Turizm va madaniy meros vazirligida "Yoshlar turizmi" qurultoyiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Turizm va madaniy meros vazirligida "Yoshlar turizmi" qurultoyiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 aprelda qabul qilingan “Ichki turizm xizmatlarini diversifikasiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan joriy yilning 8–12 avgust kunlari “Yoshlar turizmi” qurultoyi o‘tkaziladi.

Turizm va madaniy meroz vazirligi binosida 3 avgust kuni ana shu tadbir munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazildi. Matbuot anjumanida Turizm va madaniy meros vazirining axoborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Lola Rahmonboyeva, ommaviy tadbirlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Zarrina Abdullayeva, jurnalist va bloger Amirxon Umarov hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Matbuot anjumanida mutasaddilar qurultoy haqida ma’lumot berishdi. Xususan, ommaviy tadbirlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Zarrina Abdullayeva qurutoyning asosiy maqsadi va vazifalariga to‘xtalib o‘tdi.

“Mazkur qurultoydan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni turizm sohasiga keng jalb etish, yoshlarning turizm sohasidagi istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish, yosh sayyohlar oqimini kengaytirish maqsadida turli tadbirlar orqali xizmatlar sifatini yaxshilashga qaratilgan mahorat darslari tashkil etish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirishga doir uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish, mamlakatimizdagi elchixona konsullari bilan Qurultoy delegatlarining uchrashuvini tashkil etish hamda “Turizm elchilari”ni xalqaro malaka oshirish dasturlarida ishtirok etishi yuzasidan hamkorlik memorandumlari imzolashdir”, – dedi Zarrina Abdullayeva.

Faol yoshlar vakili Amirxon Umarov esa “Yoshlar turizmi” forumida nogironligi bo‘lgan va ijtimoiy ko‘makka muhtoj yoshlar ham ishtirok etishini va bu muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

“Ularning fikrlari, takliflari boshqalarnikidan ko‘proq bo‘ladi, – dedi Amirxon Umarov. – Albatta, barcha yoshlarning fikr va takliflari orasida nogironligi bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning takliflariga ham alohida e’tibor qaratiladi”.

Matbuot anjumanida “Yoshlar turizmi” qurultoyiga bag‘ishlangan rolik va tadbir madhiyasining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

"Yoshlar turizmi" qurultoyiga bag‘ishlangan videorolik

"Yoshlar turizmi" qurultoyi madhiyasi

Ma’lumot uchun, qurultoyda respublikaning har bir hududidan 50 nafar iqtidorli, ijtimoiy himoyaga muhtoj, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 700 nafar o‘quvchi, talaba va yoshlar jalb qilinadi. Shu bilan bir qatorda MDH (Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkmaniston) davlatlaridan, jami 20 nafar yoshlar taklif etilgan.

Ta’kidlash kerakki, tadbir ishtirokchilarining har biriga Turizm va madaniy meros vazirligining maxsus sertifikati topshiriladi.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahar Yosh turizm elchilari Kengashi a’zolari va raisiga esa Turizm va madaniy meros vazirligining ishonch yorlig‘i beriladi.

Ma’lumot uchun, qurultoy doirasida har kuni bir qator tanlov, musobaqa, taqdimot, uchrashuv, aksiya, loyiha hamda tadbirlar tashkil etiladi.

Jumladan, “Eng namunali guruh”, “Eng yaxshi turizm loyihasi” kabi tanlovlar, “Turizm-kvest”, “Zakovat” o‘yinlari, “Turizm spartakiadasi” sport musobaqasi, “Usta-shogird” maktabi, “Yulduzlar tashrifi” loyihasi, “Do‘stlik kechasi” va “Do‘stlik gulxani” tadbirlari, “Bizning natijalar” uchrashuvi, “Toza hudud” aksiyasi kabilar rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, qurultoy doirasida ilk saylovlar tashkil etilib, O‘zbekiston Respublikasi yosh turizm yelchilari Kengashi a’zolari va raisi 1 yil muddatga saylanadi.

Qurultoy doirasida tashkil etilgan tanlov, musobaqa, taqdimot, uchrashuv, aksiya, loyiha hamda tadbirlarda faol ishtirok etgan guruh hamda hudud jamoalari faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!