"Shoxlarda shifobaxsh xususiyat yo‘q" Hindistonda 2500 ga yaqin karkidon shoxi yoqib yuborildi

"Shoxlarda shifobaxsh xususiyat yo‘q" Hindistonda 2500 ga yaqin karkidon shoxi yoqib yuborildi

22 sentyabr — Butunjahon karkidonlar kuni. Shu munosabat bilan Hindistonning Assam shtati rasmiylari 2479 ta karkidon shoxini yoqib yubordi. Bundan maqsad shoxlarda dorivor xususiyat yo‘qligini namoyish qilish bo‘lgan, deb yozadi Hindustan Times.

Shoxlar 1979 yildan buyon qo‘riqxonalar va milliy bog‘lardagi brakonyerlardan musodara qilib kelingan, shuningdek, nobud bo‘lgan karkidonlardan kesib olingan. O‘sha vaqtdan beri hukumat ixtiyorida karkidon shoxlarining eng katta zaxirasi to‘planib qolgandi. Shu bilan birga, shoxlarning 50 tasi sudda ko‘rib chiqilayotgan ishlar tufayli omborda qoldirilgan, 94 tasi esa ta’lim maqsadlarida saqlanib qolmoqda.

«Bu voqea orqali biz butun dunyoga karkidon shoxlari faqat zich tolalar massasi ekanini va ular hech qanday dorivor ahamiyatga ega emasligini yetkazmoqchimiz. Biz odamlarni xurofot yoki afsona tufayli bu noyob hayvonlarni o‘ldirmaslikka, ularning shoxlarini sotib olmaslikka undamoqchimiz. Karkidonlarning tabiiy yashashi va rivojlanishiga imkon berishimiz kerak.

Ba’zilarning aytishicha, shoxlarni yo‘q qilish o‘rniga ularni sotishimiz kerak edi. Ammo biz qo‘lga olingan giyohvand moddalarni sota olmaganimizdek, karkidon shoxlarini sotishdan ham pul ishlay olmaymiz», — dedi Assam bosh vaziri Himanta Bisva Sarma.

Assamda dunyodagi eng yirik bir shoxli karkidonlar yashaydi. 2018 yilgi hayvonlarni ro‘yxatga olish yakunlariga ko‘ra, shtatda 2650 ga yaqin karkidon bor, ulardan 2400 ga yaqini Kaziranga milliy bog‘ida to‘plangan.

Ushbu hayvonlarning shoxlari Osiyo mamlakatlarining an’anaviy tibbiyotida, jumladan, quvvatdori hisoblanadi. Ularning narxi ming dollardan oshadi, bu esa karkidonlarni ommaviy o‘ldirishga olib kelmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!