‘iston va Belarus vakillari band etishgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!