Kanadadagi o‘rmon yong‘ini AQShning to‘rt shtatida havo sifatini yomonlashtirmoqda

Kanadadagi o‘rmon yong‘ini AQShning to‘rt shtatida havo sifatini yomonlashtirmoqda

Kanadada davom etayotgan o‘rmon yong‘ini tufayli tumanli ob-havo Amerikaning to‘rt shtatini ham qamrab oldi. Bu holat havo sifatiga keskin salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

“NBC News” telekanali Kanad Idoralararo o‘rmon yong‘ini markazi ma’lumotiga tayanib xabar berishicha, mamlakat bo‘ylab 146 yong‘in sodir bo‘lib, g‘arbda 11 300 gektar maydon yonib ketgan. Bu joriy mavsum yirik o‘rmon yong‘ini birinchi seriyasidir. Britaniya Kolumbiyasi va Albertadagi o‘nlab ofat o‘chog‘i “nazoratdan tashqarida” deya ta’riflanmoqda.

Kanadadan chiqayotgan tutunni shamol Montana, Shimoliy Dakota, Janubiy Dakota va Minnesota shtatlarigacha olib boryapti. AQSh atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi indeksi shuni ko‘rsatdiki, ushbu hududlarda havo sifati aholi uchun “o‘rtacha”dan “nosog‘lom”gacha tushgan.

O‘rmon yong‘ini natijasida havo kirlanishi diqqat bilan nazorat qilinadi, chunki diametri 2,5 mikrometrdan kam mayda tutun zarrasi inson immunitetini zaiflashtirishi, astma, o‘pka saratoni va boshqa surunkali nafas yo‘li kasalliklari xavfini oshirishi mumkin. Keksalar, chaqaloqlar, bolalar va homilador ayollar yomon havoga nisbatan eng zaif qatlam hisoblanadi.


Kanada rasmiylari fikricha, mamlakat tarixdagi eng halokatli o‘rmon yong‘ini mavsumini boshdan kechirgan o‘tgan yil 18,2 million gektar maydon yonib ketgan. Mamlakat yana yong‘in xavfi yuqori mavsumga tayyorlanmoqda. Hukumat may oyigacha yuqori xavfli hududlarda qurg‘oqchilik saqlanib qolishi, bu tabiiy va texnogen yong‘in xavfini oshirishiga urg‘u bergan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!