O‘zbekiston hamda AQSh bojxona sohasida hamkorlik va o‘zaro yordam qilishga kelishdi

O‘zbekiston hamda AQSh bojxona sohasida hamkorlik va o‘zaro yordam qilishga kelishdi

O‘zbekiston—AQSh bojxona xizmati rahbarlari bojxona sohasidagi hamkorlikning muhim huquqiy asosi — “Hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida”gi bitimni imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu bitim O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov hamda AQShning Bojxona chegara xizmati komissari Troy Miller o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvdan so‘ng imzolandi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston—AQSh o‘rtasida diplomatik aloqalar yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng o‘tgan 32 yil davomida ikkala davlat bojxona xizmatlari rahbarlari o‘rtasida bu formatdagi yuzma-yuz rasmiy uchrashuv ilk bor o‘tkazilmoqda. Shu boisdan hozirga qadar o‘zaro hamkorlikning huquqiy asosi ham mavjud bo‘lmagan. Davlat rahbarining 2018 va 2023 yillarda AQShga amalga oshirgan tashriflari davomida erishilgan muhim kelishuvlar barcha sohalarda o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga yo‘l ochib berdi.

O‘zbekistonning AQSh bilan tovarlar tashqi savdosi so‘nggi 6 yilda 48 foizga oshdi. 2024 yilning 8 oyida bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 64 foizga o‘sgan. Ammo mavjud salohiyat va imkoniyatlardan kelib chiqilsa, bu ko‘rsatkichlarni yanada oshirish mumkin.

Buning uchun eng avvalo ikkala davlat bojxona xizmatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va axborotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali tashqi savdoning kengayishini rag‘batlantirishga zarurat tug‘iladi.

Shuning uchun ham muzokaralarda asosiy e’tibor bojxonada xavflarni monitoring qilish, bojxona tartibotlarini raqamlashtirish hamda inson resurslaridan samarali foydalanish kabi dolzarb masalalarga qaratildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!