Qashqadaryoda qabrni tahqirlashga uringan ayolga qo‘l ko‘targan shaxslarga jazo tayinlandi

Qashqadaryoda qabrni tahqirlashga uringan ayolga qo‘l ko‘targan shaxslarga jazo tayinlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda qabrni tahqirlashda ayblanib, kaltaklanayotgan ayol tasvirlangan video tarqaldi. Qashqadaryo IIB mazkur holatga oydinlik kiritib, voqea 2019 yil 1 sentyabr kuni Kitob tumani «Ulug‘bek» mahalla fuqarolar yig‘inidagi «Qabri Oxun» qabristonida yuz berganini yozdi.

Mazkur voqea yuzasidan surishtiruv olib borgan «Daryo» muxbiri Otabek Qo‘ldoshevning xabar berishicha, ayolni kaltaklaganlar — Umid Ahmedov, Muhtarama Qurbonova, Amrullo Qurbonovning har biriga 7 fevral, juma kuni, Kitob tumani Ma’muriy sudi tomonidan eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Shahrisabzlik ayol tomonidan qabri ochilgan marhum Tursun Ahmedov yaqinlarining «Daryo» muxbiriga ma’lumot berishicha, marhumning qabri 2019 yil 1 sentyabr kuni ikkinchi marotaba ochilgan.

— Otamning qabri 2019 yil 21 iyul kuni ham ochilgan edi, — deydi Umid Ahmedov. — 22 iyul kuni menga qo‘shnimiz telefon qilib, «otangning qabri ochiq yotibdi», dedi. Barcha ishimni tashlab qabristonga bordim. Borsam, haqiqatan ham qabr kavlangan va marhum otamning jasadi ko‘rinib turibdi. Ustiga kesak tushib yotgan ekan. Tezda qabrni yopdik. Vaqtida ulgurgan ekanmiz, qabr ochiq holda ancha payt qolib ketganda itlar murdani sudrab olib ketardi.

Umid Ahmedovning aytishicha, mazkur voqeadan so‘ng aholi orasida har xil gap-so‘z tarqalgan. Kimdir «marhumning katta qarzi bo‘lgan, shuning uchun qabrini ochib ketishgan» desa, yana kimdir «marhum tirikligida kimlargadir yomonlik qilgan bo‘lsa kerak» degan mish-mish tarqalgan.

O‘sha voqeadan keyin bosh ko‘tarib yurolmay qoldim, qayerga borsam «nega otangning qabri ochilgan ekan?», deb so‘rovchilar ko‘paydi, — deydi Umid Ahmedov. — Shu kabi savollardan bezganimdan to‘y-tomoshaga ham qo‘shilolmay qoldim. Qabrni ochgan odam kim? Nega otamning qabrini ochgan degan savollarga javob topolmasdim.

Umid Ahmedovning ma’lumot berishicha, qabr birinchi marotaba ochilgandan so‘ng, u 2-3 kun qabristonda qo‘riqchilik ham qilgan. Kim ochganini topishga uringan. Ammo natija bo‘lmagan.

— 2019 yil 1 sentyabr kuni qo‘shnimiz menga qo‘ng‘iroq qilib, «otangning qabrini ochishga uringan odamni topdik, tez yetib kel dedi», — deydi Umid Ahmedov. — O‘sha paytdagi holatimni tasavvur qilolmaysiz. Jahlim chiqqandi. O‘sha holatda qabristonga yetib bordim va qabrni ochgan ayolga qo‘l ko‘tardim. O‘zimni boshqarolmadim. Bu ayol ortida kim bor ekan degan xayol o‘tdi. Murdani olib ketmoqchi bo‘lishganmi, deb o‘yladim.

Aytilishicha, marhum Tursun Ahmedov 2019 yil 7 may kuni 75 yoshida vafot etgan.

— Tog‘am vafot etganidan so‘ng 25 yoshli jiyanim ham olamdan o‘tdi. Uning qabrini ham ochmoqchi bo‘lishganmi degan xayol o‘tdi, — deydi marhumning qarindoshi Muhtarama Qurbonova. — Shuning uchun ham jahlim chiqdi. Va o‘sha ayolni urdim.

Suhbatdoshlarning ta’kidlashicha, qabrni ochishga uringan ayol uni ushlab olishgach, qochishga uringan.

