«Ishdan bo‘shash nafaqasini olishga haqlimanmi?»

«Ishdan bo‘shash nafaqasini olishga haqlimanmi?»

— Bola parvarishlash ta’tilidan so‘ng bir yil o‘z xohishim bilan haq to‘lanmaydigan ta’til oldim. So‘ng yana o‘z istagimga ko‘ra ishdan bo‘shash uchun ariza yozdim. Aytingchi, ishdan bo‘shash nafaqasi beriladimi yoki ishdan bo‘shashda hisob-kitob qilinadimi?

Ismi sir tutildi

Murojaatga fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudi rais o‘rinbosari Gulchehra Opayeva javob berdi:
— Mehnat Kodeksining 109-moddasiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilingan quyidagi hollarda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanishi ko‘rsatib o‘tilgan. Ular:
• ish beruvchining tashabbusi bilan, xodim o‘zining mehnat vazifalarini bajarmaganligi sababli shartnomaning bekor qilinishi bundan mustasno;
• taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan, ushbu Kodeksning 106-moddasi 1 va 2-bandlarida nazarda tutilgan holatlarga binoan. Mehnat shartnomasi ushbu Kodeksning 106-moddasi 4-bandiga binoan bekor qilinganda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanadi, ishga qabul qilish yuzasidan belgilangan qoidalar xodimning aybi bilan buzilgan hollar (sudning muayyan lavozimni egallash yoki muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etish haqidagi hukmini yashirish, soxta hujjatlar taqdim etish va hokazo) bundan mustasno;
• xodim yangi mehnat shartlari asosida ishni davom ettirishni rad etganligi sababli (89-moddaning to‘rtinchi qismi).
Mehnat shartnomasi boshqa asoslarga binoan bekor qilinsa, Mehnat kodeksining 109-moddasi ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lanishini nazarda tutmaydi. Aynan:
• taraflarning kelishuviga ko‘ra;
• xodimning tashabbusi bilan;
• muddatli mehnat shartnomasining muddati tugashi munosabati bilan;
• mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra;
• yangi muddatga saylanmaganligi (tanlov bo‘yicha o‘tmaganligi) yoxud saylanishda (tanlovda) qatnashishni rad etganligi munosabati bilan.
Ushbu qonun talablaridan kelib chiqib, ushbu holatda ishdan bo‘shatish nafakasi to‘lanishi ko‘rsatib o‘tilmagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!