Kuniga 2 mingga yaqin o‘zbekistonlik Qozog‘iston samolyotlari orqali parvoz qilmoqda. Buning sabablari nimada?

Kuniga 2 mingga yaqin o‘zbekistonlik Qozog‘iston samolyotlari orqali parvoz qilmoqda. Buning sabablari nimada?

Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun jahon andozalariga tayanib, raqobat asosida ishlash davri kelgani yaqqol ko‘rinib turibdi.

Yoz — sayohat hamda dam olish mavsumi. Bu sayyohlik agentliklari uchun ham ayni muddao. Ular sayyohlarga arzon, qulay yo‘llanmalar, aviachiptalar va kompleksli dam olish maskanlarini tavsiya etishadi. Ammo «O‘zbekiston havo yo‘llari»da Turkiya, Rossiya, Misr yoki Dubayga uchish narxi xuddi shu yurtlarga Qozog‘istondan yoki Qirg‘izistondan uchishga qaraganda ikki barobar qimmat.

Istanbuldan Chimkentga uchayotgan xorijiy kompaniya samolyoti Istanbuldan Toshkentgacha ham shuncha masofaga uchadi, shunga yarasha yonilg‘i sarflaydi, o‘shancha odam oladi. Tabiiyki, zarar qilsa, uchmasdi. Samolyotlari ham o‘sha samolyot —«Airbus» yoki «Boeing». Ammo narxlarda tafovut darajasi katta. Aviachiptalar bo‘yicha xalqaro sayt hisoblangan «Anywayanyday»da ham chiptalar narxidagi farqni ko‘rish mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda kuniga 2 mingga yaqin o‘zbekistonlik Qozog‘iston samolyotlari orqali parvoz qilmoqda. Buning sabablari nimada? Aslida milliy aviakompaniyamiz xalqimizga boshqa kompaniyalarga nisbatan eng qulay xizmatlarni taqdim etishi kerak emasmi? 

Shular xususida «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi axborot xizmati mutaxassisi Feruza Qurbonova bilan suhbatlashdik.

Faqat ichki yo‘nalishda monopoldir

— Aholi orasida «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning chiptalari narxi boshqa xalqaro aviakompaniyalarnikiga nisbatan ancha qimmat va mavsumiy yirik chegirmalar kuzatilmaydi, degan tushuncha mavjud, — deydi F.Qurbonova. — Aslida aviaqatnovlar aviabiletlarni bron qilish tizimining ancha murakkabligi hamda biznes va iqtisod klasslaridan tashqari yanada ko‘proq turlarni o‘z ichiga olishini ko‘pchilik yo‘lovchilar bilmaydi. Mazkur tizim o‘z ichiga eng arzondan tortib, eng qimmatgacha, 12 ta tarifni oladi va barcha aviatashuvchilarda shunday tizim mavjud. O‘zbekistonga 2018 yilda parvozlarni amalga oshirgan aviakompaniyalar soni, 2017 yilga solishtirganda, 14 tadan 18 tagacha (28 foiz) ko‘paydi. Xorijiy aviakompaniyalar tomonidan amalga oshirilgan reyslar soni esa 6833 tadan 9657 taga qadar (41 foiz) ortdi. Xalqaro aviatashuvlar bozorida «Uzbekistan Airways»dan tashqari, dunyoning to‘qqiz mamlakatidan Toshkent va O‘zbekistonning boshqa aeroportlariga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ygan 18 ta xorijiy aviakompaniya faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirda 63 ta xalqaro yo‘nalish bo‘yicha muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yilgan. 2019 yildan boshlab Fly Dubai (BAA) va Buta Airways (Azarbayjon) kabi loukoster aviakompaniyalar O‘zbekistonga parvoz qilishni boshladi. Rossiyadan past byudjetli aviakompaniyalar tamoyili asosida Red Wings, NordWind va Yuteyr parvoz qilmoqda. Bulardan ko‘rinib turibdiki, o‘z-o‘zidan raqobatlar ham ko‘paymoqda.

Shuni ta’kidlash mumkinki, «O‘zbekiston havo yo‘llari» faqatgina ichki yo‘nalishlarda yagona aviakompaniya, ya’ni monopoldir. Agar kimdir mamlakat ichida tashuvlarni tashkil etish bo‘yicha taklif bilan chiqsa, bunga milliy aviakompaniya qarshilik qilmaydi. Hozircha bunday taklif bo‘lgani yo‘q.

