Rus maktablari nega kerak?

Rus maktablari nega kerak?

“Faqat xalq ta’limigina o‘lkani ruhan bosib olishga qodir, na qurol va na qonunchilik buning uddasidan chiqolmaydi, balki maktab va faqatgina maktab buni uddalay oladi”.(Fon Kaufman)
E’tibor beryapsizmi, keyingi paytlarda aksariyat o‘zbeklarimiz farzandlarini rus maktablariga berishni odat qilib olyapti. Ota-onalar bu harakatini ikki vaj bilan asoslaydilar: farzandi rus tilini mukammal o‘rganishi va sifatli ta’lim olishi (ayrimlar o‘qitish sifati o‘zbek tilli maktablarda past deb hisoblaydi).
Avvalo, rus tilini o‘zbek tilli maktabga qatnab ham o‘rgansa bo‘ladi (shundog‘am rus tilli maktablarda sinf ichida ham ko‘pincha o‘zbek tilida gaplashiladi). Shunday o‘zbek maktablari borki, u yerni bitirgan bolalar ingliz tili va yana boshqa chet tillarida ham bemalol gaplasha oladi;

Ota-onalar ko‘rsatadigan ikkinchi sabab ham haqiqatga uncha to‘g‘ri kelmaydi: keyingi vaqtlarda fanlar bo‘yicha jahon olimpiadalarida yuqori o‘rinlarni olib kelayotgan o‘zbekistonlik bolalarning deyarli hammasi o‘zbek maktablardan chiqyapti.

Endi shu yerda mantig‘imizni yordamga chaqiramiz: avvalboshdan (sho‘rolar davridan) tashkil etila boshlangan rusiyzabon maktablar – aslida O‘zbekistondagi o‘zbek tilini bilmaydigan, ona tilisi rus tili hisoblangan rus va boshqa o‘zbek bo‘lmagan millat farzandlarini o‘qitish uchun tashkil qilingan maktablardir. Ya’ni rus maktablar aslida rusiyzabon bolalar uchun. Shunga e’tibor berish kerak.

Endi maqsadga ko‘chsak: har qanday til o‘zi bilan madaniyat tashish xususiyatiga ega. O‘zbek maktabda o‘qiyotgan o‘zbek bolalari bilan rus maktabda o‘qiydigan o‘zbek bolalari o‘rtasida yaxshigina tafovut, ham ijobiy, ham salbiy farqlar bor. Ijobiy tomonlari barchaga ma’lum: rus tilini o‘rganishi, “chestniy” bo‘lishi va h.k.

Biz esa faqat salbiy jihatlari haqida gapiramiz. Bizga Navoiy, Bobur, Qodiriy va Fitratlarni biladigan, bilib ham, ularni his qiladigan o‘zbekistonliklar kerak. Rusiyzabon maktabda tahsil oluvchi istalgan bolani televizor qarshisiga o‘tirg‘izib, uni “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi”ni ko‘rishga majburlangchi, u o‘zida shu ko‘rsatuvni ko‘rishga toqat topa olarmikan?! Toqat qilolmaydi: o‘zbek adabiy tilini tushinmasligi bir yonga bo‘lsa, dialoglardagi sharqona xarakterga xos nozik tushunchalarni maktabda rus tili orqali ololmaganligi bir yonga bo‘ladi. Ya’nikim, tarixiy o‘zbek qadriyatlariga xos nozik tushunchalarni boshqa til yetkazib bera olmaydi. Bu yerda xorijiy tilning aybi yo‘q, bu yerda o‘zbek tilining mavqei balandligi – asosiy sabab.

Hali xulosa qilishga shoshilmang: maktab qanday qudratli kuchga ega ekanligini maqolaning keyingi qismida tarixiy dalillar orqali bilib olamiz.

Manba: "Ildiz" telegram kanali


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!