Mudhish jinoyat: Qashqadaryoda ikki erkak boshqa qishloqda yashovchi erkakni o‘ldirdi

Mudhish jinoyat: Qashqadaryoda ikki erkak boshqa qishloqda yashovchi erkakni o‘ldirdi

O‘tgan yil kech kuz kunlaridan biri edi. Yarim tunda qishloq maktabi orqasida joylashgan xonadondan kutilmaganda eshitilgan dod-faryod qo‘ni-qo‘shnilarni uyqudan uyg‘otib yubordi. Hamma apil-tapil o‘sha tomonga yugurdi. Bu dod-faryod aka-uka Sattorovlar (ism-shariflar o‘zgartirilgan) yashaydigan hovlidan eshitilgan, ko‘cha eshigi oldida oilaning kenja farzandi Bahromni noma’lum shaxslar pichoqlab ketgan edi. Jabrlanuvchi qoniga botib yotar, uning boshida xotini uvvos tortib yig‘lardi.

Xo‘sh, bu mash’um voqea qanday sodir bo‘ldi? Bahromni shu ko‘y­ga solib, voqea joyidan qochib ketganlar aslida kim? Ularning jabrlanuvchiga qanday alamu xusumati bor edi?

Avvalo shuni aytish kerakki, Qarshi tumanida yashovchi Sherzod Meyliyev bundan roppa-rosa olti yil burun qo‘sh­ni Nishon tumanidagi qishloqlardan biridan istiqomat qiladigan Nigora Botirova bilan telefon orqali tanishib qoladi. Ke­yin­chalik ular uchrashgach, bir-birlarini yoqtirib qolishadi va Sherzod Nigoraga uylanadigan bo‘ladi.

Biroq ularning ota-onasi bundan bexabar edi. Bu orada Sherzod ishlash uchun chet elga jo‘nab ketadi. Bo‘yi yetib kol­gan qiz emasmi, oradan ko‘p o‘tmay Nigorani ham so‘rab, sov­chilar kela boshladi.

Tog‘li tumanda yashaydigan uzoqroq tanishlaridan kelgan sovchilarga Nigoraning ota-onasi rozilik berishadi. Albatta, bunga Nigora qattiq qarshilik ko‘rsatadi, lekin ota-onasi o‘z bilganidan qolmaydi.

Xullas, Nigora ota-onasining qistovi bilan Bahrom ismli yigitga uzatiladigan bo‘ldi. Nigoraning yaqinlari kuyov bo‘l­mish Bahrom ilgari uylangani, ammo farzand ko‘rmagani tufayli ajrashganini bilishgan, faqat buni to‘y arafasida Nigora aytishadi.

Qisqasi, avval-boshdan omonat qurilgan oila uzoq bormaydi, Nigora to‘rt oydan so‘ng ota xonadoniga qaytib keladi. Ammo u boshidan kechirgan bu savdolarni chet elda ishlab yurgan Sherzodga aytmaydi, uning qo‘ng‘iroqlariga ham javob bermay qo‘yadi. Sherzod esa, bu voqealardan tanishlari orqali xabar topadi va Nigoraning o‘zi bilan gaplashib, aniqlik kiritishga ahd qiladi. Ke­yinchalik Nigoraning o‘zidan barchasini eshitgach, Sherzodning ko‘nglida Bahromga nisbatan tiyiqsiz alam paydo bo‘ladi. Chet eldan qaytib kelgach, Nigoradan Bahromning yashash manzilini so‘rab oladi. U Nigoraning gapiga ishonib-ishonmay o‘zi ham Bahromning yashash manzili hamda uning kasb-korini tanishlaridan so‘rab-surishtiradi.

Shundan so‘ng Sherzod Bahromdan qanday o‘ch olish haqida o‘ylay boshlaydi.

Ammo buni yolg‘iz o‘zi eplay olmasligiga ko‘zi yetgach, sherik izlashga tushadi.

Ko‘p o‘t­may jinoiy sherik ham topiladi. Qarshi shahridagi qurilishlarda birga ishlaydigan Rustam Rasulov avvaliga uning taklifiga rozi bo‘lmaydi, ammo keyinchalik Sherzodning va’dalariga uchib, rozilik beradi.

