Samarqandda qorovul jinoyatchilarni fosh etdi

Samarqandda qorovul jinoyatchilarni fosh etdi

Sokin tun. Qishloq ko‘chalarida sukunat hukmron. Har zamonda itlarning bezovta hurgani eshitilib qoladi. Bu paytda zarur ishi bo‘lmasa, hech kim ko‘chaga chiqmaydi.

Kun bo‘yi turmush tashvishlari bilan charchab, uyquga ketgan odamlarning uylarida allaqachon chiroqlar o‘chgan. Bu tunda faqat Shokir bilan Sobir bedor (ismlar o‘zgartirilgan). Hammaning ishi ertalab quyosh chiqishi bilan boshlansa, bu ikkisining ishi ayni shu vaqtda tugaydi.

Shokir Sobirdan ikki yosh kichik. Ikkisi ham qishloqning bekorchi yigitlaridan. Yoshlari orasida tafovut bo‘lsa-da, bir maqsadgina bu ikkisini birlashtirib turadi. Ularning maqsadi – oson yo‘l bilan mo‘may daromad topish. Bir hafta muqaddam qo‘shni qishloqdagi uylardan biriga o‘g‘irlikka tushib, ancha-muncha buyumlarni qo‘lga kiritgan bu ikki yigit "daromad"ni allaqachon hazm qilishga ulgurgan, bugun esa navbatdagi "ov"ga chiqishgan edi.

- Bugun kimnikiga tushamiz? - so‘radi hamisha yoshi kattaligi uchun Sobirning chizgan chizig‘idan chiqmaydigan Shokir sherigiga savol nazari bilan tikilgancha.

- Bu safar qishloq do‘konini "tozalaymiz". Mayda-chuyda narsalar jonga tegdi. Bugun ishimiz o‘ngidan kelsa, ko‘proq narsani qo‘lga kiritamiz.

- Axir, u yerda qorovul bor-ku.

- E, Suvonqul akani bilasan, tun yarim bo‘lmasdan uxlab qoladi. Bu yog‘idan xavotir olmasak ham bo‘ladi. Uni obdon kuzatganman. Qachon do‘kon aylanib, qachon uxlab qolishini yaxshi bilaman. Bizni ko‘rgan taqdirda ham ushlab ololmaydi. Keksaligi pand beradi, qorong‘uda bizni tanib qolishi haqida gapirmasak ham bo‘ladi.

Avvaldan Sobirning chizgan chizig‘idan chiqmaydigan Shokir bu gal ham indamay qo‘ya qoldi. Unga qayerga o‘g‘irlikka tushishning unchalik ahamiyati ham yo‘q edi, daromad yaxshi bo‘lsa bo‘lgani.

Ular mo‘ljalga olgan do‘kon qishloq markazida joylashgan. Qishloq aholisini oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechak, kundalik ehtiyojga zarur mahsulotlar bilan ta’minlardi.

Shu kuni ular do‘konga o‘zlari reja qilganidek, maxsus asboblar orqali deraza romini buzib kirdi. Ular o‘z ishiga shunchalik berilib ketishdiki, natijada ortlaridan kimdir kelib, ularni kuzata boshlaganini sezmay ham qolishdi.

Qorovul qo‘lidagi yoritqichni Sobirning yuziga qaratdi va uni tanib, boshini chayqadi.

- Odam bo‘lmabsan, Sobir. Maktabda o‘qigan vaqting kim bo‘lishing aniq edi.

Suvonqul gapini oxirigacha yetkaza olmadi. Qorong‘ida boshiga kelib tushgan temir zarbasidan yerga yiqildi va shu zahoti hushini yo‘qotdi. Uning ortida Shokir qo‘lida temir asbobni ushlab, qilgan ishidan qo‘rqqanidan qotib turardi.

Ertasiga butun qishloq voqeadan xabar topdi. Qorovul kasalxonada hushiga keldi va barcha masalaga oydinlik kiritildi. Jinoyatchilar qilmishlariga yarasha jazo oldi.

Manba: zarnews.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!