«Ilojsizlikdan shu yerlarda ishlayapmiz». Aqto‘be fojiasidan omon qolgan ikki o‘zbekistonlik ish izlab yana xorijga ketdi

«Ilojsizlikdan shu yerlarda ishlayapmiz». Aqto‘be fojiasidan omon qolgan ikki o‘zbekistonlik ish izlab yana xorijga ketdi

Bundan roppa-rosa ikki yil avval — 2018 yilning 18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida Chimkentdan Rossiyaning Qozon shahriga 54 o‘zbekistonlik mehnat muhojirini olib ketayotgan avtobus yonib ketgandi. Avtobus nosoz bo‘lgan, isitish tizimi mutlaqo ishlamagan, boz ustiga, avtobus egasida yo‘lovchi tashish uchun lisenziya ham bo‘lmagan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘inga avtobus salonida isinish uchun yoqilgan kavshar lampa sabab bo‘lgan. Avtobusning qandaydir 10—15 daqiqa ichida butunlay yonib ketishi esa lampa yoqilgan joyda bir necha kanistr benzin borligi bilan izohlanadi.

Keyinchalik avtobusning qozog‘istonlik uch haydovchisi besh yilga ozodlikdan mahrum qilindi; voqeadan so‘ng yashash joyidan qochib ketgan avtobus egasi oradan 10 oy o‘tib Toshkentdan topildi — unga nisbatan uch yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu gaplarning voqea oqibatida 52 o‘zbekistonlikning yonib ketgani oldida, albatta, sariq chaqalik ahamiyati yo‘q. Qozog‘istonlik ekspertlar halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar yong‘in vaqtida uyquda bo‘lgani va is gazidan halok bo‘lganini ta’kidlaydi — yong‘in payti odam uyqudan uyg‘ona olmaydi va hushiga kelmay vafot etadi.

Oilasini boqish, uy-joyini butlash, oila qurish va boshqa shu kabi odatiy o‘zbekcha maqsadlar bilan ishlagani Rossiya tomon yo‘lga chiqib, yarim yo‘lda yonib kulga aylangan o‘g‘lonlarning 16 nafari Farg‘ona viloyatidan, ikki nafari Andijon viloyatidan, ikki nafari Toshkent shahridan, bir nafari Surxondaryo viloyatidan edi. Fojiada eng ko‘p Namangan viloyati o‘z farzandlarini yo‘qotgan edi — 31 kishi. Ayni vaqtda, mo‘’jiza tufayli omon qolgan ikki o‘zbekistonlik ham aynan Namangan viloyatidan edi.

Fojiadan omon qolgan Ahror Isoqov va Isroil Mirzaahmedov 2018 yilning sentyabrida oxirgi marta intervyu bergandi. O‘shanda ularning ikkisi ham To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi (IES)da ishlayotgandi: biri brigadir, ikkinchisi temirchi.

O‘shanda Ahror 2018 yil 18 yanvarda ro‘y bergan hodisa tafsilotlari bilan bo‘lishgandi.

Rossiyaga muntazam qatnayman, qurilishda deyarli hamma ish qo‘limdan keladi. Bu gal Qozon shahridagi bir ob’ektni bitkazishga otlangandik. Men avtobusning old o‘rindig‘ida haydovchilar yonida o‘tirgandim. Yong‘in ro‘y bergan payt ko‘zim ilingan ekan. Kuchli shovqindan uyg‘onib ketdim. Avtobus alanga ichida qolgan, mening ham shimim yona boshlagandi. Jon holatda o‘zimni pastga otdim. Nima bo‘layotganini anglagan paytimda avtobus butkul o‘t ichida qolgandi.

O‘sha kunlari havo harorati o‘ta pasayib, avtobusning ichi muzlab ketgandi. Shuning uchun salon kavshar lampa bilan isitilgan. Avtobusdagi og‘zi ochiq besh litrli kanistrda benzin bo‘lgan. O‘sha kanistrdagi benzin alanga olib, butun avtobus o‘t ichida qolgan.

