Rossiyada «davlatga xiyonatga tayyorgarlik ko‘rish»da ayblangan faol vafot etdi

Rossiyada «davlatga xiyonatga tayyorgarlik ko‘rish»da ayblangan faol vafot etdi

Sakkiz yillik qamoq jazosini olgan Igor Pokusin 61 yoshida vafot etdi. «Siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlash. Memorial» inson huquqlari loyihasi Pokusinni siyosiy mahbus sifatida tan oldi.

Davlatga xiyonat qilishga tayyorgarlik ko‘rganlikda ayblanib, sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm qilingan abakanlik faol Igor Pokusin 61 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi «Sibir.Realii» loyihasi 14 iyun, juma kuni marhumning oilasiga yaqin manbalarga tayanib.

Pokusin sudlanganidan olti oy o‘tib, 11 iyun kuni vafot etdi. O‘lim joyi haqida ma’lumot berilmagan. Hukm kuchga kirgunga qadar u Abakandagi 1-sonli tergov izolyatorida saqlangan.

Faolning jinoiy ishi

Faolga nisbatan jinoiy ish o‘tgan yil oxirida qo‘zg‘atilgan. «FSB» ma’lumotlariga ko‘ra, u Ukraina armiyasiga qo‘shilishni rejalashtirgan. Pokusinning o‘zi buni rad etdi. Oilasi u shunchaki Rossiyani tark etmoqchi ekanligini bildirdi. Ish materiallarida Pokusin va do‘stlari o‘rtasidagi suhbatlar mavjud bo‘lib, unda u o‘zini Rossiyadan himoya qilayotgan Ukrainaga yordam berish istagi haqida aytib o‘tgan.

Igor Pokusin Odessada tug‘ilgan, Kirovograd oliy fuqaro aviasiyasi maktabida o‘qigan va Abakanga xizmat o‘tash uchun yuborilgan. 2022 yil bahorida, Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlanganidan so‘ng, Pokusin Abakan markazida Z harfi yozilgan bannerga bo‘yoq uloqtirib, o‘lkashunoslik muzeyi devoriga «Ukrainaga shon-sharaflar bo‘lsin» deb yozib ketgan. Polisiya ikki oydan keyin uning iziga tushdi va dekabr oyida faol vandalizmda ayblanib, olti oylik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi.

Tergov jarayonida Igor Pokusin mamlakatni tark etishga uringan, biroq «FSB» xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Mustaqil «Xolod» loyihasiga ko‘ra, Pokusin boshiga qop kiydirilgan holda o‘rmonga olib chiqib ketilgan, boshi uzra o‘q uzilgan hamda Ukrainaga qaytish va «vataniga maxsus harbiy operasiya paytida hujumga qarshi turishda yordam berish» istagini tan olgan holda videoda chiqishga majburlangan.

«Dokole» ijtimoiy harakatining tashkilotchisi

Abakanda Pokusin «Dokole» jamoat harakatining tashkilotchisi sifatida tanilgan, uning a’zolari huquq-tartibot idoralari xodimlari suiiste’mollariga qarshi kurashgan. 2013 yilda u muxolifatdagi PARNAS partiyasidan Xakasiya Oliy kengashiga saylanishga harakat qilgan, biroq saylov komissiyasi uni ro‘yxatga olishdan bosh tortgan.

2023 yilda Igor Pokusin davlatga xiyonat qilishga urinishda ayblanganidan so‘ng, «Memorial» inson huquqlari tashkiloti uni siyosiy mahbus deb tan oldi. «Memorial» hisobotida qayd etilishicha, Pokusinning salomatligi Ukraina armiyasida xizmat qilishga imkon bermagan. «Agar Pokusinning bunday rejalari bo‘lsa ham, ular jinoyat tarkibiga kirmagan bo‘lardi», - deya ta’kidladi huquq himoyachilari.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!