O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Janubiy Koreya musulmonlari federasiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Janubiy Koreya musulmonlari federasiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Avval xabar berganimizdek, shu yil 16 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovning Janubiy Koreya safari boshlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Kecha kunning birinchi yarmida muftiy hazratlari Janubiy Koreya musulmonlari federasiyasi prezidenti Xvang Byong Xa-Ahmad va Janubiy Koreya musulmonlari jamoati bosh imomi Li Ju Xva-Abdurahmon Li bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

Federasiya prezidenti O‘zbekiston delegasiyasining tashrifi bilan qutlab, yurtimizning islom tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasini ta’kidlash barobarida Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi ulug‘ zotlar va Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar musulmon olami e’tiborini qozongani, qadamjo va maqbaralar dunyoning turli burchaklaridan ziyoratchilarni o‘ziga jalb etishini e’tirof etdi. Shuningdek, u bir necha bor zaminimizda mehmon bo‘lganini aytish barobarida xalqimizning samimiyligini alohida ta’kidladi.

Muloqotda muftiy hazratlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik tobora rivojlanib borayotgani, diniy idoralar o‘rtasida aloqalari yo‘lga qo‘yilgani, o‘tgan Ramazon oyida bir guruh o‘zbekistonlik ulamolar Janubiy Koreyaning Seul, Kojedo, Kimxe, Cheongju, Mokpo kabi shaharlaridagi tadbirlarda mahalliy aholi va vatandoshlar bilan ma’rifiy suhbatlar o‘tkazganlarini aytib o‘tdilar. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, diniy jabhadagi yangilanishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shuningdek, ishtirokchilarga O‘zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan rolik namoyish etildi va tarqatma materiallar taqdim etildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Janubiy Koreya musulmonlari federasiyasi o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun asos bo‘ladigan anglashuv Memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat asosida diniy sohadagi hamkorlikni mustahkamlash, diniy ta’lim va imom-xatiblar tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish, yot g‘oyalarga birgalikda qarshi kurashish va hamkorlikda anjumanlar o‘tkazish kabilar amalga oshiriladi. Shuningdek, Janubiy Koreyada mehnat migrantlari ko‘p joylashgan hududlardagi jome masjidlarda o‘zbekistonlik imom-xatiblar ishtirokida muntazam ma’rifiy suhbatlar tashkil etish imkoniyatlari yaratiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!