Toshkentda kutilmagan "spektakl": ikki ayol bor-budidan ayrildi

Toshkentda kutilmagan "spektakl": ikki ayol bor-budidan ayrildi

Insonning eng katta dushmani uning nafsidir. Nafsiga qul bo‘lgan odam ishlamay pul topish, oson boyish yo‘llarini qidiradi. Bu balo qaysar bolakaydek ushlab olgan narsasini xohlab turaveradi. Unga ergashgan kishining esa oxir-oqibat yuzi shuvut bo‘ladi, deb yozadi "Postda".

Keling, so‘zimizni bir jinoyat ishi misolida davom ettira qolaylik. Bahor oylari, kunlar ancha isib qolgan. Temurning (ismlar o‘zgartirildi) uylanganiga 6 oy bo‘lgan. Turmush tashvishida «Neksiya» avtomobilida kirakashlik qilib yurgan vaqtlari edi. Kunlarning birida kechki soat 21:00 larda uch nafar ayol uni to‘xtatadi. Yo‘lda bir ayol mashinadan tushib qoladi. Qolgan ikki ayol haydovchiga Bo‘stonliq tumaniga tashlab qo‘yishini aytadi. Haydovchi bildiki, ular toqqa dam olgani ketyapti. Yo‘lovchilar haydovchiga «Rohat» bozoriga kirib o‘tishini iltimos qilishadi. Yo‘l chetida to‘xtagan mashinadan tushgan ayollar tezda chiqishini aytib, kutib turishini tayinlaydi. Ular ketganidan so‘ng Temur tanishi Akbarni ko‘rib qoladi. Salom-alikdan keyin Temur ayollar toqqa dam olgani ketayotganini aytadi. Akbar undan ayollarning qancha puli borligini so‘raydi.

Xullas, ikkovlon talonchilik qilish rejasini tuzishadi. Jinoiy rejaga ko‘ra, haydovchi Yuqori Chirchiq tumaniga yetganda katta yo‘l chetida go‘yoki mashinasi buzilib qolganini bahona qilib to‘xtab tursa bas, Akbar qolgan «ish»ni ikki sherigi bilan do‘ndiradigan bo‘ladi.

Temur Akbarning aytganini qildi. Jinoiy sherigi bilan kelishgan joyga yetganda, mashinani yo‘l chetida to‘xtatdi. Kapotni ochib, go‘yoki nimalarnidir tekshirayotgandek bo‘ldi. Hech nimadan xabari yo‘q ayollar o‘zaro suhbatlashib o‘tirardi. Bu orada yonlariga «Spark» mashinasi kelib to‘xtadi. Undan notanish yigit tushib, to‘g‘ri Temurning oldiga keldi-da, uni «do‘pposlay ketdi». Haydovchi o‘zini mazasi qochganga soldi. Shundan keyin Akbar to‘g‘ri ayollarning oldiga keldi-da, ularga tegishli sumkani olib qochdi.

Ayollar sumkasi ichidan bir dona «Samsung» rusumli uyali telefon, 100 AQSh dollari va 600 ming so‘m pul chiqdi. Oradan bir soatlar o‘tib, Temur «o‘lja»ni bo‘lishish uchun kelishilgan manzilga yetib bordi. U ayollarning mazasi bo‘lmay qolganini, uyi­ga tashlab kelganini aytdi. Xullas, qo‘yilgan «spektal» qoyilmaqom chiqqanidan uning og‘zi qulog‘ida edi.

Darvoqe, Akbar sheriklariga sumka ichidan 600 ming so‘m pul va telefon chiqqanini aytib, 100 AQSh dollarini yashirib qoldi. Qo‘lga kiritilgan puldan «Spark» egasi Aliga kira uchun 70 ming so‘m berdi. Temur, Ali, Shodi, Akbar to‘rtovlon qolgan
530 ming so‘m pulni «Rohat» bozoridagi yemakxonada kayfu safoga sarflab yubordi.

«Buzoqning yugurgani somonxonagacha», degan naql bejiz yaralmagan. To‘rtovlon qo‘ygan «spektakl»ning tez orada «misi chiqdi». Tog‘ni ursa talqon qilgudek bu yigitlar o‘z vaqtida nafsini jilovlaganda, sudning qora kursisida boshini egib o‘tirmagan bo‘lardi.

 

Husan SARBOYEV,

Yuqori Chirchiq tumani

IIB huzuridagi

tergov bo‘limi katta tergovchisi,

kapitan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!