Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi xorijiy OAV va tahlilchilar nigohida

Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi xorijiy OAV va tahlilchilar nigohida

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi bora bo‘lib o‘tgan maslahat uchrashuvi mintaqada va xorijda katta qiziqishga sabab bo‘lmoqda. Ko‘plab ommaviy axborot vositalari, taniqli ekspertlarning ushbu masalaga murojaat qilayotgani aynan shundan dalolat beradi. Shu o‘rinda bunday qiziqishning sabablari nimadaligi va tahlilchilar tomonidan uchrashuvning qaysi jihatlariga alohida urg‘u berilayotgani e’tiborimizni tortishi tabiiy.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bugun mintaqada amalga oshirilayotgan bu kabi muhim jarayonlar, ushbu tashabbuslar atrofida shakllanayotgan turlicha munosabatlardan boxabar bo‘lish partiya faollariga ham ushbu jarayonlarni to‘g‘ri anglash, tahlil qilish va voqelikka nisbatan har xil yondashuvlar mohiyatini tushunish imkonini beradi. Vaholanki, bugun aholi o‘rtasida olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlarida bu mavzuga oid asoslangan ma’lumotlar kutilgan natija berishi mumkin. 

Tahliliy markazlar tomonidan kuzatilayotgan bunday qiziqishlarga sabab, dastavval Markaziy Osiyo mintaqasining bugungi dunyo siyosati va geoiqtisodiyotida tutayotgan o‘rni, jahondagi yetakchi davlatlar tomonidan bu ulkan hududga bo‘lgan jiddiy qiziqish bilan bog‘liq. Markaziy Osiyo bugungi kunda nafaqat strategik xomashyo zaxiralariga juda boy o‘lka sifatida, balki jahonning turli qit’alarini bir biri bilan mustahkam bog‘lashga qulay nuqta sifatida ham ahamiyatlidir. Shuning uchun ham biror-bir tashqi kuchning mintaqa davlatlari bilan yaqinlashishga bo‘lgan harakati bo‘lsin yoki ularning o‘zaro munosabatlaridagi o‘zgarishlar bo‘lsin, darhol tahlilchilar e’tiborini tortayotgani sir emas.

Qolaversa, ushbu nufuzli uchrashuvga bu darajada katta e’tibor qaratilishining sababi uning formati bilan bevosita bog‘liq, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki Markaziy Osiyo davlatlari ko‘plab xalqaro tuzilmalar tarkibida faol ishtirok etayotgan bo‘lsa-da, yaqin yaqingacha faqat o‘zlarigagina tegishli bo‘lgan, uchinchi bir davlatlar ishtirokisiz o‘tkazadigan va mintaqa uchun dolzarb masalalarni o‘zaro muhokama qiladigan siyosiy muloqot maydoniga  ega emas edi. To‘g‘ri, ilgari ham bunday hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga urinishlar bo‘lgan, masalan, “Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorligi tashkiloti”, “Markaziy Osiyo davlatlari tashkiloti” kabi qator tuzilmalar muayyan muddat mavjud bo‘lgan edi. Lekin ularning birortasi mintaqa davlatlarini to‘la qamrab ololmagan, aytish mumkinki, yetakchilarni bir davraga jamlay olmagan edi.

Shuning uchun bo‘lsa kerak, avvalboshda ayrim siyosatdonlar ushbu tashabbusga ham ishonchsizlik bilan qaraganliklari ma’lum. “AQSH+5”, “Yaponiya+5”, “EI+5” kabi formatlarni misol keltirib, faqat shunday shakldagi forumlardagina mintaqa davlatlari vakillarini birgalikda, ya’ni biror kuchli davlat shafeligidagina yig‘ish mumkinligi to‘g‘risida jar solishardi.

Shu o‘rinda bir haqiqatni tan olish lozim. Bunday qarashlarning vujudga kelishiga sabab mamlakatlarimiz hamkorligi tarixidagi ma’lum bir bosqichda haqiqatdan ham ular o‘rtasida yuzaga kelgan tushunmovchilik, hatto ayrim masalalarda ishonchsizlik alomatlari endilikda ular o‘rtasidagi ishonch muhitini tiklashda ancha mushkulliklar tug‘diradi, degan qarashni keltirib chiqargan edi.

