Ko‘hna Shosh tamg‘alarida tok bargining tasvirlari tushirilgan

Ko‘hna Shosh tamg‘alarida tok bargining tasvirlari tushirilgan

Uzum butasi ya’ni tok yer yuzidagi eng qadimgi gulli o‘simlik bo‘lib, uning madaniy turi 7-8 ming yil avval paydo bo‘lgan. Tarixda keltirilishicha, Ko‘hna Shosh shahrining tamg‘alarida ham tok bargining tasvirlari tushirilgan ekan.

Hozirda tok yurtimizning deyarli hamma viloyat va tumanlarida o‘stiriladi. Ayniqsa, Farg‘ona viloyatining Oltiariq, Qo‘shtepa tumanlarida uzum yetishtirmaydigan oila topilmaydi.

Bog‘dorchilik azaldan daromadli soha. To‘g‘ri, bu vaqt, mashaqqat talab etadi, ammo bog‘ hosilga kirishi bilan sarflagan vaqtingiz ham, mashaqqatingiz ham esdan chiqadi.

“Qariyb 15 yildan buyon 20 sotixda 40 navdagi uzum parvarishlayman. Har yili 6-8 tonna hosil olaman. Tajribamdan bildimki, serhosil, doni yirik va ertapishar navlar ko‘proq foyda keltirar ekan.

Daromadga kelsak, uzum kuzni oxirlarida 15-20 ming so‘m bo‘ladi. Agar bahorgacha saqlasak, uni bahosi yanada oshadi. Misol uchun, 2016 yilning bahorida yaxshi saqlangan bir kilogramm uzum 400 ming so‘mdan sotilgandi. O‘tgan yili ham yaxshi bo‘ldi. Daromaddan bitta sigir, bir nechta qo‘y sotib oldim. Ortganini qurilishga sarfladim, ro‘zg‘orning kam-ko‘stini to‘ldirdim.”

Bu – Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida faoliyat yuritayotgan dehqon xo‘jaligi rahbari Abdulvohid Mirzajonovning so‘zlari edi.
 

Bir kilosi uchun 4,3 dollar


Yaqinda Ukrainaning “EastFruit“ nashri Ukraina bozorida O‘zbekiston uzumlarining o‘rni va bahosi haqida so‘z yuritib, bu uzumlarning o‘rtacha narxi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nisbatan ancha yuqori ekanligini ma’lum qilgandi. Unda O‘zbekistonda yetishtirilgan bir kilogramm uzum 4,3 dollar, Ukrainada yetishtirilgani esa 1,2-1,6 dollar ekani, italyanlar 2,5-2,9 , turkiyaliklar esa 1,4 dollar so‘rayotgani aytib o‘tilgan.

– O‘zbekiston uzumlari Rossiyada har doim ommabop bo‘lib, Turkiya uzumlari bilan juda yaxshi raqobat qiladi, – deydi Rossiya uzumchilik va vino sanoati uyushmasi prezidenti Leonid Popovich.– Narxiga kelsak, bizda O‘zbekiston uzumlari juda yaxshi sotilmoqda. Eksportyorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ularga foyda bilan savdo qilish imkonini ham beradi.

– Bu qadar shirin va chiroyli uzumlarni endi ko‘rishim, – deydi gollandiyalik tadbirkor Neville Mchina. – Uzum shirasini tekshiradigan qo‘l uskunasida shira miqdorini tekshirib, ko‘zlarimga ishonmadim. Qand moddasi juda yuqori. Sifati va ko‘rinishi ham ajoyib. Mazasiga gap yo‘q. Olimlar va yer egalari bilan suhbatlashdim. Sizlardan o‘rgansa arziydigan jihatlar ko‘p ekan.
 

100 ming dollarlik shartnoma


Har gal paxta terimi boshlanganda uning atrofidagi mashmashalardan yuragim eziladi. To‘g‘ri, shu kunga qadar “oq oltin” milliy g‘ururimiz deb o‘zimizni aldadik. O‘ylab qolaman, axir, bog‘dorchilik, uzumchilik ham xalqimiz uchun begona emas-ku. Foydasi ham ko‘proq. Mehnati esa kamroq.

– Bir gektar paxtaga nisbatni shuncha maydondagi tokzordan o‘rtacha olti -etti barobar ko‘proq daromad olinadi, – deydi Parkent tumanidagi “Gulbog‘ Burxon” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi rahbari Bahromali Yusupaliyev. – Qiyoslab ko‘ramiz. Bir gektar g‘o‘zadan o‘rtacha 3-4 tonna paxta olish mumkin. Eshitishimcha, bu yil uning bir tonnasi uchun 3 million 200 ming so‘mdan ortiqroq to‘lanar ekan deyishmoqda. Bu hali oshgan narxda. Ana shu 10-12 million daromadni olish uchun kamida 7-8 million sarflanadi.

