Samarqandda voyaga yetmagan shaxsni zo‘rlagani uchun qamalgan yigitning onasi IIB xodimlari ustidan shikoyat qildi

Samarqandda voyaga yetmagan shaxsni zo‘rlagani uchun qamalgan yigitning onasi IIB xodimlari ustidan shikoyat qildi

Samarqand viloyati Payariq tumanida voyaga yetmagan shaxsni zo‘rlagani uchun qamalgan yigitning onasi IIB xodimlari ustidan shikoyat qilib, ijtimoiy tarmoqlarga murojaat bilan chiqdi. Bu haqda «Bugun.uz» ma’lumot berdi.

Xabarga ko‘ra, 2020 yil 20 avgust kuni Payariq tumanida yashovchi 2004 yilda tug‘ilgan U.SH. voyaga yetmagan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi hamda 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoiy harakatlarni sodir etgani uchun, unga nisbatan 2020 yil 6-sentyabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.

Tergov harakatlari davomida bir qator sudga oid ekspertiza xulosalari va boshqa to‘plangan dalillar bilan voyaga yetmagan U.SH.ning aybi to‘liq tasdiqlangan. Jinoyat ishida ayblangan U.SH.ni voyaga yetmaganligini inobatga olib, u bilan bog‘liq barcha tergov harakatlari pedagog, qonuniy vakili va himoyachisi ishtirokida video tasvirga olingan holda o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, U.SH.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi hamda 119-moddasi 4-qismi bilan ayblov e’lon qilib, ehtiyot chorasi sifatida «munosib hulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat» qo‘llanilib, 2020 yil 31 oktyabr kuni jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilgan.

Jinoyat ishi 2021 yilning 21 yanvar kuni JIB Payariq tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, U.SH. shu moddalar bilan aybli deb topilib, 7 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Ayblanuvchining yaqin qarindoshlari tomonidan qilingan shikoyatga asosan 2021 yil 5 mart kuni jinoyat ishi appelyasiya tartibida ko‘rib chiqilib, dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Ma’lum qilinishicha, uning onasi G.K.ning xodimlarning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib qilgan murojaati yuzasidan qo‘shimcha xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!