Raqamli iqtisod va... vikinglar

Raqamli iqtisod va... vikinglar

Raqamli iqtisodiyot haqida gapirishni boshladik. Bir soniyaga sekin internet qadrini bilmoqchimisiz? Marhamat,  FastCompanyga ko‘ra agar foydalanuvchilar interneti sahifani 1 soniya kechroq ochsa, Amazon yiliga 1,6 milliard dollar zarar ko‘radi. Shu bir soniyaning to‘rtdan biri, ya’ni chorak soniya Google uchun kuniga 8 million kam so‘rov olib keladi.

Texnologiyalar, ularni qo‘llovchi dasturlash tillari bugungi kun veb-sahifalari uchun imkon qadar ko‘proq ma’lumotni o‘zida jamlashga, ularni tezroq qayta ishlab foydalanuvchiga yetkazishga urinmoqda. Bu - oddiy iste’molchi saytlari haqidagi gap. Endi dasturiy xizmat ko‘rsatish (SaaS) saytlarichi? Masalan buxgalterlar ishlatadigan 1C dasturining kloudga yuklangan holati, umuman idoralararo ma’lumot almashish, onlayn tranzaksiyalar… Umuman, bu ma’lumot almashishga internet tezligi kamida normal holatda bo‘lishi kerak emasmi?

Ofisda 100/Mbps internet uchun pul to‘layman. Mana necha kundirki, tezlik judayam yomon – va’da qilingan tezlikdan 50 barobar (!) past. UzOnline aloqa raqamiga telefon qilganimda (1084) 26-navbatda ekanimni avtomat aytdi. Tuzukroq tushuntirish ham yo‘q, shuncha kutib olgan javobim – modemni o‘chirib yoqvoring. Mayli… Viloyatlardagi ofislarini gapirmay qo‘ya qolay. Bugungi kundagi holatga ko‘ra, UzOnline saytidan birorta viloyat yoki shahardagi shoxobchaning raqamini topa olmaysiz. Operator bilan bog‘lansangiz ham u sizga ofisga borish kerakligini, telefonda aloqa qila olmasligingizni aytadi. XXI asrda vikinglar bilan yashayotganday odam go‘yoki.

Xulosa o‘rnida aytmoqchimanki, raqamli iqtisodiyotga o‘tishdan oldin uning birlamchi parametrlari – internet tezligi, internet bilan qoplangan hudud miqyosi haqida ko‘proq gapiramiz shekili.

Xurshid Maroziqovning @fikrbank blogidan

Manba: sof.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!