Jinoyatga jazo muqarrar

Jinoyatga jazo muqarrar

Inson hayotda yaxshilikka intilib, yomonlikdan qaytib yashashga harakat qiladi. Hayot ezgulik bilan go‘zal. Ammo ba’zan ezgulikka yovuzlik ko‘lanka soladi.

Giyohvandlik vositalari savdosi og‘ir jinoyat bo‘lib, mamlakatimizda unga qo‘l urgan shaxslarga nisbatan keskin chora ko‘riladi. Agar bu takroran sodir etilgan bo‘lsa, qasddan ekanligi ochiq-oydin ko‘rinib turganligi uchun hech qanday sabab jazoni yengillashtirishga yordam bermaydi.

Odatda, ba’zi insonlar adashib, sodir etgan jinoyati uchun muayyan muddatga jazoni o‘tagach, uni yengillashtirishni so‘rab, murojaat qiladi. Chin dildan pushaymon bo‘lgan shaxsni jamiyat kechiradi. Bundan to‘g‘ri foydalangan odam esa, o‘z hayotini o‘nglab ham ketadi. Ammo…

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rilgan navbatdagi jinoyat ishi ham aynan giyohvandlik vositasi, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘ldi.

1972 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, millati o‘zbek, ma’lumoti o‘rta maxsus, oilali, 2 nafar farzandi bo‘lishiga qaramasdan, sudlanuvchi Murod (ism o‘zgartirilgan) muqaddam turli jinoiy qilmishi uchun 4 marta qamalib, tegishli jazo muddatini o‘tagan bo‘lsada, bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmadi.

“O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas” deganlaridek, Murod dastlabki tergov davomida aniqlash imkoni bo‘lmagan shaxsdan olgan 1,46 gramm “geroin” giyohvandlik vositasini mo‘may pul evaziga sotishni rejalashtirib, 2023 yil 6 aprel kuni soat 11:10 chamasida o‘zining boshqaruvidagi “Lada Largus” rusumli transport vositasi bilan Beruniy tumani Amir Temur ko‘chasiga keladi. Shu joyda jinoiy kelishuvga ko‘ra, uchrashishi lozim bo‘lgan xaridor (dastlabki tergov davomida xavfsizlik maqsadida shaxsi sir saqlanib, “J” taxallusi berilgan) tadbir ishtirokchisiga o‘zi bilan olib kelgan 4 dona qog‘ozga o‘ralgan sof vazni 0,29 (nol butun yuzdan yigirma to‘qqiz) gramm “geroin” giyohvandlik vositasini 2.000.000 so‘m evaziga sotayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlaridan qochadi.

U Beruniy tumani Amir Temur ko‘chasi bo‘yida transport vositasining boshqaruvini yo‘qotadi va sim yog‘ochga urildi. Shu payt huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlanadi. Uning avtotransporti ko‘zdan kechirilganida, haydovchi tomonidagi o‘rindiq ostidan “SPICHKA” deb yozilgan gugurt qutisi ichidan 4 (to‘rt) dona yaltiroq falga qog‘ozga va 1 (bir) dona oddiy chaqmoq daftar varag‘iga qadoqlangan sof vazni 0,99 (nol butun yuzdan to‘qson to‘qqiz) gramm miqdordagi “geroin” giyohvandlik vositasini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamasdan, qonunga xilof ravishda saqlab kelganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, Murodning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganida, uyning yotoqxonasidagi toshoynasi ustida turgan oq rangli daftar varag‘i ustida 4 (to‘rt) dona falga qog‘ozga o‘ralgan sof vazni 0,18 (nol butun yuzdan o‘n sakkiz) gramm miqdordagi “geroin” giyohvandlik vositasini saqlab kelganligi ma’lum bo‘ldi. Ochiq sud majlisida ushbu shaxsga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasining 5-qismi va 276-moddasi 2-qismining “a, b” bandlari bilan aybli deb topilib, Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tashlik uchun 10 (o‘n) yilu 6 (olti) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Ilgari ham sodir etgan jinoyati tufayli tergov va sud jarayonlaridan o‘tgan, sud tomonidan 2008 yilda o‘ta xavfli residivist deb topilgan Murodning bu safar ham suvdan quruq chiqishga urinishini oqlab bo‘lmaydi. Zora, bu shaxs jinoyatga jazo muqarrarligini endi tushunib yetsa.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!