Lekin yaqinda bo‘lib o‘tgan Toshkent uchrashuvi bu kabi shubhalarni tarqatib yubordi va bu boradagi eskicha dunyoqarashlarni ham keskin o‘zgartirdi.  Masalan, nomdor tahliliy markazlardan biri “Karnegi markazi”ning Moskvadagi bo‘limi e’lon qilgan maqolada shunday fikrlar keltiriladi: “Noyabr oyi oxirida Toshkentda bor-yo‘g‘i ikkinchi marta o‘tkazilayotgan mintaqa davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi haqiqatdan ham e’tiborni tortadigan uchrashuv bo‘ldi. Ilk bor mintaqaning barcha beshta davlati yetakchilari Markaziy Osiyo muammolarini birgalikda do‘stona va konstruktiv ruhda muhokama qilishga shay bo‘lgan holda bir davraga yig‘ilishdi. Mavjud muammolarni hal qilishda mintaqaviy intilishlarni muvofiqlashtirish borasidagi ushbu harakat ilgari bu maqsadda qilingan ko‘plab urinishlardan ancha muvaffaqiyatli bo‘lishiga umid tug‘diradi”.

Ochig‘i, ilgarilari nufuzli tahliliy markazlar tomonidan kamdan kam harakatlar bunday baho olgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Mintaqaviy hamkorlik masalalari tahliliga bag‘ishlangan ushbu maqola ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otishi mumkin. Lekin shu o‘rinda maqola mualliflarining o‘tgan tadbirga “haqiqatdan ham muvaffaqiyatli bo‘ldi” deya baho berar ekan, yana quyidagi fikrlarni keltirganini aytib o‘tmoqchi edik: “SSSR tarqaganidan buyon hali mintaqa bunaqasini ko‘rmagan edi”. Maqola muallifi A.Dubnov tomonidan bejiz bunday baho berilmayotganini boshqa bir tahlilchi fikridan ham uqib olish mumkin.

“Ikkinchi maslahat uchrashuvi mintaqa mamlakatlari rahbarlarining mavjud muammolarni ochiq muhokama qilishga va ularni hal qilish borasida kuchlarni birlashtirishga tayyor ekanini ko‘rsatdi”,  deydi Qozog‘istondagi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi E.Baydarov Ukrainaning “Armiya, konversiya va qurolsizlanish muammolari Markazi” sayti uchun tayyorlangan maqolasida.

Shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Maslahat uchrashuvida barcha mamlakatlar yetakchilari tomonidan qator tashabbuslar ilgari surilganiga to‘xtalar ekan, muallif ushbu uchrashuvga mezbonlik qilgan O‘zbekiston yetakchisi SH.Mirziyoyev tashabbuslariga alohida urg‘u beradi.

Mamlakatimiz rahbarining ushbu sammitda ilgari surgan takliflariga ko‘plab boshqa tahliliy markazlar va tadqiqotchilar tomonidan ham katta e’tibor qaratilganini ko‘rish mumkin. Xususan, MDH Ijroiya qo‘mitasi rasmiy sayti, Ozarboyjonning “trend.az”, “newscentralasia.net” sayti, MDH internet-portali, “Eurasia Daily” axborot agentligi, “Ritm Yevrazii” tahliliy-axborot sayti, Markaziy Osiyo mintaqaviy tahliliy tarmog‘iga tegishli “caa-network.org” materiallari bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Xalqaro ilmiy-ijtimoiy “Mir peremen” jurnalida ushbu sammitga bag‘ishlab e’lon qilingan Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti tahliliy markazi rahbari, siyosiy fanlar doktori A.Kazansev va siyosiy fanlar nomzodi A.Kajenovaning maqolasi “Markaziy Osiyo integrasiyasining yangi davri” deb nomlangan va bu bejiz emas, albatta. Mualliflar tarixiy ekskurs o‘tkazib, bu boradagi avvalgi sa’y-harakatlarni tahlil qilish barobarida, ularning muvaffaqiyatsizlikka uchrash sabablarini ham tahlil qiladi. Mintaqa davlatlarining Maslahat uchrashuvi mutlaqo yangicha asoslarda qurilayotganini ta’kidlashar ekan, bunday formatning vujudga kelishi bevosita SH.Mirziyoyev tashabbusi bilan bog‘liq ekaniga alohida to‘xtalinadi: “Ko‘p tomonlama mintaqaviy hamkorlikning yangi davri 2016 yilda O‘zbekistonda SH.Mirziyoyevning rahbarlikka kelishi va u tomonidan o‘tkazilgan keng miqyosli islohotlar bilan bevosita bog‘liq. Qo‘shni davlatlar bilan yaqin hamkorlik Toshkent olib borayotgan tashqi siyosatning asosiy ustuvorliklaridan biriga aylandiki, natijada mintaqa davlatlari bilan muloqotlar nihoyatda faollashdi”.

