Lo‘lilarning farzandlari uchun maxsus sinflar ochildi

Lo‘lilarning farzandlari uchun maxsus sinflar ochildi

Tojikistonning ayrim mintaqalarida lo‘lilarning farzandlari uchun maxsus sinflar ochildi. Bu sinflarda sharqiy siganlar oilalarining farzandlari birinchi sinfdan to‘rtinchi sinfgacha o‘qitiladi. Ayrim Xalqaro tashkilotlar Tojikiston hukumatiga murojaat qilib, lo‘lilarning farzandlari bilim olishlari uchun zarur sharoitlarni yaratib berish lozimligini talab qilmoqda. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

Rasmiylarning aytishlaricha, lo‘lilarga milliy ozchilik sifatida barcha sharoitlarni yaratib berishgan, ammo lo‘lilarning o‘zlari ta’lim olishni istashmayapti. Bundan tashqari lo‘lilar farzand tug‘ilgani borasida guvohnoma olmaydi va shu sababli ham ularni hisobga olish va maktabga jalb qilish eng katta muammolardan biri hisoblanadi.

Farishta 10 yoshda va lo‘li oilasining farzandi. Varzob tumanidagi Jag‘atay qishlog‘ida istiqomat qiluvchi bu qiz bu yil ilk bor maktabga boradi. Qizcha yarim oydan beri bu hodisaga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Uning tengdoshlari uchinchi sinfda o‘qishmoqda, ammo Farishta esa endigina raqam va harflarni yozishni o‘rgana boshladi. Farishtaning onasi Farida Sharbatova hech qachon maktab ostonasini hatlab o‘tmagan bo‘lib, qizining maktabga borishidan o‘z xursandchiligini yashira olmayapti. U qizini 7 yoshda maktabga yubormaganidan juda ham afsusda ekanini, uch yilda qizi o‘qish va yozishni o‘rganib olishi mumkinligini aytdi.

Shu bilan birga BMT vakolatxonasi bayonot berib tojik rasmiylari lo‘li elati vakillarining huquqiy va ijtimoiy ahvolini yaxshilash borasida alohida dastur tayyorlamayotganini ma’lum qilgan va Tojikiston hukumatiga bu muammoga nisbatan qarashlarini o‘zgartirishni tavsiya qilgan edi.

Tojikiston bolalar ombudsmani Radjabmox Xabibullo shu yilning iyul oyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlarga lo‘lilarning farzandlari ta’lim oladigan maktablarda o‘tkazilgan tekshiruvlarda “ularning ta’lim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganini” qayd qilgan edi. Uning so‘zlariga qaraganda, shu yilning ikkinchi yarim yilligida Do‘sti, Balxi va Laxsh tumanlarida milliy ozchilik bolalarini qamrab oladigan maktab ta’limlari uchun maxsus dastur hayotga tatbiq etiladi.

Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, ayni damda respublikaning barcha maktablarida lo‘lilar oilasining 1 ming 329 nafar bolasi tahsil oladi. 

Bu xalqning minglab vakillari Penjikent, Hissor, Vaxdat, Vose va Balxi tumanlarida istiqomat qiladi. Tarixchilarning fikricha, sharqiy siganlar O‘rta Osiyo mintaqasiga besh-olti asr muqaddam Hindistondan kelib qolishgan. Ular kelgan har bir davlatda mahalliy tilni o‘zlashtirib olishga harakat qilishadi, biroq shu bilan birga o‘zlarining urf-odatlaridan voz kechishmaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!