Endi uzumni hisoblaymiz. Har gektardan o‘rtacha 15 tonna hosil olinadi. Ertapisharlari 10 ming so‘mdan, hozirda 3-4 ming so‘mdan sotilmoqda. To‘g‘ri bu yil uzum arzon bo‘ldi. Lekin, shunda ham zarar ko‘rmaymiz. Qishgacha turganda, bahosi oshadi. Keling, o‘rtacha to‘rt mingdan hisoblaylik. 60 million. Ana shu daromad uchun atigi 5-6 million sarflanadi.

Agarda uzumni mayiz qilib sotsak uning qiymati yanada oshadi. Qora kishmishning 4 kilosidan 1 kilo mayiz olamiz va u o‘rtacha 25 ming so‘mdan sotiladi. Agar eksport qilsak-chi? Hozir Xitoy bilan tuzilgan 100 ming dollarlik shartnomaga ko‘ra, sug‘diyona va qora kishmishdan mayiz tayyorlash yakunlanib qoldi. Bir haftada yukni jo‘natamiz.
 

Qaysi yo‘ldan boramiz?


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida sifatli meva va uzum ko‘chatlari yetishtirish hajmini yiliga 7 million donaga yetkazish belgilangan.

Hozirda yurtimizda ikki yuzdan ortiq uzum navi mahalliylashtirilib, qirqdan ortig‘i davlat reestriga kiritilgan. “Qora shahzoda”, “Husayni”, “Malikaning kipriklari” “Andijon qora”, “Ketmon sopi”, “Rizamat”, “Nimrang kishmish”, “Kelin barmoq”, “Oq husayni” kabi o‘nlab turdagi uzum navlari nafaqat ichki balki xorij bozorlarida ham xaridorgir bo‘lib ulgurdi.

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilda qariyb 5 ming 900 gektarda uzumzor yaratilgan. Buning uchun belgilangan tartibda yer maydonlari ajratilib, sanoatbop va xo‘raki uzum navlari ekilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shundan bo‘lsa kerak, barcha hududlarda uzumchilik jadal rivojlanmoqda.
 

Soyakidan tortib, ketmon sopigacha


O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida bog‘bonlarning yumushlarini yengillashtirish va ularga amaliy yordam berishga qaratilgan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Xususan, nav sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan “Husayni muskat” navi nafaqat hosildorligi, balki xushbo‘yligi bilan ham e’tiborni tortadi. “Kishmish botir”, “Kishmishi Zarafshon” mevasi boshqa uzumlarga qaraganda ikki-ikki yarim barobar yirik bo‘lib, quritilganda ham sifati va mazasini yo‘qotmaydi.

– Uzum hosildorligini oshirish, sifatini yaxshilashda asosiy shartlardan biri, ilmiy asoslangan turlarni tuproq- iqlim sharoitlarni hisobga olgan holda hududlarga uzum turi va navlarini joylashtirishdir,-deydi M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti direktor o‘rinbosari Jamoliddin Fayziyev.- Misol uchun, uzumning rizamat navi hamma viloyatlarga mos kelsa, soyaki navi faqat Toshkent, O‘zbekiston muskati esa Qashqadaryo, Samarqand, Farg‘ona, xindogni Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida yuqori hosil beradi. Shuning uchun bozordan o‘zingizga ma’qul ko‘chatni emas, balki davlat reestriga kiritilgan yashayotgan hududingizga mos navlarni xarid qilish tavsiya etiladi. Xullas, Parkentda yetishtirilgan qora kishmish mazasi Oltiariqdagidan farq qiladi. Bu hududdagi ketmon sopi Parkentda yaxshi natija bermasligi kuzatilgan.

Uzumni uch yilcha yaxshi sug‘orib tursangiz, keyin suvga unchalik ehtiyoj bo‘lmaydi. Namgarchilik qancha kam bo‘lsa, shuncha yaxshi. Shu bois lalmi yerlarda turli navlar, xususan, kishmish ekilsa yaxshi samara beradi.

So‘ngra yuqori, sifatli va ekologik toza mahsulot yetishtirish, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish uchun fungisidlardan o‘z vaqtida, belgilangan me’yor va muddatlarda foydalanish, ularni qo‘llashda xavfsizlik choralariga amal qilish atrofdagilar, jumladan, farzandlarimiz salomatligini saqlashda muhim.
 

Oila dasturxonida uzum bo‘lsa, qand, shakar deyishga hojat yo‘q


Qadimgi rivoyatlarda keltirilishicha, uzum shunday dermish: “Mevam o‘ta shirali, to‘yimli, shifobaxsh va dasturxon ko‘rkiman. Mayizim, sharbatim, urug‘imdan olingan yog‘ ming bir dardga davodir. Mendan turli-tuman ichimliklar tayyorlashadi, yangi pishgan bargim choy o‘rnida xizmat qiladi. Kimki mendan to‘yib yesa, badanida toza qon paydo qilaman, darmonsizga darmon bag‘ishlayman, kayfiyatni ko‘tarib, xushnud qilaman”.

