Xalqaro «Harbiy-kasbiy tayyorgarlik» olimpiadasiga nomzodlar saralab olindi

Xalqaro «Harbiy-kasbiy tayyorgarlik» olimpiadasiga nomzodlar saralab olindi

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti o‘quv jarayonini ta’minlash bazasi va “Chirchiq” umumqo‘shin dala-o‘quv maydonida Qurolli Kuchlar miqyosida «Harbiy-kasbiy tayyorgarlik» olimpiadasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo mamlakatlar oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida o‘tkaziladigan «Harbiy-kasbiy tayyorgarlik» olimpiadasiga saralash bosqichi hisoblangan mazkur musobaqada O‘zbekiston oliy harbiy aviasiya bilim yurti, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti va Milliy Gvardiya harbiy-texnik instituti kursantlari besh kun davomida o‘zaro bahslashdi.

Kursantlar nazariy bilimlardan tashqari «Armiya biatloni», «Mashg‘ulotda qiyin bo‘lsa, jangda oson bo‘ladi», «Nishonni aniq yo‘q qilish», «Murakkab to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish», «Belgilangan hududni xarita orqali topish», «NATO yo‘lagida estafeta» kabi 12 yo‘nalishda o‘z bilim va ko‘nikmalarini namoyish etishdi. Yuqorida sanab o‘tilgan musobaqaning har bir yo‘nalishdagi topshiriqlarni jamoalarning olti nafardan qatnashchisi aniqlik va matonat bilan bajarishga harakat qilishdi.

«Harbiy-kasbiy tayyorgarlik» olimpiadasida yurtimiz sharafini himoya etish huquqini qo‘lga kiritish uchun bellashuvlar murosasiz kurashlarga boy bo‘lganligini alohida ta’kidlash lozim. Ayniqsa, bu borada Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti va Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari ko‘rsatgan natijalarga alohida to‘xtalib o‘tish o‘rinli. Bu ikki jamoa har bir o‘tkazilgan musobaqadan so‘ng navbati bilan birinchi hamda ikkinchi o‘rinlarni band etib turishdi. Bahslar davomida olingan kichik jarohatlar ham kursantlarning g‘oliblik uchun bo‘lgan ishtiyoqini so‘ndirmadi.

«Harbiy-kasbiy tayyorgarlik» olimpiadasining respublika bosqichida kursantlar «NATO yo‘lagida estafeta» bahslarini “Chirchiq” umumqo‘shin dala-o‘quv mashg‘ulotlari maydonining xalqaro talablarga javob bera oladigan, yangi qurib foydalanishga topshirilgan maydonchasida o‘tkazishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, «Harbiy-kasbiy tayyorgarlik» olimpiadasining respublika bosqichida 1-o‘ringa Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti jamoasi sazovor bo‘lib, kelasi yil o‘tkaziladigan VI xalqaro olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga (MDH) a’zo mamlakatlar oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari ishtirokidagi VI xalqaro olimpiadasiga 2020 yil 17-23 may kunlari O‘zbekiston mezbonlik qiladi.

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!