Myanma BMTdagi doimiy vakilini Bosh assambleyada davlat to‘ntarishini qoralashga chaqirganidan so‘ng o‘z lavozimidan chetlatdi

Myanma BMTdagi doimiy vakilini Bosh assambleyada davlat to‘ntarishini qoralashga chaqirganidan so‘ng o‘z lavozimidan chetlatdi

Myanma hukumati BMT Bosh assambleya yig‘ilishida mamlakatda sodir bo‘lgan davlat to‘ntarishini qoralashga chaqirganidan so‘ng tashkilotdagi doimiy vakili U Chjo Mo Tunni lavozimidan chetlatdi, deb xabar bermoqda The New York Times Myanma davlat televideniyesiga tayanib. U xiyonat va o‘z mansabini suiiste’mol qilishda ayblangan.

U Chjo Mo Tunning chiqishi 26 fevral kuni bo‘lib o‘tgan. Myanmaning BMTdagi doimiy vakili o‘zini 1 fevraldagi harbiy to‘ntarish paytida hokimiyatdan chetlatilgan fuqarolik hukumati vakili ekanligini aytib, dunyo hamjamiyatini qat’iy choralar ko‘rishga chaqirgan.

Lavozimidan chetlatilishi yuzasidan Reuters’ga bergan izohida, «qo‘ldan kelgancha kurashishni davom ettirishga qaror qilganini» aytgan.

Myanma davlat OAVlari doimiy vakil «davlat vakili bo‘lmagan norasmiy tashkilot nomidan fikr bildirgani»ni ma’lum qildi. Reuters’ning yozishicha, BMT Myanmaning harbiy hukumatini mamlakat hukumati vakili deb hisoblamaydi, chunki tashkilot vakil o‘zgarganligi haqida rasmiy xabarnoma olmagan. Shu sababli U Chjo Mo Tun Myanmaning BMTdagi doimiy vakili sifatida qoladi.

Eslatib o‘tamiz, 1 fevral kuni Myanma harbiylari mamlakatda hokimiyatni qo‘lga kiritganini e’lon qildi, hukmron partiya rahbarlari va mamlakat prezidenti hibsga olindi. Qurolli Kuchlar bosh qo‘mondoni Min Aung Xlayn mamlakatning muvaqqat prezidenti etib tayinlandi va mamlakatda bir yil muddatga favqulodda holat joriy etildi.

Davlat to‘ntarishiga sabab qilib o‘tgan yilgi saylovlardagi soxtaliklar va saylov komissiyasining harakatsizligi ko‘rsatildi. 2020 yil noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi hukumat tuzish uchun yetarlicha ovoz to‘plagan, harbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan partiya esa mag‘lub bo‘lgan.

Mamlakatning yirik shaharlaridagi to‘ntarishlardan so‘ng norozilik namoyishlari boshlandi. Norozilik namoyishlari tufayli internet deyarli to‘liq uzib qo‘yildi. Facebook, Instagram, WhatsApp, Wikipedia bloklandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!