“Humo arena”ning tantanali ochilish marosimi bugun 17:00 da boshlanadi

“Humo arena”ning tantanali ochilish marosimi bugun 17:00 da boshlanadi

Bugun o‘zbek sporti muxlislari orziqib kutgan kun yetib keldi. Gap shundaki, yana birozdan so‘ng poytaxtimizdagi Afrosiyob va Beshyog‘och ko‘chalari tutashgan joyda Humo arena muz saroyining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Bugun ushbu tarixiy voqelik avvalidan rasmiy matbuot-anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ushbu anjuman 2 qismdan iborat bo‘lib, dastlabki qismida o‘zbek sporti mutasaddilari jurnalistlar va yig‘ilgan mehmonlarning qiziqtirgan savollariga javob berishdi. Unda O‘zbekiston MOQ nomidan tashkilot Bosh kotibi Jasur Matchanov ishtirok etdi.

Xokkey bizda avvaldan rivojlangan. Biroq so‘nggi yillar xokkey va boshqa bir qator qishki sport turlari biroz e’tiborimizdan chiqib qolgandek edi. Qishki sport turlaridan xalqaro maydondagi natijalarimiz maqtanarli bo‘lmasligiga sabab shug‘ullanish uchun yetarli sharoit bo‘lmagan. Qolaversa, qish o‘lkamizda 2 oy davom etadi. Humo arena foydalanishga topshirilgach, yilning istalgan vaqtida qishki sport turlari bilan shug‘ullanish uchun sharoit bo‘ladi , deydi Jasur Matchanov.

Shuningdek, anjumanning ikkinchi qismida muz saroyining tantanali ochilish marosimiga taklif qilingan jahon sportning yulduzlari ishtirok etishdi. Ular orasida Aleksandr Yakushev, Vitaliy Proxorov kabi xokkey yulduzlari, muz ustida nafis uchish bo‘yicha Olimpiada chempioni Tatyana Navkadek faxriylarni misol tariqasida keltirib o‘tishimiz mumkin.

Humo arena ning ochilishi, aminmanki, O‘zbekistonda xokkey va qishki sport turlari taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadi. Bunday zamonaviy sport inshootida shug‘ullanadigan har qanday yoshlar kelajakda yetuk sportchi bo‘lib yetishishiga ishonaman. Chunki u yerdagi sharoitlarni har yerda ham uchratavermaymiz , deydi Aleksandr Yakushev.

Humo arena ning tantanali ochilish marosimi bugun 17:00 da boshlanadi. Mazkur tadbirni yoritish uchun 300 dan ziyod mahalliy va xorijiy OAV ishtirok etishadi.

xs.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!