XVJ: O‘zbekiston islohotlarni davom ettirishi kerak, ammo kreditlar kamaytirilishi lozim

XVJ: O‘zbekiston islohotlarni davom ettirishi kerak, ammo kreditlar kamaytirilishi lozim

O‘zbekiston hukumati iqtisodiyotni rivojlantirishi uchun islohotlarni davom ettirishi zarur. Biroq imtiyozli va umuman kreditlar taqdim etishni kamaytirish talab etiladi. Bu kelasi yilda inflyasiya darajasini nazorat qilishda yordam beradi. Xalqaro valyuta jamg‘armasining Yaqin sharq va Markaziy Osiyo departamenti direktori maslahatchisi Albert Eger shunday fikrlarni bildirdi, deb yozadi «Kun.uz».

Uning fikricha, mamlakatda qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish sohalarida ish o‘rinlarini yaratishga e’tibor qaratish barobarida imtiyozli kreditlar taqdim etishni kamaytirish kerak.

«O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish sohalarida ko‘proq ish o‘rinlari barpo etishga e’tibor qaratish lozim. Bu ishlar, ya’ni ish o‘rinlari yaratish masalasi hal etilganidan so‘ng, galdagi vazifa narxlarni liberallashtirish, erkinlashtirishdir. Shuning barobarida davlat ulushi katta bo‘lgan korxonalar, kompaniyalar samaradorligini oshirishga ham jiddiy e’tibor berish talab etiladi.

Iqtisodiyotda islohotlarni o‘tkazishda muhim vazifalardan biri, iqtisodiyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kreditlar ajratish hajmini qisqartirishdir. Bunday kreditlar asosan davlat tomonidan va katta imtiyozlar bilan taqdim etilmoqda. Imtiyozli kreditlarni esa, yirik korxonalar ish o‘rni barpo etishni vaj qilib olmoqda. Biroq, menimcha, imtiyozli kreditlarni barqaror kompaniyalar olmoqda hamda ular yetarli darajada va ko‘p ish o‘rni tashkil eta olishmayapti», - dedi Albert Eger.

XVJ ekspertining aytishicha, mamlakatda inflyasiya darajasini nazorat qilish ham muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

«Yana bir muhim vazifa, bu inflyasiya darajasini nazorat qilishdir. Hozirda O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 16 foizni tashkil etayotgan bo‘lsa-da, yil oxirigacha, bu raqam 18 foizga yetishi mumkin. Ta’kidlash o‘rinliki, hozirgi holatda inflyasiyaning yuqori bo‘lishi ham unchalik qo‘rqinchli holat emas, chunki narxlarning erkinlashishiga erishish kerak. Shunday ekan, oldinroqqa nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2019 yilda ham inflyasiya yuqori bo‘ladi, deb taxmin qilish mumkin.

Buning oldini olish uchun nima qilish kerak? Kredit taqdim etishni qisqartirish kerak bo‘ladi. Bugungi kunda kreditning iqtisodiyotdagi ulushi 44 foizni tashkil etmoqda. Iqtisodiyot o‘sishi 5 foizni, kredit miqdori 44 foizni, inflyasiya darajasi 16-18 foiz bo‘lishini e’tiborga olsak, aynan kredit berishni kamaytirish bilan inflyasiyaga bosim o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

Ikkinchi masala, pul-kredit siyosati bilan bog‘liq. Markaziy bank sentyabr oyida qayta moliyalash stavkasini 14 foizdan 16 foizga oshirdi. Biroq, kelgusi yilda inflyasiya darajasi kutilganidan ko‘proq oshadigan bo‘lsa, Markaziy bank bu stavkani oshirish tomonga qayta ko‘rib chiqishi talab etiladi.

So‘zimning yakunida aytishim mumkinki, islohotlar davom ettirilishi kerak. Uning natijasini ko‘rish uchun kutish, sabr qilish kerak. Ish o‘rinlari barpo etish orqali fuqarolar turmush darajasini oshirish lozim. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiya kiritish uchun investisiya muhitini takomillashtirish zarur», - dedi XVJ vakili.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!