O‘zbekistonliklar so‘nggi modeldagi iPhone sotib olish uchun necha kun ishlashi kerak?
O‘tgan hafta Apple kompaniyasi iPhone 16 smartfonlarini taqdim qildi. Ularning rasmiy sotuvi 20 sentyabrdan boshlanadi.
“Malika” savdo markazidagi ayrim do‘konlar esa iPhone uchun oldindan buyurtmalarni qabul qilishni boshlab yubordi. Narxlar quyidagicha:
iPhone 16 – 1200 dollardan
iPhone 16 Pro – 1700 dollardan
iPhone 16 Pro Max – 2050 dollardan
O‘zbekistonda rasmiy o‘rtacha ish haqi so‘nggi ma’lumotlar bo‘yicha 5,1 mln so‘m hisoblanadi. Bu kuniga 170 ming so‘m degani.
Bugungi kurs bo‘yicha 1 dollar so‘mga o‘rtacha 12 800 so‘mdan ayirboshlanmoqda. Shunday qilib, o‘rtacha maosh oladigan o‘zbekistonlik iPhone 16 sotib olish uchun 90 kun ishlashiga to‘g‘ri keladi.
iPhone 16 Pro modeli uchun bu 128 kun, iPhone 16 Pro Max uchun esa 154 kunni tashkil qiladi. Biroq bu kasblarga qarab farq qiladi.
Masalan, bank xodimlari iPhone 16 Pro Max sotib olishi uchun 54 kun yetarli bo‘lsa, o‘qituvchilar uchun 225 kun kerak bo‘ladi.
Albatta, bir necha haftadan so‘ng narxlar ancha pasayadi va Pro Max modeli 1300 dollar atrofida sotiladi. Hisoblash jarayoni faqat oldindan buyurtma uchun amal qiladi.
Boshqa mamlakatlarni solishtiradigan bo‘lsak, masalan o‘rtacha maosh oluvchi amerikalik iPhone 16 Pro Max sotib olishi uchun 6 kun ishlashi yetarli.