O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 dekabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari kirib kelayotgan Yangi yil munosabati bilan bir-birini samimiy qutlab, ezgu tilaklar bildirdilar.

Prezidentlar o‘zaro hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

So‘nggi yilda O‘zbekiston Qirg‘iziston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, aniq amaliy mazmun bilan boyigani qayd etildi.

Hamkorlik barcha yo‘nalishlarda faollashdi. Mamlakatlarimiz Bosh vazirlari raisligida joriy yil mart va dekabr oylarida Farg‘ona va O‘sh shaharlarida O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston chegaradosh hududlari rahbarlari kengashining majlislari o‘tkazildi. May oyida Parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha komissiyaning birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zaro savdo hajmi ortib, elektrotexnika, qurilish materiallari sanoati va boshqa sohalarda qo‘shma kooperasiya loyihalari amalga oshirildi.

Andijon O‘sh Irkishtom Qashg‘ar xalqaro avtotransport yo‘lagi ishlab turibdi, O‘zbekiston Qirg‘iziston Xitoy temir yo‘l liniyasini qurish loyihasi birgalikda tayyorlanmoqda.

Toshkent va Samarqandda Qirg‘iziston madaniyati va san’ati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini nishonlash doirasida mamlakatimiz hududlarida tantanali tadbirlar tashkil etilmoqda.

O‘sh shahrida barpo etilgan Alisher Navoiy nomidagi maktab joriy yil kuzda ilk o‘quvchilarni o‘z bag‘riga olgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Suhbat yakunida davlat rahbarlari mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish borasida intilishlari qat’iy ekanini ta’kidladilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!