"Tashkent City”ga kirish tekin bo‘lishi shart" — XDP

"Tashkent City”ga kirish tekin bo‘lishi shart" — XDP

Rost24.uz axborot saytida “Shahar ichidagi “davlat”: O‘zbekiston Konstitusiyasining bir necha moddalarini buzayotgan Tashkent City” nomli videolavhada birdirilgan fikrlar, keltirilgan faktlar ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama etilmoqda.

Muallifning ta’kidlashicha, poytaxtimiz markazida joylashgan 80 gektarli "Tashkent City" atrofi o‘rab olingan bo‘lib, 24 soat davomida muhofaza qilinadi. Kirishga pul to‘laysiz. Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ham bu kabi sitilarga kirish bepul. Qolaversa, shahar ichidagi “davlatcha”da O‘zbekistonda qabul qilingan ayrim qoidalar amal qilmaydi. Xususan, karantin munosabati bilan maxsus komissiyaning 20 iyuldan boshlab O‘zbekiston hududidagi barcha ovqatlanish maskanlari – kafe, choyxona, restoran va oshxonalarning faoliyati ertalabki soat 8 dan kechki soat 20 gacha etib belgilandi. Ular faqat ochiq havoda faoliyat yuritishi kerak edi. Ammo "Tashkent City"dagidar bu qoidaga amal qilmagan.

"Tashkent City"ga kirish bepul bo‘lishi kerak emasmi? Vaholanki, uni qurishda katta imkoniyat va imtiyozlar berilgandi. Hukumat qarori bilan "Tashkent City"ni qurish uchun chetdan keltiriladigan xomashyo va transport barcha bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan. Soliqlarni to‘lashda ham imtiyozlarga ega. Xomashyo va xizmatlarni tendersiz tanlash imkoniyat ham qonun yo‘li bilan taqdim qilingan. Elektr energiyasi, issiq va sovuq suv, kanalizasiya quvurlaridan istagancha foydalanadi. Ammo respublika fuqarolari uchun ichkariga kirish pulli, deyiladi videolavhada.

Ijtimoiy tarmoqdagi bu chiqish turli fikrlar, postlarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar o‘zbek jamiyati ijtimoiy tabaqalanishga yuz tutayotganligini, yana boshqalar puldorlarning o‘zboshimchaligini tanqid qilgan bo‘lsa, yana kimdir alohida qoidalar ishlaydigan loyihalar qurishga hojat yo‘qligini bayon qiladi.

Videolavhada ko‘tarilgan mavzu jamiyatda sun’iy ravishda ijtimoiy va mulkiy tabaqalanishuv ro‘y berayotganiga urg‘u bergani bilan ham e’tiborga molikdir. Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zolari jamiyatda keskin tabaqalanishuv sodir bo‘lishiga qarshidir, partiya dasturiy maqsadlarida bu masalaga alohida urg‘u berilgan.

Konstitusiyaning 18-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo‘yiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart”, ekanligi belgilangan.

Qomusimizning 20 moddasida esaFuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart”, deb yozilgan.

"Tashkent City" hududiga kirish pulli ekani mana shu tamoyillarga zid, deb hisoblaymiz. Bunday tabaqalashuv fuqarolarning kayfiyatiga yomon ta’sir ko‘rsatadi.

Biz huquqlar tengligi va ularni amalga oshirishda imkoniyatlar tengligi tarafdorimiz! Shuning uchun jamiyatda barqarorlikni saqlab turish uchun ijtimoiy keskinlikni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy muammolarni tezkor hal etish zarur, deb hisoblaymiz. O‘zbekistonda moliyaviy belgilarga, shuningdek, ayrim imtiyozlarga ko‘ra tabaqalanishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shuning uchun "Tashkent City"ga kirish bepul bo‘lishi shart.

Xalq demokratik partiyasi

Axborot xizmati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!