Abu Rayhon Beruniyning ta’kidlashicha, uzum poyasini kesganda oqib tushadigan suvi ko‘p shifobaxsh xususiyatlarga egadir. Uning poyasidan efir moyi ham olingan.

Mashhur tabib Abu Ali ibn Sino esa uzumning xususiyatlari haqida shunday yozadi: “Bir muncha muddat olib qo‘yilgan uzum tanani yaxshi oziqlantirib, quvvatlantiradi. Yaxshi pishgan uzumning zarari pishmaganidan kamroqdir. Uzumning o‘zi sharbatidan ko‘ra foydaliroqdir. Uzum va danakli mag‘iz ichak og‘rig‘ida yaxshi foyda qiladi. Shuningdek, mayizi buyrak va qovuq uchun ham foydali. Ichketish va yo‘g‘on ichak xastaliklarida ham foydali. Uzum poyasining suvi toshlarni maydalaydi, so‘gal, qontalash, temiratkini davolaydi”.

Uzum tarkibida ko‘p miqdorda qandlar, organik kislotalar, S, V vitaminlari, oshlovchi va bo‘yoq moddalar bor. Bargida esa S, V, K vitaminlari, karotin, nikotin, foliy kislotasi, flavonoidlar, katexin va oshlovchi moddalar mavjud.

Xalq tabobatida uzum sharbati, shuningdek, uzumning nordon navlari ishtahani ochuvchi va ovqat hazm qilishni yaxshilovchi vosita sifatida qo‘llaniladi. Yaxshi pishgan uzum, ayniqsa, qora navi kamqo
nlikni davolashda va kamquvvat bemorlarga mador berishda qo‘llaniladi. Qora mayiz esa turli zararli o‘smalarni davolab, inson quvvatini oshiradi.

 
Dunyo bo‘yicha yiliga o‘rtacha 1,5 million tonna mayiz iste’mol qilinadi 


Mintaqamiz aholisi uzumni asosan ho‘l meva yoki mayiz holatida iste’mol qiladi. Uzumdan qiyom, sharbat konsentrantlari va boshqa konditer mahsulotlari tayyorlanadi. Shuningdek, uzumni qayta ishlash jarayonida hosil bo‘lgan chiqindilardan keng foydalanib, etil spirti, sharob kislotasi, ranglovchi moddalar, moylar ishlab chiqiladi.

Xalq orasida mayiz tayyorlash ko‘proq ommalashgan. Avgust oyi quyoshli, issiq bo‘lganda uzumdan mayiz tayyorlash uchun 15-20 kun yetadi. Sentyabrda esa ob-havoga qarab, bu muddat cho‘zilishi mumkin.

Mayizning ikki turi bo‘lib, soyaki (soyada quritilgan) yumshoq va oftobi (quyoshda quritilgan) biroz qattiq bo‘ladi.

Qayd etish joizki, uzumning soyaki navi ham bo‘lib, u eng qadimiy mahalliy navlardan hisoblanadi. Asosan Toshkent viloyatining Parkent tumanida yetishtiriladi.

– Odatda to‘rt kilogramm uzumdan bir kilogramm mayiz chiqadi, – deydi qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Kamolitdin Sultonov.– Aslida mayizning ko‘proq chiqishi uzum tarkibidagi qand miqdoriga ham bog‘liq. Misol uchun, kishmishbop navlarda qand miqdori 25-30 foiz bo‘lib, 4 kilogramm uzumdan 1 kilo mayiz tushadi. Qand darajasi 30 foizdan yuqori bo‘lsa, 3 kilogrammdan bir kilo, agarda 20 foizdan kam bo‘lsa, 5 kilo uzumdan bir kilogramm mayiz tayyorlanadi. Yana bir gap bahosi ham naviga qarab bo‘ladi. Misol uchun, soyaki quritilgan sug‘diyona, gigant mayizlari 300 ming so‘mgacha baholansa, oftobilari 20-30 ming atrofida bo‘ladi. Mayizning yaxshi tomoni ― mavsum tanlamaydi. Faqat saqlashni eplasangiz, bo‘ldi.

Dunyoda eng ko‘p mayiz tayyorlovchi va iste’mol qiluvchi mamlakat -Turkiya va AQSh hisoblanadi. Uchinchi o‘ringa 2000 yildan Xitoy chiqib oldi. Keyingi yillarda mayiz eksportida asosiy o‘sish Chili, O‘zbekiston, Turkiya va Eronda kuzatilmoqda.

Qayd etish joizki, el orasida “uzumini yengu, bog‘ini surishtirmang”, degan hazilomuz gap bor. Agarda uning mohiyatini biroz o‘zgartirib, “uzumini yengu, bog‘ini ham surishtiring”, deganimizda javob shunday bo‘lishi tabiiy: O‘zimizning bog‘dan, serquyosh yurtimizning unumdor tuprog‘idan.


Manba: uza.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!