Aviachiptalar narxi nimalarga bog‘liq?

Yurtimizda 11 ta aeroport mavjud bo‘lib, ular halqaro maqomga ega. Joriy yilning birinchi yarim yilligida viloyat aeroportlaridan 9302 ta qatnov amalga oshirilib, 969 427 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan. Ba’zan charter qatnovlar haqida tushunmovchiliklar kelib chiqadi. Charter nima o‘zi? Charter qatnovlari sayyohlik operatorlari tomonidan sayyohlik mavsumi davomida tashkil etiladigan jarayon. Muntazam qatnovlar esa aviakompaniyalar tomonidan tashkillashtiriladi. Yoz mavsumida mahalliy sayyohlik agentliklari charter qatnovlariga buyurtma berish uchun Milliy aviakompaniyaga murojaat qilishadi. Aviakompaniya majburiyatiga samolyot, uchuvchi tarkibi hamda parvoz xavfsizligini ta’minlash kiradi. Yo‘lovchilar uchun aviatashuvning yakuniy narxlanish masalasi bilan sayyohlik agentliklari shug‘ullanadi. Charter qatnovining asosiy buyurtmachisi joylarning bir qismini boshqa sayyohlik agentliklariga sotishga haqli. Joriy yilning yozidan sayohat agentliklari bilan birgalikda Sharm-el-Shayxga arzon narxlardagi yo‘llanmalarni taklif qilayotgan «AlMasria» (Misr) charter aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi.

Qayd etilgan aviakompaniyalarning parvozlar geografiyasi va qatnovlar soniga qarab, aksariyat yo‘nalishlarda biz ular bilan tenglik asosida ishlayotganimizga ishonch hosil qilish mumkin. Ya’ni xorijiy aviakompaniyalar va «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasi tomonidan u yoki bu shaharga amalga oshirilgan qatnovlar soni bir xil. Yo‘lovchilarda esa tanlash imkoniyati mavjud. Yo‘nalishlarda bevosita raqib bo‘lmagan holatda xorijiy aviakompaniyalar muqobil, ya’ni alternativ sifatida tranzit tashuvlarni taklif etmoqda.

Shuningdek, Hindiston, Fransiya, Germaniya, Italiya, Latviya, AQSH, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning aviatashuvchilari O‘zbekistonga tenglik asosida qatnovlarni amalga oshirish uchun to‘la huquqqa ega va mamlakatimiz yuridik jihatdan ularga rad javobini bermaydi.

Fuqaro qancha vaqtliroq, ya’ni oldinroq aviachipta sotib olsa, bilet shuncha arzonga tushadi. Qatnov kuni yaqinlashgani sari tariflar qimmatlashadi. Har bir klass uchun aviabiletlar narxi, qoidaga ko‘ra, oldindan tasdiqlanadi va narx keyinchalik o‘zgarmaydi.

MAKning ichki yo‘nalishlar bo‘yicha rejalariga qaytgan holda, ta’kidlaymizki, hozirgi vaqtda qatnovlar sonini oshirish va tariflarni qo‘shimcha optimallashtirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Xavfsizlik — birinchi o‘rinda

Milliy aviakompaniyada mavsumiy chegirmalar yo‘q, degan tushuncha noto‘g‘ri. Muayyan davrlarda (parvoz yo‘nalishi, talab va qatnovning mavsumiyligiga qarab), aviakompaniya qimmat klasslarni bronlashning ma’lum bir qismini arzonroq tarifga o‘zgartiradi va bu ularning narxi pasayishiga olib keladi. Natijada aksariyat yo‘lovchilar biletlarni minimal narxlarda sotib olish imkoniyatini qo‘lga kiritadi, bu esa chegirma bilan tenglashtirilgan. Agar xalqaro qatnovlardagi aviachiptalarning narxiga to‘xtaladigan bo‘lsak, hozirda ko‘plab yo‘nalishlarga (Moskva, Sankt-Peterburg, Qozog‘iston, Seul, Dushanbe) qatnovlar soni oshirildi va barcha turdagi xarajatlar(aviasiya kerosinlari, aeroportlar aviakompaniya to‘lovlari) oshganiga qaramasdan, milliy aviakompaniya o‘z tariflarini pasaytirmoqda. Rossiya Federasiyasining shaharlarida ishlayotgan yurtdoshlarimiz uchun mavjud tariflar bo‘yicha 50 foizgacha chegirmalar taqdim etilmoqda.

