Uch yoshli payg‘ambar

Uch yoshli payg‘ambar

Payg‘ambarlik buyuk ne’mat bo‘lib, Alloh tanlagan eng ulug‘ insonlargagina nasib etgan. Shu bilan birga, o‘ta mas’uliyatli vazifa hamdir. Payg‘ambar Alloh bilan bandalar orasidagi vositachi hisoblanadi. Shu bois bu vazifa insondan katta salohiyat va yuksak iqtidor talab etadi. Aksariyat olimlar ittifoqiga ko‘ra, hech kim qirq yoshdan oldin payg‘ambar bo‘lmagan. Faqat Yahyo va Iso alayhimussalom bundan mustasno.

Chunki Alloh taolo Yahyo alayhissalom­ni uch yosh­ligida, Iso alayhissa­lom­ni esa be­shikdalik cho­g‘ida­yoq pay­g‘ambar qilib yuborgan. Bu ham Allohning mo‘’­­jizasi. Shu o‘rinda sa­vol tug‘ilishi mumkin: “Yosh payg‘ambarlar qanday xusu­siyatga ega bo‘­lish­gan? Ularning boshqa payg‘am­barlardan farqi nimada?” Bu o‘rinda uch yoshi­da payg‘ambarlik sharafi­ga muyassar bo‘lgan Yahyo alay­hissalom misolida mazkur savolga javob izlashga harakat qilamiz.

Alloh taolo Qur’oni ka­rimda mazkur payg‘ambar haqida bunday marhamat qilgan: «(Biz Yahyo alayhis­salomga): “Ey Yahyo! Kitobni (ya’ni Tavrotni) jiddiylik bilan qo‘lga ol!” (dedik) va unga go‘daklik chog‘idayoq hikmat (va ilm) ato etdik. Yana unga O‘z dargohimizdan mehr hamda poklik (ato etdik) va u taqvoli bo‘ldi. U ota-onasiga mehribon bo‘ldi, jabr qiluvchi, ito­atsiz bo‘lmadi. Unga tu­g‘ilgan kunida ham, vafot etadigan kunida ham, qayta tiriladigan (qiyomat) kunida ham salom (omonlik) bo‘lur» (Maryam surasi, 12-15-oyatlar).

Hikmat

Alloh taolo Yahyo alay­hissalomga go‘dakligida­yoq hikmat ato etdi. “Hik­­mat”dan murod payg‘am­barlikdir. Olim­lar­ning ta’­kidlashicha, hikmat Alloh­ning Kitobini o‘qib-tushunish, aql va ilm demakdir. Mazkur oyat Yahyo alayhissalomning bola­lik davridayoq payg‘ambar maqomiga erishganidan da­rak beradi. Bu vaqtda Yahyo alayhissalom uch yosh bo‘l­gan. Alloh taolo bilan va­hiy orqali muloqot qil­gan, Tavrotni qiynalmay o‘qigan, undagi ta’limotlar mo­hiyatini to‘liq anglab yetgan, mukammal aql va yetuk ilm sohibi bo‘lgan. Yahyo alay­hissalomning tengdoshlari: “Yur, birga o‘ynaymiz” degan­da, u zot: “Men o‘yin uchun yaral­maganman!” der edilar.

Mazkur oyatda Alloh Yahyo alayhissalomga Tavrotni mahkam ushlab, payg‘ambar­lik ishlariga sabr va jiddiyat bilan yondashishga, Tavrotdagi buyruqlarni sabr ila bajarishga buyurmoqda. Alloh mazkur oyatda Yahyo alayhissalomga Tavrotni yodlashni buyurgan.

Farzandingiz hikmat va ilm sohibi bo‘lishini is­tay­sizmi? Unda Ibn Abbos roziyallohu anhuning quyi­dagi so‘zlariga quloq tuting: “Balog‘atga yetma­gan bola Qur’on o‘qishni o‘rgan­sa, u ham Yahyo alayhissalom­dek hikmat nuri ato qilinganlar qa­torida bo‘ladi”.

Mehr, poklik va taqvo

Alloh taolo Yahyo alay­his­salomga mehr-shaf­qat, mu­habbat, poklik, barcha yaxshi­lik va barakalarni ato qilgan. Ya’ni, Alloh taolo Yahyo alayhissalomni insonlarni hidoyatga boshlovchi muborak zot qilib qo‘ydi. Demak, rahm-shafqat va poklik ham Alloh taolo tomonidan berilar ekan. Farzandlari mehrsiz va toshbag‘ir bo‘lib o‘sayotganidan yoki nojo‘ya ishlarga qo‘l urishga odatlanib qolganidan shikoyat qilgan ota-onalar o‘zlariga bir savol bersinlar: “Men Allohdan farzandlarimga mehr-shafqat va pok­lik so‘rab duo qildimmi?! Ularga shunday duo qilishni o‘rgatdimmi?!”

