Karantindagi dunyo armiyasi: Qurolli Kuchlar koronavirusga qarshi qurolsizmi?

Karantindagi dunyo armiyasi: Qurolli Kuchlar koronavirusga qarshi qurolsizmi?

Tahlil

Ona sayyoramizdagi bugungi vaziyat haqida bexabar odam bo‘lmasa kerak. Shunday odam topilganda ham uni jamiyat zamona kishisi sifatida qabul qilolmasdi. Chunki koronavirus balosi birgina millat yo mamlakat yoki qit’aga emas, balki butun yer yuziga taalluqli muammoga aylanib ulgurdi. Ha, bugun dunyo ahli shu kasallikka qarshi kurashmoqda. Dunyoda hozircha yolg‘iz Xitoygina bu jangda g‘alaba qozongan davlat bo‘lib turibdi.

Xo‘sh, Xitoy koronavirusni qanday yengib o‘tdi? Bu kurashda armiyaning roli qanday bo‘ldi? Umuman, kasallikka qarshi kurashayotgan davlatlar armiyasi bu ko‘rinishdagi jangovar topshiriqni qay tarzda bajarmoqda? Quyida shular haqida o‘qiysiz. (Darvoqe, rasmiy Pekin koronavirusni Xitoyga amerikalik harbiylar olib kelgan, degan taxminni ilgari surgan edi).

Xitoyda boshlangan jangovar topshiriq

Xitoyning markaziy harbiy kengashi Uxan shahrida tarqalgan koronavirusga qarshi kurashga armiyani ham jalb etadi. (Shu tariqa dunyo armiyalari mana shu ko‘rinishdagi jangovar topshiriqqa birin-ketin jalb qilina boshladi). Uxanning pulmonologiya gospitali intensiv davolash bo‘limiga yuborilgan harbiy shifokorlar mahalliy shifokorlarga epidemiyaga qarshi kurashda katta yordam ko‘rsatdi. Shu tariqa Xitoy bu kasallikni yengib o‘tdi.

Hozirda Xitoy koronavirus vaksinasini ishlab chiqish ustida bosh qotirmoqda. E’tiborlisi, COVID-19 ga qarshi vaksina Xitoy Xalq Ozodlik armiyasi Harbiy tibbiyot akademiyasi olimlari (!) va mahalliy farmasevtika kompaniyalarining mutaxassislari tomonidan ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

Fransuz armiyasi «daxlsiz dushman»ga qarshi

Fransiyada ham vaziyat o‘ta jiddiy. Prezident Makron mamlakat fuqarolarining alohida sababsiz uyni tark etishini taqiqlovchi farmonni imzoladi. U maktab, do‘kon, kafe va muzeylar yopilishi yetarli chora bo‘lmaganini aytmoqda.

–Shifokorlar vaziyat naqadar jiddiyligi to‘g‘risida ogohlantirganiga qaramay, odamlar xiyobon, bozor va restoranlarda yig‘ilishda davom etib, hukumat farmoyishlarini inkor etmoqda, – dedi Makron 20 daqiqalik millatga telemurojaatida.

Fransuz armiyasi asosan bemorlarni shifoxonalarga tashish bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, mamlakatdagi vaziyat barqarorligini ta’minlashda ham armiyaga tayanilmoqda.

Afg‘onistonda qiziq bo‘lyapti

Shu kunga qadar tinchlik nimaligini bilmay kelayotgan afg‘onlar qiziq voqealarning guvohiga aylanyapti. Toliblar Afg‘oniston armiyasi ortidan koronavirusga qarshi kurashga qaratilgan chora-tadbirlarda faol ishtirok etmoqda.

«Tolibon»ga bo‘ysunuvchi hududlarda jangarilar tinch aholiga koronavirusga qarshi qanday kurashish bo‘yicha maslahatlar bitilgan varaqalar, sovun va tibbiyot niqoblarini tarqatmoqda. Hozirda «Tolibon» uyushmasi alohida diagnostika va davolash markazlarini tashkil etish va ishga tushirish maqsadida fondga mablag‘lar ajratish bo‘yicha ishlar olib bormoqda. Bundan tashqari, toliblar xalqaro tashkilotlarni ham koronavirusga qarshi kurashda hamkorlikka chorlagan.

Ta’kidlash joizki, 24 mart sanasidan buyon toliblar hech qanday jangovar yoki tajovuzkor harakatlarni amalga oshirgani yo‘q. Kim bilsin, Afg‘onistondagi tinchlik kelishuvi masalasida AQSh emas, balki koronavirus yordam berar.

Qozog‘istonda nima gap?

Qozog‘iston Qurolli Kuchlari dezinfeksiya tadbirlarini o‘tkazish uchun biologik himoya bo‘linmalarini tuzmoqda, polisiya esa favqulodda vaziyatda profilaktik chora-tadbirlarni olib borish va tartibni saqlashga ko‘maklashmoqda.

