"Rossiya hujum qilganida Ukraina NATO ko‘magiga suyana oladimi?"

"Rossiya hujum qilganida Ukraina NATO ko‘magiga suyana oladimi?"

"RIA Novosti"ning yozishicha, NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg jurnalistlarning “Rossiya tomonidan yaqqol hujum sodir etilganda Ukraina NATO ko‘magiga suyana oladimi?” qabilidagi savoliga aniq javob berishdan qochgan.

O‘zAning ma’lum qilishicha, NATO bosh kotibi savolga mujmal tarzda ittifoqchilar Ukrainani siyosiy qo‘llab-quvvatlashi, mamlakat Qurolli Kuchlarini modernizasiyalash va mustahkamlashga ko‘mak berishi mumkinligini aytgan.

Joriy yilning 4-5 dekabr kunlari NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari ishtirokida o‘tkaziladigan kengash majlisida “O‘rta va qisqa masofaga uchuvchi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risida”gi shartnomaga amal qilish masalalari va Kerch bo‘g‘ozi voqealari muhokama etilishi kutilmoqda. Bosh kotibning qayd etishicha, ittifoqchilar Rossiyani Ukraina kemalarini ozod qilishga chaqiradi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 noyabrida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati chegara boshqarmasi Kerch bo‘g‘ozida Ukraina harbiy-dengiz kuchlariga qarashli uchta kema – “Berdyansk” va “Nikopol” katerlarini, shuningdek, “Yana Kapu” buksirini chegarani buzish aybi bilan qo‘lga olgandi. Rossiya tomoni ukrain harbiy xizmatchilarini chegarani buzishda, to‘xtash to‘g‘risidagi talabga bo‘ysunmaganlik va xavfli manyovrlarni olib borishda ayblash bilan birga, hodisani ig‘vogarlik deb atadi. Bunga javoban rasmiy Kiyev mamlakatning qator mintaqalarida 30 kunga harbiy holat joriy etdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!