Telefon quvvatlagichni rozetkada qoldirsa nima bo‘ladi?

Telefon quvvatlagichni rozetkada qoldirsa nima bo‘ladi?

Bugun hayotimizni gadjetlarsiz tasavvur qilishimiz qiyin va tabiiyki, har bir kishi o‘z qurilmasining quvvatlovchi vositasiga ega. Bu kichik texnikani ko‘pchilik rozetkadan olmasdan ishlatishga odatlangan. Chunki bu juda qulay-da. Lekin bu xavfsizlik va iqtisodiy tomondan zararlimasmikin? Bugun siz bilan shunga oydinlik kiritamiz. 

Mutaxassislar nima deydi?

Moskva energetika instituti yuqori kuchlanish muhandisligi bo‘limining yetakchi ilmiy xodimi Ruslan Borisov fikricha, zaryadlovchi qurilmalarni rozetkada qoldirish mumkin. Agar ular buzilmagan bo‘lsa, hech qanday yomon holat yuzaga kelmaydi. Chunki bunday qurilmalar doimiy foydalanishga moslashtirilgan holda ishlab chiqariladi. Ammo qurilma birozgina nosoz bo‘lsa, xavfli vaziyatlar kelib chiqishi mumkin.

Lekin ortiqcha energiya sarfi haqida ham o‘ylashimiz kerak. Zaryadlash qurilmasi rozetkada shunchaki turgan holatda yiliga, taxminan, 3 kVt soat elektr energiyasini isrof qiladi.

Qanday holatlarda rozetkadan olib qo‘yish kerak?

Kuchli momaqaldiroq bo‘layotganda nafaqat zaryadlovchi qurilmalarni balki, rozetkalarga ulangan barcha texnikalarni uzib qo‘yish kerak. Chunki bunday vaqtda qisqa tutashuv, yong‘in va boshqa muammolar texnikalarga xavf solib turadi. Shuning uchun tavakkal qilmaslikni maslahat beramiz.

Qizib ketgan quvvatlagichni rozetkada qoldirish mumkinmi?

Ba’zi foydalanuvchilarning rozetkaga ulangan zaryadlash qurilmasi vaqti-vaqti bilan qizib ketadi. Bu qurilma haroratining ko‘tarilib-tushishi bilan bog‘liq. Agar qurilma ko‘p ishlatilagani uchun qizib ketayotgan bo‘lsa, unda xavotirlanadigan hech narsa yo‘q. Ba’zi gadjetlar uchun bunday qizish normal holat hisoblanadi.

Biroq qizib ketish doimiy ravishda kuzatiladigan bo‘lsa, yoki undan kuygan plastmasaning hidi chiqib ketsa, qurilma buzilgan bo‘ladi. Bunday nosoz texnikadan vaqtida voz kechilmasa, inson salomatligiga jiddiy xavf solishi mumkin.

Lekin shuni ham ta’kidlash kerakki, qurilmaning qizib ketishi ko‘p hollarda uning o‘zini deb emas, balki rozetka sabab yuzaga keladi. Bu ko‘pincha qishloq joylarda sodir bo‘ladi. Chunki u yerlardagi elektr simlari juda eski bo‘lib, hozirgi kunda ishlab chiqarilayotgan yuqori tok talab qiladigan texnikalar uchun mo‘ljallanmagan. Bunday holatda quvvatlagichdan ehtiyotkorlik bilan foydalaning. Ishlatib bo‘lganingizdan keyin rozetkadan uzib qo‘ying.

Umuman olganda, zaryadlash moslamalarini rozetkalarda qoldirish kerakmi yoki yo‘q? Bu savolga mutaxassislar aniq bir javob bera olishmaydi. Shuning uchun yuqoridagi ma’lumotlardan xulosa chiqargan holda qanday yo‘l tutishni o‘zingiz hal qiling.

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!