— Qochmoqchi bo‘lib, uni ushlab turgan onamga qo‘l ko‘tardi. Shu sabab ham men uning qo‘lini ushlab, orqaga qayirdim, — deydi Amrullo Qurbonov. — Men ham holatdan shokka tushgandim.

— Shu yoshga kirib bunday voqeani birinchi marotaba eshitib turibman, bizning mahallada bu holat birinchi marotaba kuzatilyapti, — deydi «Ulug‘bek» mahalla fuqarolar yig‘ini kotibi Najmiddin Lutfullayev. — O‘zimiz ham hayronmiz. O‘sha ayol bilan gaplashishga urindim. Ammo ruhiy holati yomon ekan. Savollarga ham telba-teskari javob beradi.

Ma’lum bo‘lishicha, marhumning qabrini ikkinchi marotaba ochishga uringan shahrisabzlik SH.U. xatti-harakatini ruhiy holatining yomonligi bilan izohlagan.

— Navbatchilik qismiga xabar berilgach, men voqea joyiga etib bordim, — deydi mahalla profilaktika inspektori Umid Shoimov. — Ayol biz borgunga qadar kaltaklangan. Ayolning kaltaklangani haqida yaqinda xabar topdim.

Kitob tumani IIB tergov bo‘limi boshlig‘i Oybek Narzullayevning «Daryo» muxbiriga ma’lumot berishicha, qabrni ochishga uringan SH.U.ning yonidan qabr ochish uchun mo‘ljallangan teshacha va qora tovuq chiqqan.

— Fuqaro aholi tomonidan ushlangan payt uning yonidan qabrni ochish uchun mo‘ljallangan teshacha hamda qora tovuq chiqqan, — deydi tuman IIB tergov bo‘limi boshlig‘i Oybek Narzullayev. — SH.U.dan xatti-harakatining sababini so‘raganimizda ruhiy holati yomonligini, qabrni ochib qora tovuqni shu qabrga ko‘mishga uringanini aytdi.

Oybek Narzullayevning ta’kidlashicha, internet saytlarida ayolning mayyitlarning tilla tishini sug‘urib olishga uringani haqidagi gap asossiz.

— Ayol mayyitlarning tilla tishini sug‘urib olishga uringan deyishyapti, bu bo‘lmagan gap, — deydi Oybek Narzullayev. — Mayyitning tishini sug‘irishga uringan shaxs qabrni kunduzi ochmaydi. Qolaversa, marhum unga notanish bo‘lgan.

Marhum yaqinlarining qo‘shimcha qilishicha, marhumning tilla tishi bo‘lmagan.

Qashqadaryo IIB bayonotida ta’kidlanishicha, qabrni ochishga uringan fuqaroning ushbu xatti-harakatiga javoban dastlab Kitob tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 134-moddasi (qabrni tahqirlash) bilan ish ochilgan. Ammo, kam ahamiyatli ekanligi inobatga olinib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan.

— Kaltaklangan ayol IIBga hech qanday shikoyat qilmagandi. Ammo joriy yil 4 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan ma’lum bo‘lishicha, unga tan jarohati yetkazilgan, — deydi Oybek Narzullayev. — Shu sabab ham 2020 yil 4 fevral kuni mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari boshlab yuborildi. Ayolni kaltaklaganlar — Umid Ahmedov, Muhtarama Qurbonova, Amrullo Qurbonovlarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (Haqorat qilish), 52-moddasi 2-qismi (Engil tan jarohati etkazish) bilan ish ochilib, ko‘rib chiqish uchun Kitob tumani Ma’muriy sudiga yuborildi. Sud Umid Ahmedov, Muhtarama Qurbonova, Amrullo Qurbonovning har biriga eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida jarima jazosini tayinladi.

Kitob tumani IIBning qo‘shimcha qilishicha, shahrisabzlik SH.U. yashovchi «Saroy» mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari ham SH.U.ning ruhiyatida o‘zgarish borligini, so‘nggi paytlarda har xil gap aytadigan bo‘lib qolganini ta’kidlagan. Shu bois ham 2019 yil 2 sentyabr kuni u  Qarshi shahridagi asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan va ma’lum muddat davolanib chiqqan. Shu boisdan ham «Daryo» muxbiri SH.U. bilan suhbatlasha olmadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!