Yo‘lovchilarning hammasi avtobusning ikkinchi qavatida bo‘lgan. Eshiklar qulflanib qolgan, yong‘in chiqqanda hamma o‘zini orqa eshikka urgan. Avtobus eshiklari havo bilan yopilgani uchun hodisa payti ishdan chiqqan, orqa va o‘rta eshiklar qulflanib qolgan. Birinchi navbatda avtobusning orqa eshiklarini ochmoqchi bo‘ldik, iloji bo‘lmadi. Ikkinchi qavat oynasiga ikki-uch marta o‘t o‘chirish moslamasini otdim, avtobus haydovchisi ham urinib ko‘rdi. Ammo oynalar juda mustahkam bo‘lgani uchun sindirolmadik.

Bir soatlardan keyin shifokorlar, o‘t o‘chiruvchilar, polisiya keldi. Bu payt avtobus butunlay yonib bo‘lgandi.

Ahror Isoqov (2018 yil sentyabr)

Isroil Mirzaahmedovning qo‘shimcha qilishicha, uning avtobusda eshikka yaqin yerda bo‘lgani o‘z joniga oro kirgan. Shunda ham kuyish jarohatlari, shikastlanishlar bilan bir muddat shifoxonada davolanib chiqqan. U bunday fojiada omon qolganini Yaratganning marhamati deb hisoblashini aytgandi o‘shanda.

«Daryo» muxbiri Azizbek Abduvaliyev Aqto‘be fojiasiga ikki yil to‘lishi munosabati bilan Ahror Isoqov va Isroil Mirzaahmedov bilan uchrashish uchun To‘raqo‘rg‘on tumanida bo‘ldi. Ammo bu yigitlarni uydan topishning imkoni bo‘lmadi. Ular bir necha oy oldin ish izlab, xorijga jo‘nab ketgani ma’lum bo‘ldi. Ahror Rossiyaga, Isroil esa Qozog‘istonga yo‘l olgan. «Daryo» muxbiri ularning oila a’zolari  bilan uchrashdi, o‘zlari bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqotda bo‘ldi.

Ahror Isoqov: Jichcha qimmat bo‘lsa ham, samolyotda kelaveringlar

Ahror Isoqov 31 yoshda. U 80 yoshni qoralagan Ibrohim ota va 70 dan oshgan Tojixon ayaning besh o‘g‘il va ikki qizdan so‘ng tug‘ilgan kenja farzandi. Hozirda qishlog‘idagi bir necha yigitga brigadirlik qilib, Moskvadagi qurilish kompaniyasida ishlamoqda.

Hozir Moskvada, Talos kompaniyasida ishlayapman. Uylar, ofislar, sport ob’ektlari quramiz. 25 ga yaqin hamqishloq yigitlar bilan birga 2019 yil iyunida kelgandik. Samolyotda keldik — samolyotda qatnagan yaxshi ekan. Sheriklar «balki boshqa transportda borarmiz» deganida ham, «jichcha qimmat bo‘lsa ham, samolyotda kelaveringlar», dedim.

Ish joyimizdagi sharoitlardan nolish yo‘q — yotoq, issiq ovqat bilan ta’minlanganmiz. Yigitlar uyga har oy 500—600 dollar pul jo‘natib turibdi. Ha, To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi qurilishida brigadir bo‘lib, 4 million so‘m maosh olib ishlayotgandim, ammo u yerda ish tugay deb qolgandi.

Ahror Isoqov

Ahror Isoqov 1,5 yil avval bergan intervyusida shunday ish va maosh bo‘lib tursa, issiq o‘rnini sovutib Rossiyaga ketishiga hojat yo‘qligini aytgandi. Ota-onasi ham uni endi hech qayerga qo‘yib yubormaslikka qaror qilgandi. Ish borasidagi mavhumlikdan so‘ng, u yana Rossiyaga yo‘l olgan.

