Shavkat Mirziyoyev xalqaro sammitda ishtirok etdi

Shavkat Mirziyoyev xalqaro sammitda ishtirok etdi

30 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan Seul shahrida videoanjuman shaklida o‘tayotgan “Yashil o‘sish va global maqsadlar uchun hamkorlik – 2030” ikkinchi xalqaro sammiti ishida ishtirok etdi.

Ikki kunlik forum kun tartibidan iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yengib o‘tish, “yashil” tiklanish va uglerod neytralligini ta’minlash, shuningdek, BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va Iqlim bo‘yicha Parij bitimi qoidalarini bajarish masalalari o‘rin olgan.

Tadbirda dunyoning yetakchi mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlari, yuqori darajadagi vakillari, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etmoqda.

Xususan, sammitda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Yevropa Kengashi Raisi Sharl Mishel
va Yevropa Komissiyasi Raisi Ursula fon der Lyayen, Germaniya Kansleri Angela Merkel, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon, XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Kesyan, AQSh Prezidentining iqlim masalalari bo‘yicha maxsus vakili Jon Kerri, XVF boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva, Yashil o‘sish global instituti raisi Pan Gi Mun va IHTT bosh kotibi Anxel Gurriya qatnashmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida “yashil” tiklanish sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlarning muhim yo‘nalishlarini qayd etdi hamda bu boradagi xalqaro hamkorlikning istiqbollari yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon qildi.

Davlatimiz rahbari “yashil” va barqaror taraqqiyotga xizmat qiladigan samarali qarorlar qabul qilish uchun butun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligini alohida ta’kidladi.

Orol dengizi halokatining global oqibatlarini yengib o‘tish bu boradagi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Shu munosabat bilan Prezidentimiz yaqinda O‘zbekiston tashabbusi bilan Orolbo‘yini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish bo‘yicha qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasi to‘liq qo‘llab-quvvatlangani uchun barcha xalqaro hamkorlarga minnatdorlik bildirdi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni, shu jumladan maxsus tashkil etilgan BMT Trast jamg‘armasi, Yashil o‘sish global instituti, “P4G” sheriklik platformasi va boshqa xalqaro institutlar doirasida birgalikda faol davom ettirish taklif etildi.

Mintaqamizda iqlim o‘zgarishlari, bug‘lanish darajasini oshiruvchi gazlar va atmosfera ifloslanishi muammolari ta’sirida transchegaraviy daryolar oqimi va biologik xilma-xillik qisqarayotgani munosabati bilan jiddiy xavotir bildirildi.

O‘zbekiston Parij bitimi doirasida 2030 yilga qadar parnik gazlarini atmosferaga chiqarishni qisqartirish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishga sodiq ekani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan “yashil” texnologiyalarni keng joriy qilish va “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish O‘zbekistonda yaqin o‘n yilda qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 3 barobardan ziyodga ko‘paytirish imkonini berishi qayd etildi.

Kelgusi yili O‘zbekistonda “Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yashil energetika” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish, shuningdek, “yashil” iste’mol madaniyatini shakllantirish maqsadida “yashil iqtisodiyot”ni barpo etishga yoshlarni jalb etish bo‘yicha maxsus dasturni amalga oshirish tashabbuslari ilgari surildi.

Prezidentimiz ushbu muhim sohada amaliy hamkorlikni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston «P4G» sherikligiga qo‘shilish hamda uning to‘laqonli ishtirokchisiga aylanishga tayyor ekanini bildirdi.

Forum ishi davom etmoqda. Uning yakunida “yashil” tiklanish va barqaror taraqqiyot sohasidagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish bo‘yicha eng muhim vazifalarni o‘zida aks ettiradigan Seul deklarasiyasi qabul qilinadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!