Navoiylik fuqaro 7 kishini chuv tushirdi

Navoiylik fuqaro 7 kishini chuv tushirdi

Bugun jamiyatimizda shunday insonlar paydo bo‘lmoqdaki, fuqarolarimizning ishonchiga kirib, ularni aldab o‘zlarining qabih maqsadlarini amalga oshirmoqdalar. Lekin harqanday qilmish jazosiz qolmaydi. Ana shunday firibgarlardan biriga 2019 yil 19 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati Karmana tumani sudining sudyasi A.Saydullayev boshchiligida fuqaro SH.Berdiyevga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Berdiyev Sherzod Tolib o‘g‘li 2018 yil iyul-noyabr oylarida o‘zganing mol-mulkini aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida, fuqaro Ostonov Qaxramon Samatovich, Parmonova Dilbar Eshpulatovna, To‘xtayev Ixtiyor Egamberdiyevich, Asabayev Elyorjon Azimjon o‘g‘li, Ostonov G‘ulom Toshpulatovich, G‘aniyev Anvar Axatovich va To‘xtayev Qosim Xudoyberdiyevichlarni Karmana tumani “Do‘stlik” MFY hududida kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar uchun qurilayotgan arzon narxdagi ko‘p qavatli uylardan kvartira sotib olish uchun hujjatlarni Karmana tuman hokimligi huzuridagi “Talabgor” larni tanlash komissiyasiga topshirganliklarini bilib, ularga bank orqali dastlabki badal to‘lovlarini amalga oshirishga yordam berishini, arzon narxda kvartira sotib olib berishini va’da qilib, ishonchlariga kirib, jami 90 mln. 500 ming so‘m miqdoridagi pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Firibgarlikni odat qilib, o‘zgalarni aldash yo‘li bilan kun ko‘rayotgan bu shaxsga nisbatan muqaddam ham jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasiga asosan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi. Bundan o‘ziga xulosa chiqarmagan SH.Berdiyev O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi va unga O‘zbekiston Respublikasi JKning 59-moddasi 8-qismi va 61-moddasi tartibida 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

 

                                        Alisher Saydullayev

Jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudi sudyasi,

Jasurbek Mavlonov

sudya yordamchisi 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!