Olti-etti nafar brigadir edik, shundan uch-to‘rt nafarini olib qolib, qolganiga javob beramiz, degandek gap bo‘layotgandi. Shuning uchun, «ertaga javob berib yuborsa, yana ishsiz qolib ketmay» deb, buyoqda ish chiqib qolgandi — kelaverdik-da. Uydagilarga ham tushuntirdim, ishlab kelmasam bo‘lmaydi, deb. Xudoga shukr, otamni ham Hajga jo‘natdik.

Ahror Isoqov

Aqto‘be fojiasidan keyin bergan ilk intervyusida Ahror Isoqov Tashkent City’da ishlash niyati borligini ma’lum qilgandi. Uning bu istagi yaqin orada amalga oshishi ham mumkin.

IES qurilishida birga ishlagan turk firmasi rahbarlari Tashkent City’dan ham ob’ekt olibdi, «Shu yerga kelasan, birga ishlaymiz», deyapti. Nasib qilsa, balki, yaqin orada O‘zbekistonga qaytib ham qolarmiz. Hokimiyatga borib, «menga ish topib ber» deyish, to‘g‘risi, sal hijolatli. Lekin qayerda bo‘lsa ham, ishimni ko‘rsatib, ishlay olaman.

Ahror Isoqov

Aslida Ahror uchun yurtiga qaytishga yana bir arzigulik sabab bor. 30 dan oshganida ilk farzand — o‘g‘illi bo‘ldi. Unga yaxshi niyatlar bilan Imronbek deb ism qo‘yishdi.

Isroil Mirzaahmedov: O‘zimga qolsa, hoziroq oilam bag‘riga qaytib ketardim. Lekin buning iloji yo‘q

39 yoshli Isroil Mirzaahmedov oilada katta o‘g‘il hisoblanadi. U ota uyida ikki ukasi va ularning oilalari bilan yashagan. 2019 yilning boshida ko‘p qavatli uyning 4-qavatidan ipoteka kreditiga 2 xonali kvartira olgan. Isroilning turmush o‘rtog‘i Matlubaxon Mirzaahmedovaning so‘zlariga ko‘ra, 87 million so‘mga baholangan 2 xonali kvartirani 10 million so‘m boshlang‘ich to‘lov bilan 20 yillik ipoteka asosida olishgan. Hozirda oila uy uchun har oy 550 ming so‘m to‘lov qiladi.

Isroil ishlash uchun yana Rossiyaga borishga qaror qilgan, ammo deportasiya qilingani tufayli Rossiyaga kirolmagan.

Aslida yana Rossiyaga ketmoqchi edim, deportasiyam bo‘lgani uchun majburlikdan Qozog‘istonga keldim. Qachon, qanday qilib deportasiyaga tushib qolganimni o‘zim ham aniq bilmayman. Oxirgi marta 2016 yil fevralida Rossiyaga borganman, orada Qozog‘istonga chiqib-kirib yurdim. 2018 yil yanvarida Rossiyaga ketayotganimda nima bo‘lganini bilasiz.

O‘zbekistonga qaytgach, IESda besh-olti oy ishladim. Qarasam, oylik juda past, 1,5 million so‘m maosh ro‘zg‘orga yetmayotgandi. Boz ustiga, kreditga namunali uy olganman — har oy 550 ming so‘m atrofida to‘lov qilish kerak. Shunday qilib, yana Rossiyaga borishga harakat qilib, taksida yo‘lga chiqdim. Rossiya chegarasida «deportasiya qilingan ekansan», deb qaytarib yuborishdi.

Hozir Qarag‘anda (Qozog‘iston)dagi un zavodida 400 dollarga yaqin maosh olib ishlayapman, 300 dollarini uyga jo‘nataman. To‘rt farzandim bor — qizlarim katta bo‘lyapti, hademay ularni turmushga berish, o‘g‘ilchalarni esa o‘qitish kerak. Agar O‘zbekistonda ham 300—400 dollar maoshlik ish bo‘lganida edi, hech qayerga ketmay, o‘zimizda ishlardim, afsuski, bizda bunaqa maosh yo‘q.

