Tojikistonda hojilarni tantanali kutib olish taqiqlandi

Tojikistonda hojilarni tantanali kutib olish taqiqlandi

Majlisi Namoyandagon (Tojikiston parlamenti quyi palatasi) 8 may kuni «An’ana va marosimlarni tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish masalasini muhokama qildi. Tojikiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbari Sulaymon Davlatzoda qonunning yangi tahriri zamon talablariga javob berishini ta’kidladi.

Qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, Ramazon va Qurbon hayitida bolalar ishtirokidagi an’anaviy «Idgardak» tadbiri taqiqlanadi. Unda bolalar qarindoshlari va qo‘ni-qo‘shnilarining uylariga borib, ularni tabriklaydi, sovg‘alar oladi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbari parlamentda so‘zlagan nutqida «Idgardak» odati boshqa mamlakatlarda yo‘qligini, dinda ham tilga olinmaganini, bundan tashqari, bu bolalar uchun xavfli ekanligini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Davlatzodaning parlamentda aytishicha, qonun loyihasining 11-moddasiga ko‘ra, tibbiyot muassasalarida o‘g‘il bolalarni bepul sunnat qilish muddati tug‘ilgandan keyin 20 kundan 1 oygacha uzaytirildi. Xayriya sunnatlari bilan bog‘liq me’yorlar bekor qilindi, chunki bu marosimlar oilaviy marosimlarga aylandi.

Bundan tashqari, qonun loyihasining 12-moddasida to‘y bilan bog‘liq ikkitadan ortiq marosim o‘tkazilmasligi belgilab qo‘yilgan va to‘y bilan bog‘liq boshqa tadbirlar taqiqlangan.

Fuqarolarga mablag‘larni to‘yxona va restoranlardagi to‘y dasturxoni o‘rniga xayriya ishlariga, masalan, yo‘llarni ta’mirlash, suv quvurlarini yotqizish va ijtimoiy ob’ektlarni qurish uchun sarflash taklif qilingan.

Shuningdek, haj yoki umra ziyoratiga borganlarni kutib olishda hovlilar, ko‘chalar, mahallalar va avtomashinalarni bayramona bezash, sovg‘alar tarqatish taqiqlanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!