O‘tgan yili aviakompaniya tomonidan taqdim etilgan chegirmalarda Rossiya davlatiga vaqtinchalik ishlash uchun ketgan shaxslarga tejamkor klass minimal tarifdan 20 foiz miqdorida(jami 48,9 mlrd. so‘mlik 33450 dona chipta sotilgan bo‘lib, ushbu toifadagi jismoniy shaxslarga berilgan chiptalar 9,9 mlrd. so‘mni tashkil etadi), Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisiga 50 foiz miqdorda narxlar pasaytirildi.

Shuningdek, ichki turizmni rivojlantirish uchun mahalliy yo‘nalishlarda «Individual yo‘lovchilar» — 30 foiz, «Oila» — 50 foiz, «Talaba» va «Turist» — 40 foiz chegirmalarini taqdim etish tizimi qo‘llanilmoqda.

Keyingi paytda Chimkent aeroporti xizmatidan foydalanish keng tus olmoqda. To‘g‘ri, Chimkentdan parvoz qilish arzonga tushadi. Ammo o‘zimizdan parvoz qilishning ham qulayliklari bor. Milliy aviakompaniyamiz qatnovlarida Istanbuldan istalgan klassda keladigan yo‘lovchining 30 kilogramm o‘lchamli pulsiz yuk limiti mavjud. Chimkentdan parvoz qiluvchilar uchun bunday limit ko‘rsatilmagan. Shuni ta’kidlash joizki, MAK yo‘lovchilarga chiptalarni qaytarish va parvoz vaqtini o‘zgartirish imkoniyati kabi «keng» xizmat turlarini taqdim etadi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi xavfsizlikni ta’minlash maqsadida aviaparkni muntazam yangilab kelmoqda. Mavjud samolyotlarimizning o‘rtacha yoshi 10 yilni tashkil etadi. O‘zbekiston aholisi muqobil ravishda foydalanayotgan qo‘shni mamlakatlar aviatashuvchilarining samolyotlar parki esa ancha eskirgan. Misol uchun, Chimkent—Istanbul aviaqatnovlarini amalga oshiruvchi samolyot taxminan 18 yildan ortiq vaqt davomida ekspluatasiya qilinmoqda. 

Xulosa o‘rnida

Aviakompaniya o‘zining imkoniyatlari va qulayliklari haqida qanchalik tushuntirishga urinmasin, mavjud kamchiliklardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Aviachiptalar narxi aholi orasida keskin noroziliklarni keltirib chiqarayotgani hech kimga sir emas. Bugungi kunda har qanday kishi uchun havodagi qulaylikdan ko‘ra, arzon uchish muhimdir. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun jahon andozalariga tayanib, raqobat asosida ishlash davri kelgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Shundagina fuqarolarimiz uchun parvoz qilish, cho‘ntakbop sayohatlarga chiqish muammoga aylanib qolmasmidi?!

Mavzuga oid ma’lumot:

Qozog‘istonda 21 ta aviakompaniya yiliga 5,6 million yo‘lovchini tashiydi. Bu O‘zbekistonga qaraganda deyarli 50 foiz ko‘p.
Ozarbayjonda 2 ta milliy va 30 dan oshiq chet el aviakompaniyasi yiliga 4 mln. yo‘lovchini tashiydi.
Osiyoning to‘rtinchi eng katta iqtisodiyotiga ega Janubiy Koreyaning aviasiya sohasi liberallashuvi ham salmoqli iqtisodiy samara bergan. 12 ta milliy va xususiy, 56 ta chet el aviakompaniyasi yiliga 30 million yo‘lovchini tashiydi. Koreyada aholi soni: 51,4 million. Bu aholining deyarli 60 foizi har yili kamida bir marta parvoz qilish imkoniga egaligini ko‘rsatadi. 2018 yilda Koreyaga 8 millionta chet ellik turist bordi. 2018 yilda Koreya turizm sohasining yillik pul aylanmasi 25 milliard AQSh dollariga yetdi. Bu sohada ishlaydigan xodimlar soni esa 260 000 kishi. Albatta, bunday ko‘rsatkichlarga Koreya aviasiyasining liberallashtirilishi, 30 yil oldin monopoliyadan voz kechish, boshqa davlatlar bilan aktiv strategik hamkorlik o‘rnatish orqali erishilgan.

Manba: everyday. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!