Mamlakatda 15 martdan 15 aprelga qadar favqulodda holat e’lon qilingan. 23 mart kuni Favqulodda vaziyatni nazorat qilish davlat qo‘mitasi uchrashuvida Prezident Qosim-Jomart Toqayev armiya va polisiyaga profilaktik choralarni amalga oshirish va jamoat tartibni saqlashga buyruq berdi.

Shundan so‘ng kasallik tarqalishiga qarshi profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish va tartibni saqlash maqsadida mamlakat bo‘ylab polisiya va harbiy patrullar joylashtirildi.

Ayni vaqtda Qozog‘iston Qurolli Kuchlari biologik himoya bo‘linmalarini safarbar etishga buyruq bergan. Ular individual zararsizlantirish to‘plamlari va dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan ta’minlangan bo‘lib, Qozog‘iston shaharlaridagi maktablar, bog‘chalar, tibbiyot muassasalari, savdo markazlari, bozorlar, masjidlar, temir yo‘l vokzallari, piyodalar yo‘lakchalari, bekatlar, xiyobonlar va maydonlarni tozalamoqda.

Harbiylar xorijda qolib ketgan qozog‘istonliklarni vataniga qaytarishga ko‘maklashmoqda. Qirg‘iziston, Saudiya Arabistoni va Quvaytda qolib ketgan 56 nafar qozoq fuqarosi 24-25 mart kunlari harbiy samolyotlarda Qozog‘istonga olib kelingan.

Shu bilan birga, mudofaa sohasida faoliyat yuritadigan «Kazaxstan injiniring» pudratchi korxonasi 25 mart kuni tibbiy muassasalarga 180 ta sun’iy nafas oldirish apparati yetkazib berilganini ma’lum qildi.

Germaniya armiyasi yordamga shay

Germaniya Qurolli Kuchlari – Bundesver epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, zarur choralarni ko‘rmoqda. Hozirda ular fuqarolik sohasiga yordam berishga tayyor ekanligini bildirmoqda. Bundesverning tibbiy bo‘limlarida 20 mingga yaqin qo‘shin bor. Hozirga qadar ular favqulotda vaziyat yuz bersa, yordam ko‘rsatish maqsadida 5 ta dala kasalxonasining «kuchini sinab ko‘rdi». Ushbu shifoxonalarda sun’iy nafas berish moslamalaridan intensiv terapiyaga muhtoj bo‘lgan og‘ir bemorlar uchun joy hozirlangan.

Oddiy vaziyat uchun bu yetarli, ammo ekstremal hollarda hozirlangan joylar soni kamligini Bundesver ham yaxshi anglab turibdi. Koronavirusning na millat, na elat va na kasb tanlamayotganini inobatga olib, nemis harbiylari hech bo‘lmasa o‘z-o‘zini joy bilan ta’minlash masalasini birinchi galda hal etishga kirishdi. Ya’ni, joylar ko‘paytirilmoqda. Ammo vaziyat o‘ta jiddiy tus oladigan bo‘lsa, harbiylar tomonidan aholiga ham tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishiga ishontirilmoqda.

Qurolli Kuchlar koronavirusga qarshi qurolsizmi?

Yana shu narsani alohida ta’kidlash joizki, koronavirusga qarshi kurashda o‘z davlatiga yordam berayotgan armiyalar ham xavfdan holi emas. Kasallik jangovar saflarga ham kirib borgan. U davlatlar Qurolli Kuchlariga-da tahdid solmoqda. Chunki Qurolli Kuchlar koronavirusga qarshi qurolsiz edi va dunyo armiyasidagi vaziyat kundan-kunga yomonlashmoqda.

Dunyo mamlakatlari armiyasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ko‘plab yuqori martabali harbiy xizmatchilar kasallikni yuqtirib olgan. Italiya, Gresiya, Eron, Misr armiyalari COVID-19 dan hayratda. Italiyada hatto 9 ta general kasallikka chalinib, karantinga olingan. Eron, Misr va Gresiya qo‘shinlarida o‘lim holati qayd etildi. Epidemiya Belgiyada joylashgan NATO shtab-kvartirasiga ham yetib bordi.

Hozircha dunyo armiyalari ichida eng ko‘p talafot ko‘rgani bu AQSh armiyasi bo‘lib turibdi. Boisi amerikalik harbiylar orasida koronavirusga chalinganlar soni boshqalarnikiga nisbatan ko‘proq. Tahlilchilarning fikricha, bu AQShni bir necha yil qo‘shma shtatlardan tashqari boshqa hududlarda jangovar amaliyot va mashg‘ulotlar olib borishdan cheklashi mumkin.

Nima bo‘lgan taqdirda ham armiya har bir davlatning tayanchi. U mamlakat taqdiriga daxl qiladigan har qanday xavfni bartaraf etishda eng oldingi saflarda bo‘ladi.

Islomjon QO‘CHQOROV, “Vatanparvar” gazetasi muxbiri.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!