Toshkentda festivalda jamoat tartibini buzgan 5 nafar voyaga yetmagan shaxsning ota-onasiga bayonnoma tuzildi

Toshkentda festivalda jamoat tartibini buzgan 5 nafar voyaga yetmagan shaxsning ota-onasiga bayonnoma tuzildi

Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtda o‘tkazilgan musiqa festivaliga kelgan fuqarolar jamoat tartibini buzayotganligi aks etgan video tarqalib turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Toshkent shahar IIBB mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Joriy yilning 6 sentyabr kuni Yunusobod tumanida musiqa festivalining birinchi kuni o‘tkazilgan. Soat 18.00 dan 22.20 larga qadar bo‘lib o‘tgan tadbirda ko‘plab musiqa ixlosmandlari yig‘ilgan.

Xabarda aytilishicha, ular orasida bir necha fuqarolar jamoat tartibini buzib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan mayda bezorilik sodir etgan. IIO xodimlari tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ularning shaxsi aniqlanib, 5 nafar voyaga yetmaganlarning ota-onasiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga ko‘ra ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Qolgan fuqarolarga nisbatan to‘plangan hujjatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Shuningdek o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida fuqarolar tan jarohati olganligi haqida xabar kelib tushmagan. Ijtimoiy tarmoq faollaridan asoslanmagan va tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslik so‘raldi.

“Hurmatli hamshaharlar va poytaxtimiz mehmonlari! Tashkil etilgan ommaviy tadbirlarda jamoat tartibini saqlashni, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarishni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!