Ota-onaga mehribon, jabr va gunohdan yiroq

Yahyo alayhissalom yosh­­lik chog‘idanoq taqvo­dor, ota-onasiga mehribon, Allohga itoatkor va xoksor bo‘lgan. Jabrning asl ma’nosi g‘azab vaqtida birovni urish yoki o‘ldirib qo‘yishni anglatadi. Shuningdek, jabr qahr qiluvchi ma’nosiga ham ega. Yahyo alayhissalom o‘zga­larga qo‘pol muomala qiluv­chi va odamlarni gunoh-ma’­siyatga chorlaguvchi bo‘l­magan, g‘azab tufayli noqulay ho­latlarga tushib qolmagan, osiylik qilmagan, ya’ni gu­nohga qo‘l urmagan va gunoh ishga rag‘bat ham qilmagan.

Omonlik

Alloh taolo Yahyo alay­hissalomga tug‘ilgan chog‘ida, vafot etganida va Qiyomat kuni qayta tirilganida ham salom yo‘llagan. Imom Moturi­diyning ta’kidlashicha, mazkur oyatdagi salom uch xil ma’­noni ifodalashi mumkin:

Birinchisi, yaxshilikdir. Ya’ni, Alloh taolo mazkur uch holatda Yahyo alayhissalom­ga butun yaxshiliklarni ravo ko‘rmoqda. .

Ikkinchi ma’nosi, sano va maqtov. Alloh taolo Yahyo alayhissalomga hayotining boshidan oxirigacha va oxirat kunida ham sano va maqtov aytmoqda.

Uchinchi ma’nosi, shaytondan omonlikdir. Ya’ni, Alloh taolo Yahyo alayhissalomni tug‘ilish va vafot etish cho­g‘ida shaytonning vasvasasidan asrashini aytmoqda. Zero, mazkur holatlarda shayton insonning qalbiga g‘ulg‘ula solishga astoydil harakat qiladi. Chaqaloq tug‘ilayotganda shayton uning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lib, iloji boricha bolaga zarar yetkazishga harakat qiladi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan ushbu hadis bunga yaqqol dalil bo‘la oladi: “Har bir yangi tug‘ilgan chaqaloqni shayton, albatta, ushlaydi. Shunda chaqaloq chinqirib yig‘lab yuboradi”.

Demak, Alloh taolo Yahyo alayhissalomni shaytonning bu zararlaridan omondan saqlagan. Ba’zilar­ning xayolidan: “Ha endi, Yahyo alayhissalom payg‘ambar bo‘lganlar. Shuning uchun u zotga mazkur afzalliklar ato qilingan. Biz esa oddiy odamlarmiz. Payg‘ambar­larga xos bunday imtiyozlarni faqat orzu qilishimiz mumkin, xolos”, degan fikr o‘tishi mumkin. Vaholanki, oldingi payg‘ambarlarga berilgan imtiyozlar bizga, ya’ni Muhammad sollallohu alayhi va sallamning ummatlariga ham ato qilingan!

“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Fotima ro­ziyallohu anhoning tug‘ilish vaq­ti yaqinlashganda Ummu Salama va Zaynab bint Jahsh roziyallohu anhumoni uning hu­zuriga yuborib, Oyatul Kur­siy (Baqara surasi, 255-oyat), A’rof surasi, 54-oyat va Fa­laq hamda Nos suralarini o‘qishga buyurganlar. Bir ha­disda bunday deyilgan: “Kim farzand ko‘rsa va o‘ng qulog‘iga azon hamda chap qulog‘iga takbir aytsa, bolaga Ummu sibyon (cha­qa­loq­larga zarar beruvchi ­jin) za­rar bermaydi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Yahyo alayhissalomning bolalikdagi o‘ziga xos xususiyatlari ham biz uchun ham katta maktab vazifasini o‘taydi. U zotning hayot tarzidan farzandga ilm va ma’rifat o‘r­gatish, uni mehribon va itoat­kor qilib tarbiyalash hamda sog‘lom va barkamol bo‘lib voya­ga yetishida o‘zimizga yarasha xulo­sa chiqaramiz.

Manba: hidoyat.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!