“So‘g‘diyona” – Tojikistonning amaldagi chempionini mag‘lub etdi

“So‘g‘diyona” – Tojikistonning amaldagi chempionini mag‘lub etdi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston superligasida yozgi oraliq tanaffus davom etmoqda. Transfer bozoridan unumli foydalanib, jamoalar o‘z tarkiblarini yangi nomlar bilan boyitib olgan va yozgi ta’tildan allaqachon klublari ixtiyoriga qaytgan futbolchilar o‘rtoqlik-nazorat uchrashuvlarida ishtirok etmoqda.
Bu yilgi chempionatda muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan Ulug‘bek Baqoyev murabbiyligidagi Jizzaxning “So‘g‘diyoga” professional futbol klubi ham qator o‘rtoqlik uchrashuvlarini muvaffaqiyatli o‘tkazayotir.

Kuni kecha jizzaxliklar mamlakatimizda o‘quv-yig‘inlarini o‘tkazayotgan Tojikistonning amaldagi chempioni, Osiyo chempionlar ligasida muvaffaqiyatli ishtirokini davom ettirayotgan Dushanbening “Istiqlol” klubiga qarshi o‘rtoqlik-nazorat o‘yinida maydonga tushdi. Toshkentdagi “Jar” stadionida kechgan bellashuv juda qiziqarli, keskin va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi.

Joriy chempionatimizda to‘purarlar bahsida 7 ta gol bilan peshqadamlik qilayotgan “So‘g‘diyona” hujumchisi Shoxruz Norxonov ushbu uchrashuvda ham o‘zini ko‘rsatib, dubl muallifiga aylandi va jizzaxliklar Tojikiston chempioni – “Istiqlol”ni 2:0 hisobida dog‘da qoldirdi.

Bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoyev ushbu o‘rtoqlik-nazorat uchrashuvida jamoaga yangi taklif etilgan bir qator futbolchilarni ham zaxiradan maydonga tushirib sinovdan o‘tkazib oldi.

Tojikistonliklar mamlakatimizdagi ushbu o‘quv-mashg‘ulotlari davomida dastlabki o‘rtoqlik uchrashuvida Bekobodning “Metallurg” klubini 1:0 hisobida mag‘lub etgandi. “Istiqlol” klubi Dushanbega qaytishidan avval O‘zbekistonda yana bir o‘rtoqlik-nazorat uchrashuvini Toshkentning “Lokomotiv” klubiga qarshi joriy yilning 24 iyulida o‘tkazishni rejalashtirgan.

Eslatib o‘tamiz, Olmaliqning “AGMK” jamoasini Osiyo chempionlar ligasi guruh bahslarida qolib ketishiga sababchi bo‘lgan klublardan biri “Istiqlol” jamoasi bo‘ladi.

O‘zbekiston chempionati superligasi birinchi davrasining so‘ngi tur o‘yinlari esa joriy yilning 30-31 iyul va 1 avgust kunlari o‘tkazilishi belgilangan. 31 iyul kuni “So‘g‘diyona” Jizzaxda Mirjalol Qosimov bosh murabbiyligidagi “AGMK” klubini qabul qiladi.

Bir haftalik kichik tanaffusdan so‘ng chempionatimizning 2-davrasi bahslariga start beriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!