Shaxmat: Bugun “Qatar Masters Open” g‘olibi aniqlanadi

Shaxmat: Bugun “Qatar Masters Open” g‘olibi aniqlanadi

G‘oliblikka da’vogarlar safida hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov va Nodirbek Yoqubboyev ham bor.

O‘n kundan buyon shiddatli bahslari bilan dunyo shaxmat ishqibozlarining diqqat markazida bo‘lgan “Qatar Masters Open” turniri ham oxirgi nuqtaga yaqinlashmoqda. Musobaqa g‘olibligiga asosan kimlar da’vogarligi deyarli ma’lum bo‘lib qoldi.

Bugun, 20 oktyabr kuni o‘tkaziladigan 9-tur o‘yinlari “Qatar Masters Open”ning bosh sovrini kimga, sovrinli o‘rinlar qaysi shaxmatchilarga nasib etishini belgilab beradi.

E’tiborli jihati, Dohada kechayotgan nufuzli turnir g‘olibligiga bir emas, 3 nafar iste’dodli grossmeysterimiz asosiy da’vogarlar qatoridan joy olib turibdi.

Ortda qolgan turlar sarhisobiga ko‘ra, hozircha 6,5 ochko bilan hindistonlik Arjun Erigaysi yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, undan keyingi pog‘onada 6 ochkoga ega 6 nafar shaxmatchi unga raqobat ko‘rsatmoqda. Ular orasida Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov va Nodirbek Yoqubboyev ham bor.

Kecha o‘tkazilgan 8-tur o‘yinlarida 6 nafar o‘zbekistonlik shaxmatchilar uzaro kuch sinashdi. Javohir Sindorov-Nodirbek Yoqubboyev va Shamsiddin Vohidov-Abdumalik Abdusalomov qarama-qarshiligidagi bahslarda murosa yo‘li tanlandi va har biri 0,5 ochkoga ega bo‘ldi.

Jahongir Vohidov hamda Nodirbek Abdusattorov “dueli”da esa Nodirbek 1 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Aynan ushbu ochko yetakchi shaxmatchimizni “Qatar Masters Open”ning bosh sovriniga da’vogarlik maqomiga olib chiqdi, deyish mumkin.

Xalqaro turnirning bugun o‘tkaziladigan so‘nggi 9-tur o‘yinlarida turnirda yetakchilik qilayotgan Arjun Erigaysi hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov bilan kuch sinashadi. Musobaqaning markaziy uchrashuvi sifatida talqin etilayotgan bellashuvda terma jamoamiz a’zosi oq donalarda harakatlanayotgani kichik ustunlikni taqdim etayotgan bo‘lsa-da, 14 yoshida grossmeysterlik darajasiga erishgan Arjun qora donalarda ham erkin harakatlanishi bilan ajralib turadi.

Aytish lozim, Abdusattorov-Arjun nufuzli musobaqalarda 7 marta kuch sinashgan. O‘tgan musobaqalarda Nodirbek hindistonlik shaxmatchini 3 marta mag‘lubiyatga uchratgan. 2 bor durang va 2 ta mag‘lubiyat holatida sakkizinchi bor ro‘baro‘ kelmoqda.

Shuningdek, 9-turda Murali Kartikeyan-Nodirbek Yoqubboyev, Anish Giri-Javohir Sindorov, Sl Narayanan – Xikaru Nakamura bahslari “Qatar Masters Open” turnirining g‘olibini aniqlashda muhim hisoblanadi.

Bugungacha “Qatar Masters Open”da 1 nafar shaxmatchi 6,5 ochkoga, 6 nafar shaxmatchi 6, 11 nafari 5,5, 22 nafari 5, 23 nafari esa 4,5 ochkoga ega bo‘lib turibdi.

Eslatib o‘tamiz, Dohada poyoniga yetib borayotgan xalqaro turnirning mukofot jamg‘armasi 108 ming 250 AQSh dollaridan iborat bo‘lib, g‘olib shaxmatchi 25 ming, 2-o‘rin sohibi 15 ming va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan shaxmatchi 10 ming AQSh dollariga ega bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!