Vodiylik haydovchilar: Tunni “zapravkalar“da o‘tkazyapmiz (+Foto)

Vodiylik haydovchilar: Tunni “zapravkalar“da o‘tkazyapmiz (+Foto)

Deyarli ikki haftadan buyon vodiy viloyatlari Andijon, Namangan, Farg‘onada faoliyat ko‘rsatayotgan barcha avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalaridagi tirbandlik va mashinalar navbati kilometrlarga cho‘zilib ketgan. Buning sababi esa aholi tomonidan turli taxminlar bilan izohlanmoqda. Ayrimlar Qamchiq dovonida keskin havoning sovishi oqibatida vodiyga keluvchi asosiy magistral gaz quvurida bosimning pasayishini ta’kidlashsa, ba’zilar qish mavsumida tabiiy gazning asosiy qismi aholiga yetkazib berilayotgani aytishmoqda.

O‘tgan hafta boshida navbatlar cho‘zilishni boshlagan, o‘shanda 2-3 soatda gaz quyib chiqayotgandik. Kundan-kun vaziyat og‘irlashib boryapti. Mana bugun Bag‘dod tumani Bekobod qishlog‘idagi gaz quyish shoxobchasida 8 soatda navbatim keldi. Gaz qo‘yish shahobchasidagilar buning sababini tushuntirib berishmayapti. Rishton Bag‘dod yo‘nalishi bo‘yicha taksi haydayman. Ishimni yakunlab uyga ketish o‘rniga metan quyish shoxobchasida tunab qolishga majbur bo‘lyapman. Har kuni shu ahvol. Bu adoqsiz navbatga turishlar haydovchilarnigina qiynasa mayli edi. Har kuni ishga boradigan fuqarolarga juda qiyin bo‘lib ketdi. Yo‘lkira narxlari 2 barobarga ko‘taril ketdi. Navbat uzayishi hisobiga qatnov kamaydi. Shofyorlar 10-12 soatlab navbatda turibmiz deb yo‘lkira haqini oshirib yuborishdi. Masalan Bag‘dod tumanidan Qo‘qon shahriga borish narxi avval 2500 so‘m edi, hozir 4000-5000 ga chiqdi , deydi haydovchi Husanboy Fozilov.

Bag‘dod Farg‘ona yo‘nalishida kirakashlik qilaman. Gazga navbatlar uzayib ketgandan so‘ng noiloj yo‘lkirani oshirdik. Oddiy kunlarda 10 mingga borib kelardik. Men shoxobchalarida 7-8 soatlab navbatda turibmiz. O‘shanda ham hammaga yetsin deb 200 bosim bilan gaz damlab berishmayapti. 100-120 atmosfera bosimi bilan gaz damlab berishyapti. Noiloj yo‘lkira haqini 15 mingga ko‘tardik , deydi haydovchi Iqboljon Soliyev.

Sovuq kunlar boshlanishi bilan tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoj keskin ortadi. Magistral gaz quvurlarida bosim pasayib ketgan. Kompressorlar to‘la quvvat bilan ishlamayapti. Tabiiyki, shuning sababdan Avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida turnaqator navbatlar yuzaga kelmoqda , deydi O‘ztransgaz hududiy filiali dispetcheri Tolibjon Sotvoldiyev.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi iste’molchilariga gaz yetkazib berish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida gi 8-qaroriga asosan, magistral quvurlarda gaz bosimi pasayganida eng birinchi navbatda aholi, ijtimoiy soha ob’ektlari gaz bilan ta’minlanishi qayd etilgan. Shu qarorga asosan avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari kechki 20:00 dan keyin yopib qo‘yilyapti.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!