Shundan so‘ng ular jinoiy qilmishga obdon hozirlik ko‘rishadi. Sherzod ikkita katta oshxona pichog‘i va maxsus qo‘lqoplar sotib oladi.

Qisqasi, o‘sha kun kechki payt Sherzod jiyani Shuhratga telefon qiladi va yoqilg‘i olib berishini aytib, ularni uzoq bir manzilga olib borishini iltimos qiladi.

Kech soat 21.00 larda Shuhratning «Lasetti» rusumli avtomashinasida uchalasi Bahrom yashaydigan qish­loq tomon yo‘l olishadi. Yo‘l-yo‘lakay Sherzod Shuhratga va’da qilgan yoqilg‘ini avtomashinaga quydirib beradi.

Yo‘lda Sherzod avtomashinaning or­qa va oldi raqamini yechib oladi.

Jiyanining bundan ajablanganini ko‘rgach, «bir qaltis ishga qo‘l ur­ganmiz, hozircha bu sir, ke­yinchalik bilib olasan», deydi u sirli ohang­da.

Sherzod Bahrom yashaydigan qishloqqa chamasi, ikki chaqirim masofa qolganda, avtomashinani to‘xtatishni buyuradi:

— Sen bizni shu yerda kutib tur, bir yarim soatlardan so‘ng qaytib kelamiz, — deydi Sherzod jiyaniga.

Bu paytda tun ikkinchi yarmiga oqqan edi.

O‘rni kelganda shuni aytish kerakki, Sherzod Botir ishdan so‘ng uyida avtomashina yoqilg‘isi sotishni avval so‘rab-surishtirib bilib olgan edi.

Ayni damda bu hol jinoiy rejani amalga oshirishda qo‘l keldi. Ya’ni ular Botir yashaydigan hovli darvozasini taqillatisharkan, o‘zlarini go‘yoki yoqilg‘i izlab kelgan yo‘lovchilardek tutishdi. Oradan ko‘p o‘tmay ichkaridan to‘nini yelkasiga tashlagancha Botir chiqib kelgach, Sherzod qo‘shni qishloqqa ketishayotgani, ammo yo‘lda yoqilg‘i tugab qolganini aytadi.

— Qancha yoqilg‘i kerak? — de­di Botir ularning asl niya­tini payqamay.

— 10 litr bo‘lsa, yetadi, — dedi Sherzod unga javoban va yoqilg‘ining haqini Botirning qo‘liga tutqazdi.

Oradan o‘n daqiqa o‘tmay Botir yoqilg‘i to‘ldirilgan yelim idishlarni ko‘tarib, uydan chiqdi. Shunda Sherzodning jinoiy sherigi Rus­tam o‘smoqchilab, Bahromdan nimanidir so‘radi. Aslida uning niyati Bahromni chal­g‘itish edi. Bahrom ham unga yuzlanib, savoliga javob berayotganda, ortida turgan Sherzod kos­tyumining yengidan oshxona pichog‘ini olib, uning biqini va ko‘ksiga bir necha marta zarb bilan sanchadi…

Ha, bu mash’um hodisa bir lahzada sodir bo‘ldi. Botir qanday voqea ro‘y berganini ham anglamay qoldi, pichoq zarbidan ko‘k­sini changallagancha baqirib yerga quladi. Botirning baqirganini eshitib, hovlidan akasining xotini yugurib chiqdi. Ayol dodlagancha qotillarning ortidan yugurdi. Biroq jinoiy sheriklar voqea joyidan allaqachon g‘oyib bo‘lgandi.

Ammo qotillar uzoqqa qo­chib ketolmadi, tez orada ular qo‘lga olindi va qonun oldida mud­hish qilmishlari uchun javob berishdi.

Sud jinoyatchi sheriklarning qilmishini batafsil muhokama etib, ularning har biriga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi tegishli bandlarini qo‘llagan holda, uzoq muddatli qamoq jazosi tayinladi. Shu bilan birga, sudlanuvchilardan marhumning qonuniy vakili foydasiga 50 million so‘m ma’naviy zarar solidar tartibda undiriladigan bo‘ldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!