Kuz va qish fasliga oid foydali maslahatlar

Kuz va qish fasliga oid foydali maslahatlar

Mana kuzning birinchi oyi ham qish bilan bahs boylab o‘z nafasini atrofga yoymoqda. Bunday paytda inson organizmiga infeksion va surunkali kasalliklar xavf sola boshlaydi. Shuning uchun ham aynan shu davrda o‘z salomatligingizga e’tiborliroq bo‘lishingiz lozim bo‘ladi. Sizga bermoqchi bo‘lgan bir nechta maslahatimiz sizning sog‘ligingizni asrashda asqotadi, albatta.

Issiqroq kiyining. Bel sohasidan tepada turadigan kurtka, kalta yubka, rezina podoshvali oyoq kiyimi bu piyelonefrit kasalligiga qisqa yo‘l demak. Ob-havoga mos kiyinishni odat qiling. Ayniqsa, ish faoliyatingiz sizning doimiy ochiq havoda bo‘lishingizni taqozo etsa. Masalan: kurerlik xizmatidagi xodim, patrul xizmatidagi fuqarolar, sotuvchi va boshqalar.

Shamollashdan saqlaning. Shamol va izg‘irinli kunlar boshlanyapti. Bunda sovuqning salbiy ta’siridan moyli massaj himoyalaydi. Masalan, bodom danagi mag‘ziga makkajo‘xori, barra bug‘doy hamda yong‘oq  mevalari  qo‘shasiz. Har kuni kechqurun qo‘l panjasi va oyoq tovonlarini moy bilan uqalang. Dam olish kunlari uyqu oldidan butun gavdangizni silang (muolajani ensa tomondan pastga oyoq uchiga qadar silash bilan bajaring). Bunday muolaja sizni shamollashdan himoya qiladi.

Vitaminlarni g‘amlang.  Yoz faslida yaxshi yetilgan reza mevalaridan qizil va qora chetan mevasi–ryabina, na’matak kabi mevalardan g‘amlab qo‘yish lozim. Bu kabi reza mevalar organizmni qishning sovuq havosidan himoya qiluvchi kuchini oshirishda qo‘llab-quvvatlaydi.  Kuzgi ma’yuslik hamda bahorgi  vitamin yetishmovchiligidan himoya qiladi. Obdon quritilgan reza mevalar qish bo‘yi yaxshi saqlanadi. Ularni choy damlagandek damlab iste’mol qilish mumkin.

Sog‘lom ovqatlanish qoidasiga rioya qiling. Havo harorati soviy boshlagach ovqatlanish rasionida go‘shtli taomlarga ko‘proq navbat berish kerak bo‘ladi. Ammo go‘sht maxsus falga qog‘ozida yoki yog‘siz dimlab pishirilgan bo‘lsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Birinchi taom sifatida turli bo‘tqa yoki sho‘rvalar albatta ovqatlanish rasionidan joy olishi shart.

Shuningdek taomlarga zanjabil, qora murch, muskat yong‘og‘i hamda kardamon kabi qizdiradigan turli ziravorlar qo‘shishni unutmasangsiz, o‘zingiz va oila a’zolaringizni shamollashdan asragan bo‘lasiz.

Kuz — qovoqxo‘rlik davri hisoblanadi. Pektin moddasi inson tanasini ichaklarda yig‘iladigan  zaharli moddalardan tozalashda muhim ahamiyatga ega. Ana shu pektin moddasiga juda ham boy bo‘lgan qovoq  ko‘pchilik uchun sevimli mahsulotdir. Undan turli taomlar tayyorlash mumkin. Dimlab yoki gaz duxovkasida pishirib iste’mol qilinsa u parxez taom hisoblanadi. Qovoq o‘rtacha haroratda uzoq vaqt saqlanganligi sabab undan qish bo‘yi turli taomlar tayyorlash mumkin.

Manba: gujum.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!