Hali ham o‘sha kunlarni eslasam yuragim orqasiga tortib ketadi. «Nega shu yerlarga yana keldim?» deb o‘ylab qolaman. O‘zi o‘sha safarga qishloqdan to‘rt kishi otlangandik. Fojiada yonimdagi o‘rindiqda o‘tirgan eng yaqin o‘rtog‘im Komiljon ham omon qolmadi. Shular yodimga tushib, siqilaman, ko‘zimga yosh keladi. Lekin nima qilasiz, tirikchilik ekanda...

Isroil Mirzaahmedov

Shu yerda ishlasangiz bo‘lmaydimi deb xo‘jayinimga aytdim. Ammo iloji bo‘lmadi. Bu yerda oyliklari 1,5 million so‘m edi. Uy to‘lovi va bir etak farzandlar bilan umuman to‘play olmadik. «Ikki xonali uy bilan qizlarimizni chiqara olmaymiz, o‘g‘illarimizni uylantira olmaymiz», dedik-da, «uy-joy qilamiz, hovli olmasak bo‘lmaydi», dedilar. Yaxshi bo‘lsin deb rozi bo‘ldim.

Matluba Mirzaahmedova

Isroil may oyiga qadar Qozog‘istonda ishlab turmoqchi. Keyin esa yana Rossiyaga ketishni niyat qilgan.

Hozir ishlab olmasam, hash-pash deguncha umr o‘tib ketadi. Ikki xonali uyda qolib ketmasmiz — hovli-joy qilish niyatimiz bor. Bu yerda ham ish oson bo‘layotgani yo‘q. Un chiqaramiz, yuklaymiz. Bir kunda bir odamning ustida 30—35 tonna yuk o‘tib ketadi...

Qarag‘andaga avtobusda keldim, xuddi 2018 yil yanvarida yonib ketgan avtobusdek avtobusda, chunki samolyot va poyezd qimmat, shundan boshqa avtobus yo‘q. Boshqa vatandoshlar ham shunday kelyapti, iloji yo‘q, hamma masala borib pulga taqaladi.

Bu yerlarda ilojsizlikdan kelib ishlayapman. Men ham farzandlarimni sog‘inaman. O‘zimga qolsa, hoziroq ona yurtimga, oilam bag‘riga qaytib ketardim. Lekin buning iloji yo‘q — qaytib ketsam, kredit va ovqatga pulni qayerdan olaman, kim beradi? Bersa ham qarzga beradimi — bir kun o‘tmay qaytar deb so‘rab chiqadi. Bu narsalar menga yoqmaydi, yoqmaganligi uchun ham shu yerlarda ishlab yuribman.

Isroil Mirzaahmedov

Ahror Isoqov va Isroil Mirzaahmedov bilan uyushtirilgan bir yarim yil avvalgi intervyu-reportaj shunday so‘zlar bilan yakunlangan edi: «Ularning ko‘nglini xotirjam qiladigan holat shuki, erta-indin To‘raqo‘rg‘onda yana bir gigant korxona — Hyundai zavodi qurilishi boshlanadi...». Bunda ular IES qurilishi yakuniga yetganidan keyin ham ishsiz qolmasligi, hududda yaxshi maosh to‘lanadigan munosib ish o‘rinlari yaratilishiga bir mujda bor edi. Baxtga qarshi, 2018 yil noyabrida tamal toshi qo‘yilgan, 2019 yil aprelida qurilishi boshlangan (tamal toshi qo‘yishning o‘zi qurilishning boshlanishini anglatmaydimi, deging keladi) birgina avtozavod loyihasi bilan (u ham chalajon bo‘lsa, urdi Xudo!) bu muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Hal qilib bo‘lmaganini dahshatli fojiadan so‘ng ham oila boqish, orzu-havaslarga yetish niyati bilan yana sovuq o‘lkalarga jo‘nab ketgan Ahror va Isroil hikoyalari isbotlab turibdi.

Azizbek Abduvaliyev suhbatlashdi, Dilshod Sharipov nashrga tayyorladi

Manba: daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!