«Yoshlar turizmi haftaligi»: yarim milliondan ortiq o‘quvchi, talaba va yoshlarning sayohatlari tashkil etildi

«Yoshlar turizmi haftaligi»: yarim milliondan ortiq o‘quvchi, talaba va yoshlarning sayohatlari tashkil etildi

Betakror yurtimiz o‘zining tarixiy, madaniy meros ob’ektlari, go‘zal tabiati va iqlimi bilan hamisha sayyohlarni jalb etib keladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish, uni iqtisodiyotning strategik sektoriga aylantirish, hali to‘la foydalanilmagan sayyohlik salohiyati imkoniyatlaridan keng foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni jadallashtirish borasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qator yig‘ilishlar o‘tkazilayotgani, sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar qabul qilinib, dolzarb vazifalar belgilab berilayotgani alohida ahamiyatga ega.

Jumladan, shu yil 30 aprelda qabul qilingan “Ichki turizm xizmatlarini diversifikasiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorida ichki turizm xizmatlarini diversifikasiya qilish va hajmini keskin ko‘paytirish, fuqarolarni mamlakatimizning turizm salohiyati bilan tanishtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, taqdim etilayotgan turizm xizmatlari sifatini yaxshilash va jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan qator vazifalar o‘z aksini topgan. Xususan, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida ko‘plab maqsad-vazifalar belgilab berildi.

Mazkur qarorga ko‘ra, 2023 yildan boshlab esa yanvar oyining birinchi dekadasi va mart oyining uchinchi dekadasida “Yoshlar turizmi haftaligi” o‘tkaziladi. Ta’kidlash joizki, ushbu sa’y-harakatlar ichki turizmni rivojlantirish hamda yoshlarning mazmunli sayohatlarini tashkil etish, ularni yurtimizning turistik manzillari va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu borada belgilangan vazifalarga ko‘ra, “Yoshlar turizmi haftaligi” doirasida 500 652 nafar o‘quvchi, talaba va yoshlar ziyoratgoh va qadamjolar, tarixiy va diqqatga sazovor joylarga sayohati tashkil etildi.

Haftalik doirasida iqtidorli yoshlar, respublika, viloyat, tuman va shahar fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishgan o‘quvchilar, ijtimoiy himoyaga muhtoj, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan hamda “Yoshlar daftari”, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning o‘quvchi, talaba-yoshlari jalb qilinadi.

Sayohatlar o‘quvchi-yoshlarning “uyidan – sayohatga – sayohatdan – uyigacha” tamoyili asosida to‘liq jarayonlarni qamrab olgan dastur va rejalar asosida amalga oshirildi.

Sayohatga yuborilgan yoshlarga 18 816 nafar pedagoglar, tibbiyot va ichki ishlar xodimlari hamrohlik qildi.

Sayohat davomida yoshlar 3 346 marotaba madaniy meros ob’ektlari, 778 marotaba muzeylar, 231 marotaba teatr va 287 marotaba kinoteatrlarga tashriflari bepul amalga oshirildi.

Yoshlar uchun yuqori natijalarga erishgan va yoshlarga o‘rnak ko‘rsatadigan ilm-fan namoyondalari ishtirokida 668 ta, hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash bo‘yicha 747 ta “mahorat dars”lari tashkil etildi.

Yoshlarning madaniy meros ob’ektlari va muzeylarga tashrifi davomida ko‘ngilochar musiqiy chiqishlar tashkil qilindi, o‘quvchilarda vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantiradigan tariximizni jonli ko‘rsatuvchi 806 ta teatrlashtirilgan tomoshalar namoyish etildi.

Yoshlarning harakatlanishi va hududlarga tashrifi jarayonida 4 159 nafar malakali gidlar ishtirokida hududlarning tarixiy obidalari, tarixiy shaxslari hamda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari haqida ma’lumotlar bilan tanishtirildi.

Tashkiliy qo‘mita tomonidan haftalik va uning doirasida tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Respublika shtabi va ishchi guruhlari faoliyati samarali yo‘lga qo‘yildi hamda o‘quvchi-yoshlarning sayohat tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar muvofiqlashtirildi, vazirlik va idoralarga yuklatilgan vazifalarning ijrosi muvofiqlashtirildi, tadbirni o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa tashkiliy vazifalar hal qilindi, ziyoratgoh va qadamjolarni o‘zaro bog‘lagan ichki turizm sayohat dasturlari hamda ishtirokchilar uchun respublikaning diqqatga sazovor joylariga mavsumiy imtiyozli sayohat paketlari ishlab chiqilib ommalashtirildi.

Haftalik va uning doirasida tadbirni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tuman va shaharlarda mahalliy va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, kunlik axborot respublika shtabiga yetkazildi, shtablar tomonidan yoshlarning ro‘yxati va guruhlar shakllantirilib, jarayon to‘liq muvofiqlashtirildi, yuzaga kelgan muammolar tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida vazirlik va idoralarda hamda hududlarda shtablarning faoliyati yo‘lga qo‘yildi hamda kunu-tun navbatchilik tashkil etildi.

Sayyohat guruhlarining joylarda ovqatlantirish choralari tashkil etildi, bunda sanitariya epidimiologiya markazi va tibbiyot xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tgan tayyor oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlandi.

Haftalik va uning doirasidagi tadbirlar bilan bog‘liq barcha ob’ektlarda va ularning atrof-hududlarida jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ishtirokchilarning harakatlanish vaqtida avtotransport vositalarida, mehmonxona, ovqatlanish joylarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Haftalik va uning doirasidagi tadbirlar davomida poezd va avtobuslarda, mehmonxonalarda, tashrif ob’ektlarida belgilangan sanitariya qoidalari va gigiyena normalari hamda karantin talablariga mos bo‘lishi, zarur tibbiy anjomlar va dori vositalari zaxira qilinishi hamda to‘liq ta’minlangan tez tibbiy yordam mashinalari va brigadalari navbatchiligi va hamrohligi tashkil etildi.

Ushbu haftalik yurtimiz yoshlarini birlashtirishga hamda ularning yurt manzillari, sayyohlik maskanlari haqida keng tushuncha va boy taassurotlarga ega bo‘lishlariga xizmat qiladi. Yurtimiz go‘zalliklaridan bahramand bo‘lish, ajdodlarimiz merosi bo‘lmish tarixiy maskanlar uzra sayohat qilish o‘g‘il-qizlarimizning ona Vatanga mehr-muhabbat va sadoqat ruhida ulg‘ayishida muhim omildir.

O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling va yurtimiz betakrorligidan, boy o‘tmishi, tarixi va bugunidan bahramand bo‘ling!

Zarina ABDULLAYEVA,
Madaniyat va turizm vazirligi Ichki va ziyorat turizmni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!