Mintaqadagi bunday ijobiy o‘zgarishlarga nima asos bo‘ldi degan savolga  maqola mualliflari quyidagicha javob beradi: “Aynan SH.Mirziyoyevning ochiq siyosati va keng ko‘lamli islohotlari mintaqadagi “kuchlar taqsimoti”ni o‘zgartirib yubordi va integrasion jarayonlarga kuch bag‘ishladi. Shu nuqtai nazardan bo‘lib o‘tgan sammitni O‘zbekiston yangi rahbarining juda katta  yutug‘i deyish mumkin. SH.Mirziyoyev davrida O‘zbekiston mintaqaning barcha davlatlari bilan o‘zaro munosabatlarni faol rivojlantirishga bel bog‘lagani inobatga olinadigan bo‘lsa, bu borada yaqin kelajakda hududda katta ijobiy o‘zgarishlarni bashorat qilish mumkin bo‘ladi”.

Shu o‘rinda Markaziy Osiyodagi inqilobiy jarayonlarni hududga befarq bo‘lmagan tashqi kuchlar qanday qabul qilishi mumkin, degan savolga javob axtarar ekan, mualliflar quyidagi fikrlarni keltiradi: “Hozirgi bosqichda Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatishdan barcha yetakchi kuchlar manfaatdor. Bunday sharoitda mintaqa davlatlarining alohida yoki «Markaziy Osiyo beshtaligi» sifatida bo‘lsin, mustahkamlanib borishi tashqi kuchlarda xavf uyg‘otmaydi. Aksincha, dunyoda hech kim Markaziy Osiyoda inqirozli vaziyat vujudga kelishi(ayniqsa qo‘shni Afg‘onistondagi muammoli holatlarning o‘sishi jarayonida)dan manfaatdor emas. Mintaqada barqarorlikka erishishga esa undagi davlatlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishsiz erishib bo‘lmaydi”.

Albatta, tilga olingan maqolalar, tahliliy xulosalar hali Toshkent uchrashuvidan keyingi dastlabki kunlarda chop etilgan materiallar, xolos. Lekin shularning o‘ziyoq bugun nafaqat yaqin, balki uzoq xorijda ham ushbu sammit mintaqa yetakchilari o‘rtasida ilgari kuzatilmagan o‘zaro ishonch va yaqinlik ruhini yuzaga keltirgani va shu tufayli Markaziy Osiyo kelajagiga mutlaqo yangicha qarashlarni shakllantirishga asos yaratgan uchrashuv sifatida baholanayotganini ko‘rsatadi.

Albatta, mintaqa mamlakatlari yetakchilari boshlab bergan bu ijobiy jarayonlarni rivojlantirishga siyosiy partiyalar, xususan mamlakatda yetakchi siyosiy kuch bo‘lgan O‘zLiDeP ham o‘z hissasini qo‘shishi lozim. Bu, eng avvalo, davlatimiz rahbari tomonidan ushbu sammit doirasida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirishda partiya imkoniyatlaridan foydalanish, bu ishlarga deputatlik korpusimizni ham  keng jalb qilish orqali amalga oshirilishi mumkin. Qolaversa “partiyaviy diplomatiya” imkoniyatlaridan samarali foydalanib, amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, qo‘shni davlatlar yetakchi siyosiy partiyalari bilan o‘zaro aloqalarda ushbu tashabbuslar uchrashuvlarning tayanch nuqtasiga aylanishi lozim bo‘ladi.

Baxtiyor YAKUBOV,

O'zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!