Tarkibida spirt bor dori va ozuqalar

Tarkibida spirt bor dori va ozuqalar

Mast qiluvchi spirt hozirda juda ko‘p dori-darmon vositalari va anchagina yeguliklarda ishlatilyapti. Buning sababi spirtda saqlovchilik (preservatives) xususiyati bor bo‘lib, undan mahsulotni aynitmay saqlash uchun foydalanilmoqda. Bundan tashqari spirt ko‘pgina kimyoviy maqsadlarda ham qo‘llanadi. Qisqasi zamonaviy sanoatning barcha sohalari spirt iste’moliga muhtoj. Shar’iy til bilan aytganda u “umumiy balvo”ga aylangan.

Spirt uch xil maqsadda ishlatiladi. 1. Davolanish uchun. 2. Tashqi iste’mol uchun. Siyox, atir va bo‘yoqlarda ishlatilgani kabi. 3. Yeguliklar uchun. Shokolad, muzqaymoq va biskvitlarga qo‘shilgani kabi.

Spirtni ishlatishning turli maqsadlariga nisbatan shar’iy hukmlarni o‘rganishni davolanish maqsadida undan foydalanish masalasidan boshlasak. Hanafiy mutaaxxir olimlarining fatvolari imom Abu Yusuf rahimahullohning: “Agar unda shifo borligi ma’lum bo‘lsa va boshqa shifo bo‘luvchi narsa topilmasa, harom narsalar bilan ham davolansa bo‘ladi” degan qavllariga asoslangandir. Ularga ko‘ra bu hukm hammo harom qilingan narsalarni, hatto xamrni ham o‘z ichiga oladi.

Molikiy va hanbaliylarda rojih qavlga ko‘ra, xamr bilan davolanish mutlaqo joiz emas. Shofi’iy va ba’zi molikiylarda esa, agar xamr boshqa doriga yedirib yuborilgan bo‘lsa u dori bilan muolaja qilsa bo‘ladi. Shulardan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, hanafiy mazhabimizdagi rojih qavl – agar spirt boshqa doriga yedirib yuborilmagan bo‘lsa ham  mutlaq haloldir. Faqat shu shart bilanki, o‘sha payt va o‘sha dardga boshqa halol dori-darmon topilmasin.

Keyingi iste’mol – spirtni davolanish uchun emas, balki atir, siyox va bo‘yoq kabi tashqi ishlatishning hukmiga kelsak, uning najosat yoki pokizaligiga qarab hukm farqlanadi. Hanafiy mazhabimizdagi muxtor qavlga ko‘ra, xurmo va uzumdan yasaladigan to‘rt xil ichimlikdan boshqasi najosat emas. Binobarin iste’mol uchun ishlatiladigan spirtlar mazkur to‘rt xil ichimlik sirasiga kirmaydi. Ular imom Abu Hanifa va imom Abu Yusuf rahimahumalloh qavllariga ko‘ra najosat emasdir. Demak, ularning qavllariga binoan tarkibida spirti bor atir, siyoh va bo‘yoq kabilarni ishlatish joizdir. Boshqa mazhablarda esa bu narsalar halol sanalmaydi. Shofii’ylar ayrim shartlar bilan spirt tashqi iste’molining ayrim ko‘rinishlarinigina joiz deyishgan.

Endi spirtning oxirgi iste’mol turi – yeyiladigan va ichiladigan mahsulotlarga qo‘shilishiga kelsak, uning hukmi imom Abu Hanifa rahimahullohga ko‘ra, agar u mast qilish darajasiga yetmasa, harom bo‘lmaydi. Mutaaxxir hanafiylar jumhurning mazhabiga asoslangan imom Muhammad rahimahullohning qavllariga fatvo beradilar. Unga ko‘ra mast qiluvchi ichimlikning ozi ham, ko‘pi ham haromdir. Lekin bu fatvo uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’mol qilishga tegishlidir. Ammo spirt boshqa moddaga aralashsa va spirt unda “istihola” jarayonidan o‘tsa, tanovvuli halol bo‘ladi. Lekin bu holda “istihola” spirtning mohiyati o‘zgarishi bilan bo‘lishi kerak. Uning sifatlari o‘zgarishining o‘zi “istihola” ma’nosida bo‘lmaydi.

Bu haqda Ibn Obidiyn rahimahulloh bunday deydilar: “Qiyomga aylantirish haqiqiy istihola emas. Chunki u pishirish sababli quyuqlashgan sharbatdir. Shuningdek kunjutni yanchib, chiqqan yog‘iga aralashtirilsa, bunda ham sifat o‘zgaradi xolos. Bu sutdan pishloq, bug‘doydan xamir va xamirdan non tayyorlangani kabi bo‘ladi. Lekin xamrning sirkaga aylanishi yoki eshakning tuz koniga tushib ketib, tuzga aylanishi boshqa masala. Chunki bu holatlarda faqat sifatning o‘zgarishi emas, balki bir haqiqat boshqa haqiqatga aylanishi, ya’ni istihola sodir bo‘lmoqda”.

Demak spirtning mohiyati haqaqatda o‘zgarmasa, balki faqat sifat o‘zgarishigina yuzaga kelsa, hanafiy ulamolar nazdida ham halol bo‘lmaydi. Balki Ibn Taymiya rahimahullohdan boshqa hech bir olim uning iste’molini joiz demagan.

Endi afyun, bang va gashish kabi mast qiluvchi qattiq moddalar masalasiga to‘xtalsak, bu moddalar najas emas. Ularni davolash va boshqa sanoat sohalarda ishlatish joiz. Binobarin ularning oldi-sotdisi ham muboh. Imom Haskafiy “Durrul-muxtor”da bunday deydilar: “Aqlni ketkazuvchi bu narsalar haqida shunday deyiladi: Aqlni ketkazar qadar ishlatmaydigan kishilarga mazkurlarni sotish joiz bo‘ladi”.

Alloh yanada biluvchiroq.

Mubashshir AHMAD,

Azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!