O‘zbekiston va Qozog‘iston uchinchi mamlakatlar fuqarolariga yagona viza joriy etadi

O‘zbekiston va Qozog‘iston uchinchi mamlakatlar fuqarolariga yagona viza joriy etadi

O‘zbekiston va Qozog‘iston uchinchi mamlakatlar fuqarolari uchun yagona viza joriy etishi mumkin. Bu haqda “Norma” yozmoqda.
 
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ayrim mamlakatlar bilan viza rejimini yanada soddalashtirish tashabbusi bilan chiqmoqda. Turar joyni ijaraga berish va faoliyatning ayrim turlarini lisenziyalash tartibini ham osonlashtirish ko‘zlanmoqda. Bu 2025 yilgacha turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasida nazarda tutilgan.  
             
Viza rejimini soddalashtirish
 
EI mamlakatlari va chiqish turizmi rivojlangan boshqa mintaqalar fuqarolari uchun viza tartib-taomillarini yanada soddalashtirish rejalashtirilmoqda. 2018 yil 10 fevraldan boshlab 7 ta davlat fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim, shuningdek 39 ta davlat fuqarolari uchun viza olishning soddalashtirilgan tartibi belgilangan edi.
 
Ikki tomonlama ahdlashuv asosida uchinchi mamlakatlar uchun O‘zbekiston va Qozog‘istonning yagona kirish vizasini joriy etish, keyinchalik boshqa mamlakatlarni ishtirok etish uchun taklif qilish masalasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
 
Turar joyni ijaraga berish shartnomalarini tuzish tartibi soddalashtiriladi
 
Turar joyni (xususiy kvartiralar va uylarni) 30 kungacha qisqa muddatli ijaraga berishning soddalashtirilgan tartibini belgilash rejalashtirilmoqda.
 
QHTBT portalida muhokama qilish uchun joylashtirilgan Vazirlar Mahkamasining “Ayrim turdagi joylarni vaqtincha yashash uchun berish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasida yangi tartib batafsil bayon etilgan.
 
Hujjat loyihasiga ko‘ra, faoliyat yuritayotgan “emehmon.uz” mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalarida ijarada turuvchilar hisobini yurituvchi elektron avtomatlashtirilgan dastur negizida jismoniy va yuridik shaxslar mulkida bo‘lgan turar joylarni 30 sutkagacha qisqa muddatli ijaraga berish shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha yagona elektron tizimni yaratish rejalashtirilmoqda.
 
Tizimdan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
 

  • ko‘pi bilan 30 sutkagacha muddatga O‘zbekistonga kelayotgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish;

 

  • sh.j. ijaraga beruvchilarga soliq solish va jismoniy shaxslarni turgan joyi bo‘yicha 30 sutkagacha vaqtincha propiska qilish, shuningdek turar joylarni sertifikatlashtirish maqsadida jismoniy shaxslarga ijaraga beriladigan joylashtirish vositalari va turar joylarning ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va yuritish.

 
 
2019 yil 1 yanvardan quyidagilar nazarda tutilgan tartibni joriy qilish taklif etilmoqda:
 
a) tizimda ro‘yxatdan o‘tgan turar joylarning mulkdorlari turar joylarni 30 sutkagacha qisqa muddatli ijaraga berish shartnomalarini notarial tasdiqlamasdan va soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazmasdan elektron shaklda tuzishga haqli;
 
b) quyidagi turar joy mulkdorlari:
 

  • turar joylarni 30 sutkagacha, biroq yiliga ko‘pi bilan 60 sutkagacha qisqa muddatli ijaraga beruvchi – tadbirkorlik sub’ekti sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan joylashtirish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatishlari mumkin; 

 

  • turar joylarni 30 sutkagacha, yiliga 60 sutkadan ortiq muddatga qisqa muddatli ijaraga beruvchi – tadbirkorlik sub’ekti sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari va ijaraga beriladigan turar joydan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda joylashtirish vositasi sifatida foydalanishlari shart;

 
v) ijaraga beriladigan turar joylar tizimda shakllantiriladigan turar joylarni ijaraga berish shartnomalarining hisobi yuritiladigan yagona reestrga kiritilib, reestrdan tegishli ko‘chirma berilgan holda soddalashtirilgan tartibda sertifikatlanadi;
 
g) joylashtirish vositalarida vaqtincha yashash davrida joylashtirish vositalari ma’muriyati va xodimlari, shuningdek uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda joylashtirish vositalarida ijarada turuvchilarga nisbatan turar joyning daxlsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari tatbiq etiladi;
 
d) agar uchinchi shaxslarning yoki ma’muriyat (ijaraga beruvchi) vakilining shikoyati asosida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida joylashtirish vositasidagi joy yoki nomerni egallagan shaxs g‘ayrihuquqiy qilmish sodir etayotgani aniqlansa, ijaraga beruvchi, joylashtirish vositasi ma’muriyati va xodimlari javobgar bo‘lmaydilar, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda belgilangan qilmishda ular ishtirok etgan hollar bundan mustasno;
 
e) turistik yig‘im to‘lash uchun javobgarlik qonun hujjatlariga muvofiq turistik yig‘im to‘lashlari shart bo‘lgan shaxslarni qabul qiluvchi va (yoki) turar joyga vaqtincha joylashtiruvchi shaxslar zimmasiga yuklatiladi.
 
Ayrim ruxsat berish tusiga ega va lisenziya talablari bekor qilinadi
 
Turizm faoliyati sub’ektlari uchun ruxsat berish tusiga ega va lisenziya talablarini yanada soddalashtirish rejalashtirilgan. Bir qator talablarni bekor qilish nazarda tutilmoqda. Xususan, mehmonxonalar va boshqa turistlarni joylashtirish vositalarida har bitta alohida turg‘un alkogolli mahsulotlar sotish shoxobchasini ochishga ruxsatnoma olish zaruratidan voz kechish ko‘zlanmoqda.
 
Shu o‘rinda loyihaning yuqorida bayon etilgan qismida ishlab chiquvchilar aniqlik va tuzatish kiritishi talab etiladigan formulirovkalar mavjudligini qayd etib o‘tamiz.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!