Navoiy — Sian hamkorligi: Navoiy viloyati delegasiyasi Xitoyda

Navoiy — Sian hamkorligi: Navoiy viloyati delegasiyasi Xitoyda

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi delegasiya ayni damda Xitoyda xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Safarning ilk kunida Sian shahrida Navoiy – Sian hududlari o‘rtasida investisiyalar, sanoat va savdo hamkorligiga bag‘ishlangan ishbilarmon doira vakillari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda sianlik ishbilarmonlarga viloyatning investision va sanoat salohiyati, zamonaviy turar-joy majmualari va avtomobil yo‘llari qurilishining istiqbollari hamda viloyatning “drayver” sohalari - kimyo, qurilish materiallari, elektrotexnika, tekstil va boshqa sanoat tarmoqlarida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan 50 dan ortiq investision loyiha-takliflari yuzasidan taqdimot qilindi.

Uchrashuvda Sian shahrining yirik kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Xususan “Xian Jiashen Trading” Co., Ltd” kompaniyasi direktori Chen Rujia bilan Navoiy viloyati va Sian shahri o‘rta va oliy ta’lim tizimlari o‘rtasida yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jumladan, o‘qituvchi pedagog kadrlar va studentlar tajriba almashinuvini tashkil etish masalasi yuzasidan kelishuvga erishildi. Shuningdek, mazkur kompaniya tomonidan Navoiy viloyatida quyosh energiyasi asosida isitish tizimlarini ishlab chiqarishni tashkil etish istiqbollari muhokama qilinib, kompaniya bilan qiymati 20 mln. dollarlik meva-sabzavotni qayta ishlash va qadoqlash loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Delegasiya “Dongguan Huaxin Laser Technology” Co., Ltd kompaniyasi bilan ham viloyatda qiymati 50 mln. dollarlik har hil quvvat va o‘lchamdagi energiya tejamkor elektr dvigatellarini ishlab chiqarish hamda ma’nan eskirgan elektr dvigatellarini ta’mirlash orqali ularning samaradorligini oshirish loyihasi yuzasidan kelishuvlarga erishdi.

Dongguan Huaxin Laser Technology” Co., Ltd kompaniyasi 2005 yilda Guandun provinsiyasida tashkil etilgan bo‘lib, quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish, elektrodvigatellar va lazer uskunalarini kapital ta’mirlash va xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.

“Shaanxi Roenter International Supply Chain” Co., Ltd kompaniyasi bosh menedjeri Sara Xe bilan esa viloyatning M-37 “Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi” avtomobil yo‘liga parallel ravishda 43 kmlik pullik avtomobil yo‘lini qurish kopsepsiyasi muhokama etildi. Xitoy tomonidan kompaniya mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, Navoiy viloyatiga tashrif buyurishi hamda loyihani amalga oshirish yuzasidan texnik-iqtisodiy asosnomasi ishlab chiqilishiga kelishib olindi.

Shensi provinsiyasidagi yirik qurilish kompaniyalaridan biri “Shaanxi Ronghuizu Construction Engineering” Co., Ltd vakili Ruile Shi bilan viloyatda qiymati 30 mln dollarlik zamonaviy turar-joy majmuasi va mehmonxona tashkil etish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Tashabbuskor ishbilarmon tomonidan joriy yilning avgust oyida viloyatga tashrif buyurish va loyihaning texnik-iqtisodiy asosnomasini ishlab chiqish rejasi ma’lum qilindi.

Xizmat safari doirasida Navoiy viloyati hokimi rahbarligidagi delegasiya Sian shahri ta’lim byurosi mudiri o‘rinbosari Van Gan bilan o‘rta ta’lim yo‘nalishida hamkorlik o‘rnatish yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi. Jarayonda Sian va Navoiy hududlaridagi oliy ta’lim muassasalarida 3+1 tajribasi (3 yil O‘zbekistonda va 1 yil Xitoyda ta’lim olish) asosida o‘qituvchilar tayyorlash va viloyatdagi ta’lim sifatini yuksaltirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ushbu uchrashuvning amaliy qismi Shensi Normal universitetining Lugang boshlang‘ich maktabida (Lugang Primary School of Shaanxi Normal University) bo‘lib, sianliklar navoiyliklarni maktabda yaratilgan shart-sharoitlar, o‘qitish metodologiyasi va o‘quv jarayonlari bilan tanishtirdi. Normat Tursunov janob Van Gan bilan Lugang boshlang‘ich maktabida navoiylik pedagoglarni tajriba almashishga yo‘naltirish masalalarini ham muhokama qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!