O‘zbekistonda Orolbo‘yida yashil texnologiyalarni yaratish va tadqiq qilish bo‘yicha qo‘shma laboratoriya tashkil etiladi

O‘zbekistonda Orolbo‘yida yashil texnologiyalarni yaratish va tadqiq qilish bo‘yicha qo‘shma laboratoriya tashkil etiladi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovasion markazi olimlaridan iborat delegasiya Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida Orolbo‘yi xalqaro innovasion markazi direktori B.Habibullayev va Shinjon ekologiya va geografiya instituti bosh direktori o‘rtasida “Orolbo‘yida yashil texnologiyalarini tadqiq qilish, ishlab chiqish va namoyish etish bo‘yicha qo‘shma laboratoriya” tuzish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Ta’kidlash joizki, qurg‘oqchil hududda joylashgan Shinjon-Uyg‘ur avtonom tumani va Orol dengizi mintaqasi ham xuddi shunday ekologik muammolarga duch kelmoqda.

Laboratoriya Orolbo‘yida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, ekologik tiklanish, suv resurslarini boshqarish va qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish sohalarida ilmiy almashinuv va innovasion hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ushbu laboratoriya Xitoy va Markaziy Osiyoning ekologiyani tiklash, yuqori samarali suvni tejaydigan qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslaridan barqaror foydalanish va biologik xilma-xillikni saqlash kabi muhim sohalarda tajribasi va texnologiyasidan foydalanadi. Olimlar Orolbo‘yining yashil va barqaror rivojlanishiga yo‘naltirilgan har tomonlama ekologik tiklash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Bir belbog‘ – bir yo‘l” loyihasi doirasidagi xalqaro hamkorlik bo‘yicha yuqori darajadagi 3-forumdagi ma’ruzasida Orolbo‘yi xalqaro innovasiyalar markazi negizida “yashil” bilim va yechimlar uchun ilmiy-axborot platformasini yaratish zarurligini ta’kidlagan edi. Bu yo‘nalishda markaz ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, cho‘llanishga qarshi kurashish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha turli loyihalarni amalga oshirib, xorijiy hamkorlar, dunyoning turli mamlakatlaridagi ilmiy-tadqiqot institutlari bilan ko‘p bosqichli hamkorlik aloqalarini o‘rnatmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!