Samarqandlik erkak hamtovog‘i bilan 20 nafardan ortiq fuqaroni chet elda quldek ishlatib kelgani ma’lum bo‘ldi

Samarqandlik erkak hamtovog‘i bilan 20 nafardan ortiq fuqaroni chet elda quldek ishlatib kelgani ma’lum bo‘ldi

Bosh qomusimiz — mamlakatimiz Konstitusiyasining 13-moddasiga ko‘ra, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Mazkur konstitusiyaviy tamoyil amaldagi qonunlarimizda ham o‘zining teran ifodasini topgan.

Xususan, qonunlarimizda inson sha’ni va qadr-qimmatiga qarshi sodir etilgan jinoyatlar uchun tegishli javobgarlik belgilangan. Masalan, Jinoyat kodeksining 135-140-moddalarini o‘z ichiga olgan «Shaxs­ning ozodligi, sha’ni va qadr-qimmatiga qarshi jinoyatlar» deya nomlangan VI-bobi ham bu fikrimizni yaq­­qol tasdiqlaydi.

Eng asosiysi, sudlar tomonidan bunday og‘ir qilmishlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoning muqarrarligi ta’minlanmoqda.

Shu o‘rinda fikrimizni hayotiy misollar asosida davom ettirsak, Samarqand tumanida yashagan Nodir Ma’rupov (ism-shariflar o‘zgartirilgan) 2011 yil mart oyining boshlarida Baliqchi tumanida yashaydigan hamtovog‘i X. Soliyev (u jinoyat ishlari bo‘yicha Izboskan tumani su­dining 2014 yil 11 noyabrdagi huk­mi bilan qonuniy jazoga tortilgan) bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda odam savdosi jinoyatini sodir etishadi.

Gap shundaki, avvaliga X. Soliyev Baliqchi tumanida yashovchi tanishi D. Roziqovni, 2011 yil aprel oyining o‘rtalarida A. Nazarov, A. Ummatov va O. Zokirovni aldab, xorijiy davlatga olib boradi. Maqsad — ulardan arzon ish­chi kuchi sifatida foydalanish edi.

— Har oyda katta miqdorda ish ha­qi olasizlar. Turar joy va oziq-ovqat tekin, — deya u yolg‘on va’da beradi.

Ammo X. Soliyev xorijiy davlatga yetib kelgach, to‘rttala yigitning ham fuqarolik pasportini olib qo‘ya­di hamda ularni og‘ir sharoitda yashash va ishlashga majbur qiladi. Buning ustiga u D. Roziqovning 2 706 200 so‘m, A. Nazarovning 7 000 000 so‘m, O. Zokirovning 7 171 430 so‘m miqdoridagi ish ha­qini bermay o‘zining shaxsiy ehtiyojiga sarflab yuboradi. Ustiga-ustak, ularning fuqarolik pas­por­t­i­ni ham qay­­tarib bermaydi. Ke­yinchalik esa, N. Ma’rupov jabr­lanuv­chilarni qo‘y­nini puch yong‘oqqa to‘ldirib, boshqa manzilga boshlab boradi. Ammo u ham xuddi hamtovog‘i X. Soliyev singari jabrlanuvchilarni ishlatib, ish ha­qini bermaydi.

Bundan tashqari N. Ma’rupov hamtovog‘i X. Soliyev bilan yana jinoiy til biriktirib, 2011 yil iyul oyi­ga qadar Baliqchi tumanida yashovchi U. Kenjayev, B. Po‘latov, U. Nazarov, M. Teshaboyev, A. Komilov, B. Komilov, I. Soliyev, X. To‘rayev, M. Jo‘rayev, M. Abdumutalov, M. Rasulov, E. Mamarahimov, M. Boltaboyev, F. Ismonov, X. Kenjayev, A. Roziqovdan ham arzon ishchi kuchi sifatida foydalanadi. Ya’ni ularni ham qop-qop va’dalar berib, aldagan ko‘yi xorijga olib boradi. So‘ngra ularning fuqarolik pasportini olib qo‘yib, og‘ir ishlarni bajarishga majbur qiladi. Qolaversa, ularning 63 million 283 ming so‘mlik ish haqini o‘zining hamyoniga uradi. N. Ma’rupov jinoiy sherigi X. Soliyevning ukasi I. Soliyevni ham ayab o‘tirmaydi.

— Men sizlarni sotib olganman, — deydi N. Ma’rupov. — Shuning uchun ishlashga majbursizlar…

Oxir-oqibat jabrlanuvchilar og‘ir qiyinchilik va mashaqqatlarni boshdan kechirib, yaxshi insonlarning ko‘­magi bilan o‘z uylariga qaytishga muvaffaq bo‘lishadi. Shundan so‘ng ular huquqni muhofaza qiluvchi idoraga mu­rojaat qilishadi. Bi­nobarin, ush­bu holat bo‘yicha o‘sha paytdayoq jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Lekin N. Ma’rupov xorijdan qaytmagani bois unga nisbatan qidiruv e’lon qilinadi. Bundan 5 yil muqaddam — 2017 yil 15 sentyabrda unga nisbatan qamoqqa olish tariqasidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Joriy yilning 13 yanvar kuni u qa­moqqa olindi.

Yaqinda N. Ma’rupovga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Baliqchi tumani sudida ko‘rib chiqildi. Sud N. Ma’rupovni Jinoyat ko­deksining 135-moddasi 2-qismi “b”, “d”, “e”, “i” bandlari bilan aybdor deb topdi va qonuniy jazo tayinladi. Shuningdek, sud hukmida Nodir Ma’rupovdan jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararlarni undirish ham belgilandi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, qonun ustuvorligini ta’minlash va har bir ish bo‘yicha adolatni yuzaga chiqarish insonparvarlik siyosatiga asoslangan jamiyatning yagona talabidir.

Kezi kelganda yana bir holatni e’tirof etish joiz. So‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi tufayli mamlakatimizning bar­cha hududlarida sanoat, xizmat ko‘rsatish va agrar sohalarda yangidan-yangi loyihalar amalga joriy etilmoqda. Qolaversa, har bir oilaga qish­loq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun yer maydoni ajratib berilmoqda. Natijada minglab yangi ish o‘rinlari yaratilib, aholining doimiy bandligi ta’minlanmoqda. Eng quvonarlisi, bu ezgu sa’y-harakatlar yurtdoshlarimizning xorijga ish iz­lab ketishiga barham berib, odam savdosidek ayanchli jinoyatlarning oldini olmoqda.

Furqatjon SOBIROV,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Baliqchi tumani sudi raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!