Sudyalar oliy kengashi Botir Qodirov va Jo‘rayevlar oilasini ish bo‘yicha turli bayonotlar berishdan tiyilishga chaqirdi

Sudyalar oliy kengashi Botir Qodirov va Jo‘rayevlar oilasini ish bo‘yicha turli bayonotlar berishdan tiyilishga chaqirdi

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida da’vogar B. Qodirovning Jo‘rayevlarga nisbatan “otalik faktini belgilash”ga oid fuqarolik nizosi ko‘rib chiqilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, fuqarolik nizosi taniqli shaxslar o‘rtasida kechayotgani hamda marhum va mashhur inson hayoti bilan bog‘liqligi bois voqealar rivoji keng jamoatchilik tomonidan katta e’tibor bilan kuzatilayotgani, ayni jarayonda ish bo‘yicha taraflarning holatiga tushunish bilan munosabatda bo‘lish mumkin.

Biroq nizo sudlashish darajasiga yetib, prosessual jarayonlar davom etayotgan bir paytda taraflar (yoki ularning vakillari) tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Tarmoqlardagi muhokamalarda hali yakuniga yetmagan ish bo‘yicha turli bashoratlarga berilishlar, suddan avval “qaror chiqarib qo‘yish” holatlari mavjud, eng yomoni, nizo sudda xolis va beg‘araz ko‘rilishiga asossiz shubhalar ham bildirilmoqda. Bularning hammasi sudga nisbatan ijtimoiy bosim paydo qilayotganiga ta’kid shart emas.

Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati, mavjud vaziyatdan kelib chiqib, ish bo‘yicha taraflarni turli shakl va ko‘rinishda bayonot berishdan tiyilishga, jurnalist va blogerlarni esa shaxsga oid ma’lumotlar hamda sud ishiga doir axborotlarni tarqatishdek nozik va hassos masalaga mas’uliyat bilan yondoshishga chaqiradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!