“Kepqoling, bola sotama-a-n...”

“Kepqoling, bola sotama-a-n...”

2019 yil 3 fevral kuni Navoiy viloyati, Xatirchi tumanida yashovchi Z.S. (ismli ayol) 3 yoshli o‘g‘lini ikki nafar shaxsga 8 mln so‘m va 100 AQSh dollari evaziga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Avvalroq, Toshkentda farzandini 300 dollar evaziga sotayotganlar ushlangandi.

Departamentning Jarqo‘rg‘on tuman bo‘limi xodimlari va tuman IIB bilan hamkorlikda tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Unda Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida yashovchi fuqaro D.B. o‘zining shaxsini yashirib, fuqaro M.ga tegishli pasport nusxasi bilan joriy yilning 26 yanvarda Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ruqxonaga joylashib, shu kuni qiz farzandli bo‘lib, 3 fevral kuni qiz farzandini fuqaro S.ga 3,5 mln. so‘mga sotib ketayotgan vaqtida ushlangan. Mazkur holat yuzasidan D.B.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bir kunda bu ikki xabarni o‘qib hayratda qolaman. Nahotki pul hamma narsadan ustun tursa? Bir o‘limdan qolib dunyoga keltirgan jigarbandini sotayotgan onalar, shu qog‘oz pullar uning bitta tirnog‘ining narxiyam emasku! Alloh sizni farzand degan ne’matga munosib ko‘rganiga nega bunchalar noshukurchilik qildingiz? Qanday arzimagan chaqa evaziga yuragingizning parchasini sotib ketyapsiz? Yana achchiq-achchiq gaplarim ko‘p. Kuniga bitta bozorxalta tikib sotsangiz ham kuningiz o‘tadi. Dasturxoningizda noningiz bo‘ladi. Farzandini sotgan ertaga iymonini, dinini, Vatanini sotmaydimi? Shunchalik pastmisiz? Onamisiz siz ham, insonmisiz?

Hov, kasalxona eshigi oldida sarg‘aygan erkak, ayolni qarang! Ularni eshikma-eshik, yurishga nima majbur qildiykin? Farzandsizlik, bepushtlik! Ayolning ko‘zidagi intizorlikni siz tushunarmidingiz? Bolasotarlar buni tushunmaydi. Erkakning yuragidagi alamga tog‘ bardosh bermaydi. Siz esa ana shu bebaho, faqat Alloh munosib ko‘rganiga berguvchi ne’matni dunyo havaslariga almashib ketyapsiz?

Siz uchun nomusning, orning narxi qancha? Farzandidan voz kechgan nonko‘rlarni nima deyish mumkin? Men aniq bilamanki, ona deb bo‘lmaydi! Farzandini sotayotganlar Allohdan hayo qiling! Sizni o‘zining eng oliy ne’mati farzandli bo‘lishga munosib ko‘rgani uchun faqat shukur deng! Zinhor uni arzimagan chaqalarga sota ko‘rmang!

Saida IBODINOVA

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!