SUDYALAR OLIY MAKTABI XALQARO EKSPERTLAR NIGOHIDA

SUDYALAR OLIY MAKTABI XALQARO EKSPERTLAR NIGOHIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan Sudyalar oliy maktabi sudyalar hamjamiyatining mustaqil organi sifatida sudyalar korpusini shakllantiradigan Sudyalar oliy kengashi huzurida tashkil etilgan. Xozirgi vaqtda, Oliy maktab sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarining malakasini oshirish funksiyasini bajarmoqda.

Sudyalar oliy maktabi tashkil etilgan davrdan boshlab 132 nafar sudyalikka nomzodlar magistratura kurslarida ta’lim olgan bo‘lsa, ulardan 111 nafari, ya’ni 84.9 % sudyalik lavozimiga tayinlandi. Hozirgi kunda 75 nafar sudyalikka nomzodlar Oliy maktabda ta’lim olishmoqda, qolaversa 897 nafar sudya, ya’ni respublikaning 87% sudyalari hamda 461 nafar sud apparati xodimlari malakasini oshirishdi. Shuningdek, 100 ga yaqin xalqaro va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda sudyalikka nomzodlar hamda sudyalar uchun mahorat darslari va seminarlar tashkil etildi, odil sudlovning dolzarb masalalarini tadqiq qilish maqsadida 50 ga yaqin xalqaro va 10 dan ortiq respublika tadbirlari o‘tkazildi. Sudyalar oliy maktabining 30 yaqin xodimlari xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarida bilimi va ko‘nikmalarini oshirgan holda tajriba almashib kelishdi.

Ta’lim jarayoniga bevosita yuqori malakali sudyalar, huquqshunos olimlar, soha mutaxassislari hamda xalqaro ekspertlar jalb qilinmoqda. Tajriba almashish maqsadida xorijiy davlatlarning sudyalarni tayyorlash bo‘yicha maxsus ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalar mustahkam o‘rnatilgan. Misol uchun, chet-el davlatlardagi Sudyalar oliy kengashlari huzurida bo‘lgan quyidagi ta’lim muassasalari Ispaniya Sudyalar oliy maktabi, Bolgariya Sudyalar milliy instituti, Ruminiya Milliy magistratura instituti, shuningdek mustaqil yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Fransiya Milliy magistratura maktabi, Italiya Odil sudlov maktabi hamda Kanada Milliy sudyalar instituti bilan hamkorlikda muntazam tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Sudyalarni tayyorlash bo‘yicha maxsus ta’lim muassasa mavjudligi va uning faoliyati jahon hamjamiyatining e’tiboriga tushib, bunday holat xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholanmoqda. Xususan bu borada, BMTning Sudya va advokatlarning mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi Diyego Garsiya Sayan o‘zining videointervyusida “Sud hokimiyati mustaqilligini himoya qilish va advokatlar faoliyatini erkin amalga oshirishlarini mustahkamlash yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z lavozimiga kirishgan kundan boshlab birinchi qadam sifatida mustaqil, xolis haqqoniy sud tizimini yaratib kelmoqda. Bunga Sudyalar oliy kengashi huzurida tashkil etilgan sudyalarni zamon talablariga javob beradigan, yetuk mutaxassislar qilib tayyorlash maqsadida Sudyalar oliy maktabi amaliy misol bo‘la oladi.

Haqiqatan ushbu ilmiy ta’lim muassasasi sud tizimining mustaqil organi sifatida tan olingan institutning shakllanishi, sudyalarning yangi avlodining vujudga kelishida, ularning boshqa tomonlardan keladigan aralashuvlarni bartaraf eta olishida, bilim, salohiyat va kuchga ega bo‘lishlarida, hamda sud tizimining mustaqil va erkinligini ta’minlashlarida muhim vazifani bajarmoqda. Alohida ta’kidlash kerakki, bunday maktab sudyalar va sud hokimiyati mustaqil instituti sifatida o‘z kasbiy majburiyatlarini ijro va qonunchilik hokimiyatlari yoki boshqa tashqi manbalarning ta’sirisiz, aralashuvisiz amalga oshirish imkonini yaratadi.

Sudyalar maktabining yaratilishi muhim qarorlar qabul qilishda induvidual va institusiyaviy mustaqilligini mustahkamlashda muhim qadamlardan biri deb hisoblayman. Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, Sudyalar oliy maktabining Konstitusion organ va sudyalar hamjamiyati organi bo‘lgan, hamda O‘zbekistonda sudyalar va sud hokimiyatining mustaqilligini kafolatlaydigan Sudyalar oliy kengashi qoshida tashkil etilgani sudyalarini saralashda, tayinlanishida, mustaqil va haqqoniy sudyalar hamjamiyatining shakllanishida, nazariy bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda yuqori natijalar bilan ko‘rsata olishlariga bo‘lgan ishonchlarini kuchaytirishda xizmat qiladi. Kengash maktabning amalga oshirayotgan ishlariga va bitiruvchilarning amalda ko‘rib chiqayotgan sud ishlariga tayangan holda sud ta’limini va sud vazifalarini amalga oshirish buyicha tavsiyalar ishlab chiqishi mumkin” deb fikrlarini bildirgan.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegasiyasi rahbari – Elchi Sharlott Adrian honim ham o‘z intervyusida “Biz haqiqatdan ham sudyalarni tayyorlash bo‘yicha yangi institutni, Sudyalar oliy maktabini ko‘rib turibmiz. Bu demokratlashtirish bosqichidagi eng muhim islohotlardan biri deb hisoblanadi. Biz Sudyalar oliy maktabi bilan doimiy hamkorlikni amalga oshirib kelganmiz va albatta kelgusida ushbu hamkorligimizni davom ettiramiz. Mukammal sud tizimi shaxs, jamiyat va iqtisodiy rivojlanish uchun muhim omillardan biri hisoblanadi. Aminmizki, Sudyalar oliy maktabi tomonidan tayyorlanayotgan bo‘lajak zamonaviy bilimli va malakali sudyalar sud tizimi mustaqilligini ta’minlashga xizmat qilishadi” deb fikr bildirgan.

Darhaqiqat bu kabi fikrlarni nafaqat yuqorida qayd etilgan xorijiy mutaxassislar, qolaversa BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska hamda Germaniyaning xalqaro hamkorlik bo‘yicha jamiyati (GIZ) rahbari Yorg Pudelka, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi rahbari Reshard Komendalar ham aynan Sudyalar oliy maktabining faoliyatininig natijalarini bugun ko‘zga yaqqol ko‘rinayotganligini ta’kidlashdi.

Sudyalar oliy maktabida Inson huquqlari va xalqaro huquq kafedrasi tashkil etildi hamda amaldagi va bo‘lajak sudyalar uchun yangi o‘quv moduli, ya’ni inson huquqlari oid normalar hamda xalqaro huquq normalarining qo‘llanilishi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari shakllantirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!