O‘zbekistonda aholi punktlariga kirib qolgan yovvoyi hayvonlarni qutqarish va jonsizlantirish tartibi ishlab chiqildi

O‘zbekistonda aholi punktlariga kirib qolgan yovvoyi hayvonlarni qutqarish va jonsizlantirish tartibi ishlab chiqildi

O‘zbekistonda “Yovvoyi hayvonlarni tabiiy yashash muhitidan o‘zga muhitga tushib qolganda himoya qilish, qutqarish va jonsizlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhomamasi uchun e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda yovvoyi hayvonlarning aholi punktlari va boshqa hududlarga turli sabablar bilan kelib qolish holatlari kuzatilmoqda. Buning oqibatida yovvoyi hayvonlar tomonidan fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga hamda mol-mulkiga, yovvoyi hayvonlarning hayotiga ham zarar yetkazilishi xavfi ortib, ularning o‘limiga sabab bo‘lmoqda.

Xususan, 2024 yil 15 may kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi “Jannatmakon” MFY hududiga kelib qolgan ayiq IIB xodimiga jarohat yetkazgani, maktabga kirib, o‘quvchilar hayotiga xavf solgani uchun otib o‘ldirilgandi.

Bu kabi holatlarning tahlili, yovvoyi hayvonlar tabiiy yashash muhitidan o‘zga muhitiga tushib qolganda, aholi punktlariga kirib qolganda ularni himoya qilish va qutqarish, veterinariya yordami ko‘rsatish hamda yovvoyi hayvonlardan fuqarolarning sog‘lig‘i va mol-mulkiga zarar yetkazilishining oldini olish borasida davlat organlari xodimlarining harakatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, bu kabi holatlarda fuqarolarning o‘zlarini qanday tutishlari bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqilishini toqazo etdi.

Hujjat loyihasini tayyorlash jarayonida turli mamlakatlarning bu boradagi amaliyoti va tajribasi o‘rganilganda qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda bu kabi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagani aniqlandi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, yovvoyi hayvonni tutish paytida uni immobilizasiya qilish faqat yovvoyi hayvonni boshqa yo‘l va usullar bilan tutib bo‘lmaydigan hollarda, uning hayotiga xavf tug‘dirmaydigan va jarohat yetkazmagan holda amalga oshirishga yo‘l qo‘yilishi belgilanmoqda.

Yovvoyi hayvonni immobilizasiya qilish immobilizasiya qilish quroli va moslamalari hamda veterinariya dori vositalarini qo‘llagan holda tegishli Davlat veterinariya xizmati hududiy bo‘linmalari veterinariya mutaxassisi yoki jalb etilgan ovchilar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Yovvoyi hayvonni jonsizlantirish hayot uchun mos kelmaydigan og‘ir jarohatlari oqibatida yashab ketishga qodir bo‘lmagan yovvoyi hayvonning basharti jismoniy azoblanishini boshqa usulda to‘xtatish mumkin bo‘lmasa, jismoniy azob chekishini to‘xtatish, yovvoyi hayvon quturgani aniqlanganda hamda odamlar yoki hayvonlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf solayotganda veterinariya va veterinariya-sanitariya ekspertizasi xulosasiga asosan insoniylik tamoyillari asosida jalb etilgan ovchilar tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Qaror loyihasi bilan, shuningdek, yovvoyi hayvonlar tabiiy yashash muhitidan o‘zga muhitga tushib qolganda ularni himoya qilish, qutqarish va jonsizlantirish bo‘yicha ishlarni tashkil qilishda mahalliy ijroiya hokimiyati organlari, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hududiy organlari, Ichki ishlar organlari, Favqulodda vaziyatlar organlari, Davlat veterinariya xizmati hududiy bo‘linmalari hamda Sanitariya-epidemiologiya xizmatining asosiy vazifalari belgilanmoqda.

Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!